Breaking News

O'zbekiston Eron masalasida Kreml bilan hamfikr


O’zbekistondagi siyosatshunos-olimlar nazarida yaqingacha O`zbekiston-Eron munosabatlarida aniq bir yo`nalish ko`zga tashlanmagan, biroq keyingi yillarda tomonlar ancha yaqinlashgan.

20 fevral kuni Tehronda hukumatlararo komissiya vakillari ishtirokida o`tgan yi`gilishda 2006 yilda tovar va savdo aloqalari 42 foizga oshgani qayd etilib, hamkorlikni yuqori texnologik sohalar hisobiga kengaytirishga kelishib olingan.

Ma`lumotlarga ko`ra, yaqin kunlarda O`zbekiston rasmiylarining Eronga tashrifi ham muhokama qilinmoqda.

Shu paytgacha Toshkent Eron yadro dasturi bo’yicha mojaroga aniq munosabat bildirmay kelmoqda.

Siyosatshunoslar O`zbekiston-Eron aloqalaridagi so`nggi siljishlar O’zbekiston-Rossiya munosabatalarining yaqinlashishi bilan bevosita bog’liq deb hisoblaydi. Rasmiy Toshkentning bu boradagi munosabati, deydi ular, Kreml pozitsiyasidan farq qilmaydi.

O`zbekiston televideniyesining siyosiy sharhlovchisi Tursunboy Qoratoyev fikricha, O`zbekistonning Eron bilan aloqalari hamisha bir maromda kechgan.

“Bu narsa biz mustaqilikka erishgandan beri bir tekisda rivojlanib kelmoqda. Bir- birini tushinish bor”, - deydi u.

Mahalliy ekspertlardan biri Toshp`olat Yo`ldoshev ta’biricha, Eron bilan munosabatlar tashqi siyosatdagi yangi burilishlar hisobiga rivojlanmoqda.

“O`zbekiston hukumati qaysi davlat AQShga qarshi bo`lsa, o’sha bilan munosabatalarni rivojlantirishni maqsad qilayapti. Eron bilan munosabatlar ham xuddi shunday siyosiy maqsadlarni ko`zda tutadi. Shuningdek, Eron bilan iqtisodiy hamkorlik, investitsiyalarni jalb etish, Fors ko`rfaziga avtomobil yo`llarini ochish maqsadlari ham yotadi”, - deydi u.

Markaziy Osiyo mintaqasi yadroviy qurolidan xoli hudud sifatida e`lon qilingan.

Eronning yadroviy dasturiga oid mojarolar mintaqa xavfsizligiga qanday ta’sir qiladi va bu borada qanday munosbatalarni kutish mumkin?

Siyosatshunos Tursunboy Qoratoyev mintaqani yadro qurolidan xoli hudud sifatida e`lon qilishdan maqsad aniq, biroq Eronning yadro dasturi o`z-o`zini himoyalashga qaratilganini ham nazarda tutish kerak, deydi.

“Bir tomondan Isroil, ikkinchi tomondan AQSh tahdid solayotgani uchun ham shunga majburmiz, deydi ular. Eronni tushunish kerak. Keyin, nima uchun Hindiston, Pokiston yadro quroliga egalik qilganida ko`z yumilgan? Isroil ham yadro quroli ustida ishlamoqda. Nima uchun AQSh yadro quroliga egalik qiluvchi mamlakatlar doirasi oshib borayotganda bunchalik prinsipial turmagan edi? Nimaga Eronga bunday munosabat qilayapti? Agar Eron shu doiraga kirsa va AQSh kuch ishlatadigan bo`lsa , aminmanki, O`zbekiston buni qoralab chiqadi”, - deydi Qoratoyev.

Toshpo`lat Yo`ldoshev fikriga ko`ra, Eroning yadro quroliga ega bo`lishi nafaqat mintaqa, balki butun dunyo uchun xavf kasb etishi mumkin.

“Eronga o`xshagan davlat yadro quroliga ega bo`lib qolsa, bu Qozog`istonning ham, O`zbekistonning ham manafaatlariga to`g’ri kelmaydi. Bu mintaqa tinchligini buzadi. Eron atom quroliga ega bo`lib qolsa, nafaqat mintaqa, balki jahon tinchligiga ham xavf tug’iladi. O`zini tutolmaydigan siyosatchilardan har narsani kutish mumkin”, - deydi Yo`ldoshev.

XS
SM
MD
LG