Breaking News

AQSh Markaziy Osiyoda iqtisodiy integratsiyani targ’ib qilmoqda


AQSh Davlat kotibining Markaziy Osiyo bo’yicha bosh diplomati muovini Evan Feygenbaumning aytishicha, AQSh mintaqada suveren, barqaror va demokratik davlatlarni ko’rishni istaydi.

Mintaqa xavfsiz va barqaror bo’lsin, Markaziy Osiyo mamlakatlari jahon iqtisodiy tizimiga qo’shilsin, mustaqil va kuchli hamkor bo’la olsin, deydi janob Feygenbaum.

AQSh besh davlat - Qozog’iston, O’zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston va Qirg’izistonni mintaqadagi asosiy hamkorlari deb biladi. Amerika nazarida Markaziy Osiyo shunchaki xorijiy raqobat markazi emas, deydi AQSh rasmiysi.

Evan Feygenbaumning aytishicha, integratsiya va islohotlar mintaqada iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirish yo’lida muhim omillar. “Integratsiya deganda davlatlar orasida iqtisodiy hamkorlik, savdo, sarmoya va bularga yo’l ochuvchi infratuzilma nazarda tutiladi, deydi u.

Gap faqatgina yo’llar yotqizish yoki elektr tarmoqlari barpo etishda emas, balki ochiq savdo va qonun ustuvorligini ta’minlashda, deydi AQShning Markaziy Osiyo bo’yicha bosh diplomati muovini.

“Qonunlar faqat qog’ozda bo’lsa, biznes shartnomalari sababsiz bekor qilinsa, kelishmovchilik chiqqanda firmalarning arzi qonun doirasida ko’rib chiqilmasa, bunday mamlakatga qanday qilib sarmoya kiritish mumkin?”, deb so’raydi janob Feygenbaum.

Qo’shma Shtatlar mintaqaviy elektr quvvati bozorini rivojlantirish uchun Tojikiston, Qirg’iziston va boshqa davlatlar bilan ishlamoqda. AQSh shuningdek Markaziy va Janubiy Osiyoning telekommunikatsiya sohasiga sarmoya jalb qilishda ko’maklashmoqchi.

Bu yili Afg’oniston-Tojikiston chegarasida AQSh tomonidan moliyalangan, 36 million dollarlik ko’prik ishga tushadi. Unda boj va chegara ehtiyojlari uchun zarur jihozlar o’rnatiladi. Ko’prikdan kuniga bir minggacha avtomobil o’ta oladi.

Bundan tashqari, Qo’shma Shtatlar Markaziy Osiyo bo’ylab bojxona va chegara inshootlarini qurishga 65 million dollar ajratmoqda. “Markaziy Osiyo Savdo va Sarmoya Shartnomasi” doirasida, AQSh mintaqada davlatlarini savdo to’siqlarini kamaytirishga chaqirmoqda. Shartnomaga Markaziy Osiyoning barcha davlatlari a’zo, Pokiston va Afg’onistonga esa kuzatuvchi maqomi berilgan.

AQSh rasmiylari fikricha Markaziy Osiyo o’zgarishlar davrini boshdan kechirmoqda. Qo’shma Shtatlar, deydi Evan Feygenbaum, mintaqa davlatlari taraqqiy etishi uchun imkoniyatlar yaratishga tayyor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG