Rossiyada o'zbekistonlik ishchi migrantlar tahqirlanmoqda


O’zbekistondagi iqtisodiy nochorlikdan Rossiyaga ishlagani borgan o’zbekistonliklar mahalliy rus shovinistlari tomonidan tahqirlanmoqda.

O`tgan yakshanba kuni Sankt-Peterburg shahrida o`zbekistonlik ikki nafar muhojirga qilingan hujum tufayli 34 yoshli Naimov halok bo`lgan, ikkinchi jabr-diyda esa o`ta og’ir jarohatlar bilan shifoxonaga joylashtirilgan.

Bundan sal avval Moskva shahrida farrosh bo`lib ishlayotgan Zuhriddin Ravshanovning jasadi topilgan edi. Fevral oyining boshlarida yana bir o`zbekistonlik xuddi shu tariqa o`ldirib ketilgan edi. Ularning barchasi pichoqlash natijasida o`lgan.

Hozirgacha qancha o`zbekistonlikning rus millatchilari qurboniga aylangani haqida aniq hisob yo’q. Bu muammo bilan O`zbekistonda hech kim shug’ullanamaydi, qurbonlarga ko`mak beruvchi tashkilotning o`zi ham yo’q.

O`zbekistonning Moskvadagi elchixonasi bu kabi muammolardan o`zini uzoq tutadi.

Rossiyadan qaytgan muhojirlardan biriga ko`ra, u hali O`zbekiston elchixonasining birorta o`zbekistonlikka yordam bergani haqida eshitmagan.

O`zbekiston Mehnat vazirligi faqatgina vazirlik bilan shartoma tuzib ketgan fuqarolar ijtimoiy himoyasi uchun javob berishini bildiradi.

O’zbekistonlik jurnalistlarga ko`ra, mehnat muhojirlariga oid muammolar o`zbek matbuotidagi ta`qiqlangan mavzulardan biri hisoblanadi.

“Ezgulik” inson huquqlari jamiayatining a`zosi, jurnalist Abdurahmon Tashanovning aytishicha, bu muammolarni, jumladan o`zbeklarning boshqa yurtlarda non izlab yurganini, nochorlikka uchrayotganini yoritgan jurnalistlarning o`zlari ishsiz qolishi mumkin.

Tashanov fikricha, Rossiyada millatchilar qurboni bo`lgan o`zbeklar ko`p, bu haqda ko`plab ma’lumotlar mavjud.

“Agar biror oila shunday mash`um xabar oladigan bo`lsa, ularga yordam beradigan birorta tashkilot yo’q, barcha og’irlik shundoq ham zo`rg`a kun ko`radigan mardikorning qarindoshlari zimmasiga tushadi, ular xarajat qilib marhumni olib kelib, dafn qilish hollari ko`p”, - deydi Tashanov.

Abdurahmon Tashanovning aytishicha, bunday fojeaga yo’liqayotgan muhojirlar soni haqida aniq ma`lumot yo’q.

Rossiyadagi muhojirlar taqdiri, ularning ijtimoiy ahvolini kuzatgan huquq himoyachisi Komiljon Ashurov fikriga ko`ra, muhojirlikka ketayotganlar soni oshib bormoqda. Hozir Rossiyada qolib ketish hollari ham ko`paymoqda. Asosiy sabab O`zbekistondagi og’ir iqtisodiy sharoit, ishsizlik ko`payayotgani.

Rossiyada shovinistik kayfiyatni targ`ib qiluvchi ma`lum guruhlar bor, deydi u.

“Hozir “Svoi”, “O`zimiznikilar” degan bir ijtimoiy guruh chiqqan. Bozorlarda yurib slavyan millatiga mansub bo`lmagan odamlarni tekshiradi, ushlaydi. Eng yomoni bu Rossiya prezidentining o`zi tomonidan qo`llab-quvvatlanmoqda. Bunday guruhlarga saviyasi past, millatchi odamlar tushib qolsa, nima bo`ladi? Bu juda xavotirli hol”, - deydi Ashurov.

Kuzatuvchilar mintaqaning eng qashshoq xalqiga aylangan o`zbeklar o`z hayotlarini xafv ostiga qo`yib bo`lsada, tirikchilik qilish muhojirlikka ketishga majbur, deydi.

Ularning ta’kidlashicha, rasmiy Toshkentning taraqqiyot haqidagi bong urishlari soxta raqamlarga asoslangan, shu bois ham hukumat millionlab ishsiz muhojirlar mavjudligini, ular muammosini tan olmaydi.

O`zbekiston aholisining ko`pchilik qismi hukumat yordamida emas, aynan turli davlatlarga tarqalgan muhojirlar ter to’kib topgan pul evaziga tirikchilik qilayotgani ta’kidlanadi.

XS
SM
MD
LG