O'zbekistonga ko'p qirrali tashqi siyosat kerak, deydi tahlilchilar


Ayrim kuzatuvchilar fikricha, O’zbekiston tashqi siyosatida vazminlik va muvozanat yetishmagan, barcha yirik davlatlar bilan birday hamkorlik qilish o’rniga tashqi siyosatda soyabon vazifasini turli yirik davlatlar bajarib kelgan. Biroq rossiyalik ayrim mutaxassislar nazarida O’zbekistonga soyabon emas, mustaqil tashqi siyosat kerak.

Rossiyada chop etiladigan “Vremya Novostey” gazetasi jurnalisti Arkadiy Dubnovning aytishicha, O’zbekiston hamisha o’ziga taraqqiyot modeli va ittifoqchi izlab kelgan.

"Avvaliga prezident Karimov o’zini Rossiyadan uzoqlashtirdi. Turkiya va boshqa modellarni o’zida sinab ko’rdi. Yoqmagach, o’z modelini olg’a surdi. Biroq shiorlar ham, model ham ish bermagach, iqtisodiyot tushkunlikka tusha boshladi. Shunda AQSh yordam berishi mumkin edi."

Arkadiy Dubnov 2001 yil sentyabrida AQShda uyushtirilgan terror xurujlaridan so’ng Islom Karimovning AQSh harbiy bazasini O’zbekistonda joylashtirishga ko’nganiga ishora qiladi.

"Karimov koalitsiyaga qo’shilish bilan iqtisodiyotni rivojlantira olaman, Rossiyaga bo’lgan iqtisodiy tobelikdan chiqa olaman, deb o’ylagan. Biroq AQSh sarmoyalari kelmadi. Chunki O’zbekiston kelishilganidek, islohotlarni amalga oshirmadi. Adliya tizimi, bozor iqtisodiyotiga tegishli islohotlar. Axir qonunlar ishlamaydigan mamlakatga sarmoyalar ham bormaydiku."

AQShning Tinchlik uchun Karnegi jamg’armasining Moskvadagi bo’limi xodimi, islom va Markaziy Osiyo bo’yicha yirik mutaxassis Aleksey Malashenkoning aytishicha, O’zbekistonning hech bir davlat bilan ittifoqi mustahkam bo’lmagan.

"11 sentyabr voqealaridan so’ng beboshlik kuzatilgan. O’zbekiston AQShdan yirik moliyaviy yordam kutgan. 8 milliard dollar haqida gap ketgan edi. O’zbekistonning ojizligi o’shanda bilingan. Karimov “avval yordam beringlar, keyin esa aloqalarni o’rnatamiz” qabilida ish tutgan. Biroq AQSh shartlar qo’ygan. Andijon voqealari esa ular o’rtasidagi ittifoqning mo’rtligini ko’rsatib berdi. Aloqalar poydevorsiz bo’lgan."

Andijon voqealari, deydi ikkala mutaxassis ham, O’zbekistonni o’zini Rossiya quchog’iga tashlashga majbur qilgan.

"Biroq Rossiya bilan ham aloqalar puxta emas. Chunki rossiyalik siyosatchilar O’zbekistonni Rossiya bilan ittifoqchi bo’lishga nima majburlaganini yaxshi biladi. Ikki o’rtada ishonch yo’q", deydi Aleksey Malashenko.

"O’zbekiston Rossiya bilan birga bo’la olmaydi. Karimov Rossiyaga to’liq ishonmaydi. Men “O’zbekiston MDHdagi kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti va Yevrazesga oxirigacha a’zo bo’lmaydi” deb bir necha bora aytganman. Hali ham shu fikrimdan qaytganim yo’q, deydi Arkadiy Dubnov."

Yevropa Ittifoqi O’zbekistonga ma’lum sanksiyalar kiritgach, AQSh harbiy bazasi yopilgandan so’ng Amerika-O’zbekiston aloqalari salbiylashgach, Rossiya bilan ham komil ishonchga asoslangan aloqalar bo’lmagach, O’zbekiston qanday tashqi siyosat yuritishi kerak, degan o’rinli savol paydo bo’ladi. Rossiyalik jurnalist Arkadiy Dubnov fikricha, O’zbekiston bir taraflama siyosatiga chek qo’yishi lozim.

"AQShga qaytish kerak emas. U bilan muloqot qilish kerak. Rossiya bilan ittifoqchi bo’lish shart emas. U bilan hamkor bo’lish kerak. O’zbekiston mustaqil davlat. Jahon siyosiy sahnasidagi barcha yirik o’yinchilarga nisbatan bir xil siyosat olib borish kerak."

Tahlilchi Aleksey Malashenko ham shu fikrda.

"Rossiya strategik hamkorlik, hamkor davlatlarda siyosiy beqarorlik bo’lib qolsa unga yordam berishi haqida hamisha bong urib keladi. Biroq mabodo O’zbekistonda inqilob bo’lib qolgudek bo’lsa, Rossiya Karimovga yordam berish uchun jimjilog’ini ham qimirlatmaydi. Chunki Rossiya buning uchun resurslarga ega emas. Rossiya Qirg’izistonda bo’lgani kabi go’libning chiqishini kutadi."

Ikkala rossiyalik tahlilchi ham muvozanatli va ko’p qirrali tashqi siyosat yuritishda O’zbekiston barcha davlatlar bilan birday munosabatlarni tutib kelgan qo’shni Qozog’istondan o’rnak olsa arziydi, deya ta’kidlaydi.

XS
SM
MD
LG