8 mart kuni O'zbekiston huquq faollari tinch namoyishlar o'tkazmoqchi


O`zbekistonda qamoqda saqlanayotgan ayol huquq himoyachilarining ozod etilishini talab qilib, turli shaharlarda namoyishlar o`tishi kutilmoqda. Biroq kuzatuvchilar nazarida, muxolifat va huquq faollari rejalagan bu namoyishlarning o’tishiga ijozat berilishi amrimahol.

O`zbekiston huquq himoyachilari Toshkent shahar hokimiyatiga 8 mart xotin-qizlar kuni munosabati bilan miting o`tkazilishi haqida bildirish berishgan. Xuddi shunday mitingni muxolifatdagi “Birdamlik” harakati ham O`zbekiston shaharlari bo`ylab o`tkazishni rejalamoqda.

Harakat vakillari va huquq himoyachilari rejalayotgan mitingdan asosiy maqsad - ayni paytda qamoqda saqlanayotgan huquq himoyachilari Mo`tabar Tojiboyeva, Umida Niyozova va Gulbahor To`rayevalarni ozodlikka chiqarishni talab etishdir.

Miting tashkilotchilaridan biri, huquq himoyachisi Abdulla Tojiboy o`g`lining bildirishicha, Toshkentda o`tishi rejalangan mitingda 200 kishi qatnashishi mumkin.

“Oldingi Konstitutsiya kuni munosabati bilan uyushtirilgan mitingda siyosiy talablar ko`tarilmagan edi, lekin viloyatlardagi faollarga tazyiq ko`rsatildi, fuqarolar ushlab qolindi. Toshkentda esa kam sonli tarzda bo`lsa-da o`tkazishga muvaffaq bo`ldik. 8 mart munosabati bilan rejalanayotgan miting ham o`tadi deb umid qilaman”, - deydi u.

Hozirgacha bu faollarni qamoqdan ozod etilishi talabi bilan bir qancha xalqaro tashkilotlar murojaat bilan chiqishgan. Xabarlarga ko`ra Yevropa Ittifoqi rasmiylari O`zbekiston hukumati bilan Umida Niyozovani ozod etish yuzasidan muloqot boshlagan.

Qamoqda saqlanayotgan huquq himoyachilari haqidagi oxirgi ma`lumotlar tashvishli. Mo`tabar Tojiboyevaga nisbatan bosim davom etmoqda. Uning ukasi Rasul Tojiboyevning aytishicha huquq faolini jarima kamerasiga tashlash odatiy holga aylangan.

“Hozir opamga xat yozish ham ta’qiqlab qo`yilgan, bizning xatlarimiz ham yetib bormayapti deb o`ylayman. Uning advokat bilan ta`minlanishiga, undan biron ma`lumot olishga ruxsat berilmayapti”, - deydi Tojiboyev.

Umida Niyozovaning ukasi Rustam Niyozovning bildirishicha, tergov harakatlari sababsiz ravishda cho’zilmoqda. Umida bilan ko`rishishga ruxsat yo’q.

Andijonda hibsga olingan Gulbahor To`rayevaning sog’lig’i yomonlashgan. U bilan ko’risha olmagan turmush o’rtog’i Farid To`rayev bundan tashvishda. Uyda To’rayevaning yetti oylik farzandi qolgan.

8 mart kuni o`tishi rejalangan mitingda huquq himoyachilarini ozod etish talabidan tashqari, O`zbekistonda ayollarning ijtimoiy himoyasi masalasi ham ko`tariladi.

Birdamlik harakati a`zosi Zulfiya Haydarovaning aytishicha, hozir O`zbekistonda ko`pchilik ayollar iqtisodiy qiyinchiliklar, farzandlarini boqa olmayotgani tufayli turli davlatlarga chiqib ketmoqda, yomon yo’llarga kirmoqda.

“Maoshlari yetarli bo`lsa, ish o`rinlari ochilsa, ayollar bu yo`llarga kirmagan, chet davlatlarida yurishmagan bo`lardi”, - deydi Haydarova.

Tashkilotchilar O`zbekiston konstitutsiyasida mitinglar o`tkazilishi o`z ifodasini topgani va tashkil etilayotgan namoyishlar aynan bosh qonunda ko`rsatilgan huquqlarga asosan amalga oshirilayotganini ta’kidlaydi. Mitinglarning to`polonsiz o`tishi kafolatlangan.

Biroq kuzatuvchilar fikricha hukumat tashkilotchilarning konstitutsion huquqlardan foydalanishiga yo`l qo`ymaydi.

Huquq himoyachilari piketlariga nisbatan ko`rsatilayotgan bosimlar, bundan avval Konstitutsiya kuni munosabati bilan Birdamlik harakati rejalagan miting qatnashchilariga ko`rsatilgan tazyiqlar misol keltiriladi.

Hukumat norozilikning har qanday ko`rinishini ayovsiz ravishda bostirishga odatlanganiga ishora qilinadi. Tashkilotchilar esa turli bosimlarga qaramasdan miting o`tkazilishini bildirmoqda.

XS
SM
MD
LG