Breaking News

Eron xalqaro qarshilikka qaramasdan uranni boyitishda davom etadi


Atom energiyasi bo’yicha xalqaro agentlik Eron yadro dasturi yuzasidan hisobot e’lon qildi. Unda aytilishicha, BMT Xavfsizlik Kengashi talabiga qaramasdan rasmiy Tehron uranni boyitishda davom etmoqda.

Atom energiyasi bo’yicha xalqaro agentlik xulosalariga ko’ra, Xavfsizlik Kengashi tomonidan dekabr oyida berilgan ogohlantirishdan so’ng Eron, aksincha, uranni boyitish sur’ati va hajmini oshirgan.

Tehron yadro quroli uchun zarur xom ashyo ishlab chiqaradigan reaktorlarni qurishda davom etmoqda, deyiladi olti sahifadan iborat hisobotda.

Ma’lumki, Eron yadro quroli yaratish niyati yo’qligini va dasturdan faqat energiya ishlab chiqarish uchun foydalanayotganini bot-bot takrorlab keladi.

Dekabr oyida Xavfsizlik Kengashi Eronga qarshi sanksiya e’lon qilib, uranni boyitishni to’xtatish uchun ikki oy muhlat berdi.

BMT rasmiylari agentlik xulosalariga ehtiyotkorlik bilan munosabat bildirmoqda. AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Eronning Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasidan kerakli xulosa chiqara olmaganidan afsus bildirdi.

Rossiyaning BMTdagi diplomati Vitaliy Churkinning aytishicha, rasmiy Moskva Tehronga nisbatan yangi sanksiya qo’llamaslik tarafdori. Rossiya avvalgi rezolyutsiyaga ham uzoq qarshilikdan so’ng rozilik bergan edi.

Asosiy maqsadni unutmaslik kerak. Maqsad rezolyutsiya yoki sanksiya emas, balki siyosiy muammoga yechim topish”, deydi u.

BMT Bosh kotibi Ban Ki Mun Eronning Xavfsizlik Kengashi talabini bajarishdan bosh tortgani yuzasidan taassuf bildirgan. Janob Mun Eronni muammoni tinch yo’l bilan hal qilishga va xalqaro hamjamiyat bilan muzokara boshlashga chaqirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG