Qirg'iziston ertangi kun xavotirida, ammo huquqini anglab yetmoqda


Xalqaro tashkilotlar ma’lumotiga ko’ra, Qirg’izistonda inson huquqlari bilan bog’liq vaziyat qo’shni davlatlarga qaraganda ancha yaxshi.

Siyosiy erkinlik biroz qanot yozayotgan bo’lsa-da, oilada xotin-qizlarga nisbatan zo’ravonlik Qirg’izistonda hali ham katta muammo.

Ramazon Dirildayevning aytishicha, Qirg’izistonda fuqaro jamiyati tomon siljish bor. Biroq qonun-tartibot va adliya tizimida adolat yo’q, qonun ustuvorligi ta’minlanmagan. Qamoqxonalarda mahbuslar qiynoqqa solinadi.

“Mamlakatda nohukumat, fuqaro huquqlari bilan shug’ullanuvchi ko’plab muassasalar mavjud. Bu tashkilotlar jamiyat taraqqiyotiga hissa qo’shmoqda”.

Lekin xotin-qizlar tahqirlanishini oldini olish qiyin kechmoqda. O’tgan yili Jalolobodda bir ayol militsiya boshlig’i tomonidan shu qadar kaltaklanganki, homilasidan ayrilgan. Militsiya bu ayolni jinni deb ruhiy kasalxonaga olib borgan.

“Qirg’izistonda bunday noxush hollarga qarshi kurashuvchi guruhlar bor, biroq jamiyatda ayollarning o’zi faollashmas ekan”,- deydi Ramazon Dirildayev, “masala og’irlicha qolaveradi”.

“Siyosiy maydonda xotin-qizlar kam. Ko’p xotin olish hollari kuzatilmoqda. Yosh qizlarni turmushga berish odat tusiga kirgan. Ayollar jamoat joylarida jinsiy tahqirlanadi. Zo’ravonlikka uchraydi."

Qirg’izistonda O’zbekistondan borgan qochqinlarga nisbatan munosabat ham salbiy.

Xalqaro tashkilotlarning, hatto BMT qochqinlar idorasi talabiga qaramasdan, rasmiy Bishkek ayrim o’zbekistonliklarni vataniga qaytargan.

Ular orasida O’zbekistonda ektremizmda ayblanganlar, jumladan Andijon voqealarida shubha qilinganlar ham bor edi. Huquq faollari bu qochqinlar vatanda qiynoqqa solinadi va aybsiz qamaladi deya tashvish bildirgan. Ramazon Dirildayevning aytishicha, Qirg’iziston hukumati o’ylab ish ko’rmadi.

"Bir tomondan O’zbekiston, qochqinlarni qaytar, deb bosim o’tkazdi. Ikkinchi tomondan Xitoy va Rossiya yetakchiligidagi Shanxay Hamkorlik Tashkiloti a’zolik shart va majburiyatlarini ro’kach qildi. Boshqa tomondan Yevropa Ittifoqi, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, narigi tomondan esa AQSh qochqinlarni qaytarma deb talab qila boshladi".

Yana necha o'zbekistonlik norasmiy holda qaytarilgani noma’lum. O’zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati xodimlari ham ko’plab o’zbekistonliklarni tutib olib ketgan, deydi huquq faoli Ramazon Dirildayev.

Ham xalqaro, ham Qirg’iziston, ham O’zbekiston qonunlariga binoan har bir shaxs, aybdormi-aybsizmi, huquqiy himoya bilan ta’minlanishi lozim.

Biroq hukumatlar bu haqiqatga ko’z yumadi, ular uchun xalqaro majburiyatlar bir tiyin, deydi Ramazon Dirildayev. Masalan, Xitoy zulmidan qochgan uyg’urlar taqdiri ham shu tariqa hal etilmoqda. Bu axir juda dolzarb masala, deydi faol.

“Uyg’urlar Markaziy Osiyo xalqlariga qardosh millat. Nega ular huquqi uchun gapira olmaymiz? Karimov, Nazarboyev kabi liderlar Xitoy bilan shartnomalar imzolab, butun Markaziy Osiyoni uning qo’liga topshirmoqda. Xitoy bizni shu tariqa asta bosib olishi hech gap emas. Hozir Qirg’izistonda 500 ming xitoylik bor. Besh yil ichida ular besh millionga chiqar... Unda Qirg’iziston yo’q bo’ladi",- deydi Dirildayev.

Ayrim ziyolilar nazarida fuqaro erkinligi mintaqa erkinligi. Huquqni oyoq osti qilish bora-bora butun boshli jamiyatlarni o’z huquqlaridan mahrum qiladi.

Markaziy Osiyo bilan yaqindan tanish, siyosatshunos, yaqinda mintaqadan qaytgan amerikalik olim Gregori Glizon (Gregory Gleason) fikricha G’arb Markaziy Osiyoga qonun ustuvorligi va islohotlar haqida gapiradi.

Lekin bu omillarga, xalqaro qonun va majburiyatlarga amal qilmagan jamiyat yemirila boshlashi va bu oxir-oqibatda hukumatlarga qimmatga tushishi mumkinligi haqida yetarlicha nasihat qilmaydi, deydi professor Gregory Glizon.

Qirg’iziston Inson Huquqlari Qo’mitasi raisi Ramazon Dirildayev fikricha Qirg’iziston ancha uyg’ona boshlagan. Qirg’iziston mustaqillikning ilk yillarida demokratiya mazasini oz bo’lsa-da totishga ulgurgan.

O’tgan yillarda mamlakatda yuz bergan siyosiy o’zgarishlar, ular oqibati va tahlili odamlarni huquq, qonun va fuqaro jamiyati kabi tushunchalar haqida o’ylata boshlagan. Ertangi kunga nisbatan qo’rqinch va xavotir bor; jamiyatda jinoyat kengaymoqda, korrupsiya turmushimizning har bir jabhasida kuzatiladi, ammo oddiy odamlar huquqini anglab yetmoqda, buni tan olish kerak, deydi qirg’iz huquq faoli.

Dirildayev Qirg’izistonda ancha munozara va bahslarga sababchi bo’lgan faollardan. O’z paytida ham siyosatchilar, ham jamoatchilik tanqidiga uchragan.

“Menga nisbatan yoqqan har qanday ayblov va tanqidga tik qarayman va faol bo’lganim sabab ham nishonga olinayotganimni yaxshi bilaman”,- deydi Qirg’iziston Inson Huquqlari Qo’mitasi raisi.

XS
SM
MD
LG