Ruslan Chagayevning jang kuni va joyi 23 fevralda aniqlanadi


Professional boks bo’yicha og’ir vaznlilar ichida chempionlikka da’vogar bo’lgan o’zbekistonlik Ruslan Chagayev chempionlik kamari uchun jahon chempioni rossiyalik Nikolay Valuyevga qarshi 14 aprelgacha ringga chiqishi kutilmoqda. Jang kuni va joyi 23 fevral kuni aniqlanadi.

Ikkala bokschining vakillari jangning qayerda va qachon o’tishiga kelisha olmagach, Jahon Boks Uyushmasi, ya’ni VBA jangni auksionga chiqarishga qaror qilgan. Ya’ni 23 fevral kuni Panamada qaysi tomon ko’p pul taklif etsa, jangni uyushtirish, uni reklama qilish va translyatsiya bo’yicha kelishish huquqi ham o’sha tomonga nasib etadi. Ushbu auksionda har bir yurish kamida bir million dollarga teng bo’ladi.

Professional boksda jangning qayerda o’tishi juda muhim. Bu mezbonga ruhiy ustunlik bag’ishlaydi. Bundan tashqari jang durang bilan yakunlanadigan bo’lsa ba’zi hollarda hakamlar mezbonga yon bosishi mumkin. Valuyev rossiyalik, Chagayev o’zbekistonlik bo’lishiga qaramay, har ikkisi ham Germaniyadagi professional boks klublari sharafini himoya qiladi. Ayrim manbalarga ko’ra, Valuyev jangni Moskvada o’tkazilishiga harakat qilgan, biroq Chagayev vakillari bunga qarshi chiqqan.

Sobiq jahon chempioni Artur Grigoryanning aytishicha, jang betaraf maydonda, ya’ni Germaniyada o’tkazilishi kerak.

"Menga O’zbekistondan bir necha bor telefon qilishib, jangning Moskvaga belgilanmasligi uchun barcha imkoniyatni ishga solishni so’rashdi. O’zbekiston hukumati Chagayevni ruhan ham, moliyaviy tarafdan ham qo’llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi."

Artur Grigoriyanning aytishicha, O’zbekistonda jangning Toshkentda o’tkazilishiga ham qiziqish bo’lgan. Buroq buni endi 23 fevraldagi auksion hal qiladi. Ayrim manbalarga ko’ra, Chagayev-Valuyev jangiga qo’yilayotgan mukofot puli bir necha million dollarni tashkil qilishi mumkin. Shunga qaramay ko’plab taniqli chempionlar voyaga yetgan AQShda bu jangga qiziqish katta emas. Bunga sabab hech bir bokschining amerikalik bo’lmaganidadir. Umuman so’nggi bir necha yil ichida og’ir vaznlilar shohsupasidan amerikalik chempionlar siqib chiqarilgan. Ularning o’rniga sobiq Sovet Ittifoqidan chiqqan professional bokschilar ko’tarilmoqda.

“Oq Tayson” laqabini olgan va shu paytgacha bironta jangda mag’lub bo’lmagan Ruslan Chagayev g’olib chiqgudek bo’lsa, u eng nufuzli hisoblangan og’ir vaznlilar orasidagi ilk o’zbekistonlik jahon chempioni bo’ladi. Professional bokschilar o’rtasida hozircha yagona o’zbekistonlik jahon chempioni Artur Grigoryan Ruslanning yutishiga shubha qilmaydi.

"Ruslan yosh, tez harakatlanuvchi boksyor. Uning zarbasi ancha kuchli. Texnikasi yaxshi. Menimcha, uning yutish uchun imkoniyiati 60-70 foiz atrofida."

33 yoshli Nikolay Valuyevning bo’yi 2 metrdan baland. Shu paytgacha 46 jang o’tkazgan. Barchasida g’alaba qozongan. 34 tasini nokaut bilan yakunlagan. Biroq shu paytgacha bironta jiddiy bokschi bilan ringga tushmagan. Mutaxassislar fikricha, Ruslan Chagayev uning birinchi jiddiy raqibi. Chagayevning yoshi 28 da. Bo’yi 1.85 atrofida. 23 jangning 22 tasida g’alaba qozongan. Bittasi durang bilan tugagan. Amerikalik boks mutaxassislari Ruslanni so’nggi paytdagi eng kuchli da’vogarlardan hisoblaydi.

Eslatib o’tamiz, yana bir o’zbekistonlik professional bokschi, Yaponiyada istiqomat qilayotgan Farhod Bakirov 27 fevral kuni Kiyevda Jahon Boks Uyushmasining 66 kilogram vaznlilar orasida qit’alararo chempioni ukrainalik Yuriy Nujnenkoga qarshi ringga tushadi. Bakirov 26 jangda hali biron marta yutqazmagan. Jangni tomosha qilish uchun Kiyevga sobiq jahon chempioni, afsonaviy Kostya Tzyu ham buyuradi.

XS
SM
MD
LG