Janubiy Koreyadagi yong'inda o'zbekistonlik halok bo'lgan


11 fevral kuni Janubiy Koreyaning Yosu shahridagi immigratsiya markazida yong’in sodir bo’lgan.

Baxtsiz hodisa natijasida 9 kishi halok bo’lgan, 19 nafari og’ir jarohat olgani borasida xabarlar bor.

Mahalliy matbuotga ko'ra, halok bo’lganlardan biri O’zbekiston fuqarosi.

Yong’in Yosu shahar immigratsiya markazida erta tong ro’y bergan. Markazda hujjati bo’lmagan va noqonuniy ishchi deb hisoblangan 55 nafar muhojir vaqtinchalik ushlab turilgan. Ulardan 42 nafari xitoylik, ikkisi o’zbekistonlik va qozog’istonlik, shuningdek bir nafardan eronlik, rossiyalik, hindistonlik hamda qirg’izistonlik noqonuniy muhojirlar bo’lgan.

Marhum o’zbekistonlikning ismi Erkin, 47 yoshlarda bo’lgan. Ismini oshkor etishni istamagan, biroq Koreyada uch yildan beri mehnat qilayotgan yana bir o'zbekistonlikning bildirishicha, Janubiy Koreya hukumati muhojirlarning maqomiga qaramay yordam ko’rsatishga tayyor.

"Ularga albatta yordam beriladi. Oila a'zolariga xabar beriladi. Mahalliy hukumat buni o'z holiga tashlab qo'ymaydi. Shifoxonada yotgan muhojirlar qonuniymi, noqonuniymi farqi yo'q qaysi joyda avval ishlagan bo'lsa, o'sha ish joyi uning tiklanish harajatlarini qoplaydi. Davolanib ketguniga qadar oylik maoshidan 70 foizi to'lanib turiladi."

Kuyish oqibatida jarohat olgan yana bir o’zbekistonlikning ahvoli og’ir deb baholanmoqda. Uning kimligi borasida ma’lumotlar yo’q.

Manbalarga ko’ra, ayni damda Janubiya Koreyada O'zbekistondan 15 mingga yaqin qonuniy va besh ming nafar noqonuniy ishchi bor.

XS
SM
MD
LG