AQShda o'qish uchun talaba vizasi olish tartibi qanday?


AQShda B-1, ya’ni turist viza bilan kelgan O’zbekiston fuqarosi Amerika universitetiga o’qishga kirsa, u qo’lidagi vizasini F-1 vizaga almashtirishi mumkinmi?

Birinchidan, B-1 viza nima degani?

Savolga huquqiy masalalarni yorituvchi Bobur Mirg’ani javob beradi:

B-1 vizasi ish-komandirovka yoki sayohat maqsadida beriladigan viza, ushbu viza turli muddatga va ko’pi bilan 6 oy, ba’zi hollarda 1 yil muddatga beriladi. Bunday viza bilan kelgan shaxsning AQShda o’qish yoki ishlashi taqiqlanadi.

Xo’sh, F-1 vizasi kimlarga beriladi?

F-1 vizasi AQSh universiteti yoki kollejiga qabul qilingan chet-ellik talabaga beriladi. Ya’ni bu viza o’qishga qabul qilingandan so’ng AQSh elchixonasi yoki imigratsiya hizmati tomonidan beriladi. F-1 vizasini olish uchun I-20 SEVIS formasi bilan birga o’qish pulini to’lash manbasini ko’rsatib berishingiz kerak bo’ladi.

I-20 formasi - “Certificate of Eligibility”, ya’ni chet ellik talabaning o’qishga qabul qilinganligini tadiqlovchi hujjat hisoblanadi. Unda sizning o’qish uchun qancha pul to’lashingiz va o’qish necha kreditdan tashkil etgani aniq bayon e’tilgan bo’ladi. AQSh konsulligi yoki immigratsiya rasmiylariga o’qishga kirganingizni tasdiqlab beradi. I-20 formasini sizga AQShdagi universitet jo’natadi. So’ng shu hujjat bilan AQSh konsulligiga murojaat qilasiz.

Lekin bu hujjat elchixona sizga viza berishini kafolatlamaydi. Turli sabablar bilan elchixona rad javobini berishi ham mumkin.

Xo’sh, deylik, o’zbekistonlik talaba universitetdan I-20 formasini oldi. Hujjatlarni qachon konsullikka olib borgan ma’qul. Hujjatlarni ko’rib chiqish jarayoni qancha vaqt oladi?

Barcha hujjatlarni yig’ib bo’lganidan so’ng agar O’zbekistonda bo’lsangiz, Toshkentdagi AQSh elchixonasiga murojaat qilasiz. Agar Amerikada bo’lsangiz, qo’shimcha I-539 formasi va kerakli badal haqi, shuningdek, o’qish pulini to’lashga mablag’ingiz borligini tasdiqlovchi hujjatlarni yig’ib, Immigratsiya va fuqarolik xizmatining Vermont byurosiga yuborish kerak bo’ladi. Barcha ma’lumotlar AQSh elchixonasi va Immigratsiya idorasining rasmiy veb sahifalaridan olishingiz mumkin.

Tushunarli. B-1 vizasini F-1 vizasiga almashtirish mumkinmi? Umuman, vizalarni almashtirish jarayonining qonuniy tartiboti qanday? Buning uchun qayerga murojaat qilish kerak?

Avval aytganimizdek, buning ikki usuli bor. Birinchisi, O’zbekistonga qaytib, F-1 vizasini olish uchun ariza topshirish. Ikkinchi usuli, Amerikadalik paytida AQSh fuqarolik va muhojirlik xizmatiga shu mazmundagi ariza bilan murojaat qilish.

Lekin agar mamlakatga kelganiga ko’p bo’lmay, vizani almashtirishga ariza topshirsangiz, AQSh immigratsiya xizmati rasmiylari uni avval “yolg’on ma’lumot bergan, aslida niyati Amerikada qolish” deb shubhalanishi mumkin. Rad javobini olish ehtimoli juda yuqori.

Umuman, bu masalada eng to’g’ri yo’l - rasmiy idoralarga murojaat qilish, advokat maslahatidan foydalanish.

B’azilar AQShda universitetga o’qishga kirib, o’qish pulini ishlab qoplayman deb o’ylaydi. Bu keng tarqalgan yanglish fikr. F-1 vizasi bilan AQShga kelgan chet-ellik talabaning ishlashiga ruxsat berilmaydi. Vashington San’at instituti xodimi Alisa Maklellan:

"AQShda tartib-qoida shunaqa. F-1 vizasi bilan ishlab bo’lmaydi. Lekin talaba universitetning o’zida, masalan, assistentlik qilib, kutubxonada yoki boshqa yo’nalishlarda ishlashi mumkin. Faqat universitet qoshida".

Foydali ma’lumotlarni Internetda www.educationusa.state.gov, www.uscis.gov, www.unitedstatesvisas.gov sahifalarida yoki qidiruv tizimidan topish mumkin.

Savollarni har doimgidek uzbek@voanews.com elektron manzilimizda yo’llang.

XS
SM
MD
LG