Amerika Turkmanistonda o'zgarishlar bo'ladi degan umidda


Turkmanistonning yangi prezidenti Qurbonguli Berdimuhammedov islohotlar boshlashga va fuqarolarning axborot erkinligini ta’minlashga va’da bergan. AQSh buni ijobiy o’zgarish deb atamoqda.

Biroq Markaziy Osiyo islohotlar va demokratik qadriyatlar bobida katta tajribaga ega emas. Islohotlar boshlangan taqdirda ham xalq hayoti bir kunda yaxshilanib qolmaydi, deyishadi biz bilan muloqot qilgan siyodatdonlar.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik bo’yicha AQSh komissiyasi, qisqacha Xelsinki Komissiyasi deb tanilgan tashkilot raisi, demokrat kongressmen Elsi Xeystings fikricha rasmiy Ashgabat uzoq-muddatli strategiya bilan chiqishi lozim.

AQSh 11 fevral kuni Turkmanistonda o’tgan prezident saylovlarini demokratiya sari qo’yilgan ilk qadam deb atadi.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti nazarida saylov xalqaro me’yorlarga javob bermagan, unda muxolifat ishtirok etmagan, jurnalistlarning axborot olish huquqi cheklangan. Biroq bu mustaqil mamlakat tarixidagi ilk ko’p-nomzodli saylovlar.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik bo’yicha AQSh komissiyasi, qisqacha Xelsinki Komissiyasi raisi Elsi Xeystings (Alcee Hastings) deydiki:

"Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti saylovlarni kuzatgani yo’q. Shu sabab rasmiy bayonot qilgani ham yo’q. Xalqaro hamjamiyat saylov natijasini ozmi-ko’pmi oldindan bilardi, jumladan ovoz bergan odamlar sonini ham".

Qurbonguli Berdimuhammedov 90 foiz ovoz bilan prezidentlikka saylandi. Sog’liqni saqlash va ta’lim tizimida islohot o’tkazishni, eng yopiq jamiyatlardan deb sanalgan Turkmanistonni dunyoga ochishni va’da bergan.

AQSh rasmiy Ashgabatni ochiq va erkin jamiyat qurishga da’vat etmoqda, biroq uzoq yillik diktatura bir zumda demokratik jamiyatga aylanib qolmasligini tushunadi, deydi kongressmen Elsi Xeystings.

"Turkmaniston xalqaro hamjamiyatning to’liq a’zosiga aylanishi uchun hali ko’p ishlar qilishi kerak. Xalqi bunga munosib. Yangi prezident barcha va’dalarini bajaradi, xususan siyosiy mahbuslar ozod etiladi degan umiddamiz. Berdimuhammedov qaysidir jihatdan prezident Niyozov belgilagan yo’ldan boradi, biroq inson huquqlari ahvoli yaxshilanishi lozim".

Berdimuhammedov hozircha va’dalarini bajarayotgan ko’rinadi. 10 yillik o’rta ta’lim tizimiga qaytish, oliy o’quv yurtlarida o’qishni besh yil deb belgilash haqida farmon chiqardi. Poytaxt Ashgabatda esa ilk internet kafelar ish boshlagan.

Yangi rahbar Turkmaniston xalqi ko’nglini ovlamoqda. Kuzatuvchilar o’zgarishlarni maqtashga shoshmayapti. Repressiv boshqaruv usullaridan voz kechiladimi? Muxolifatga yo’l ochiladimi? Yaqin kelajak bunga javob beradi, deyishadi siyosiy tahlilchilar.

XS
SM
MD
LG