O'zbekistonda kim yaxshi jurnalist?


O`zbekistondagi ayrim jurnalistlar nazarida mamlakatda e’lon qilinayotgan jurnalistik tanlovlar nafaqat hukumat manfaatiga xizmat qiluvchi jurnalistlarni taqdirlaydi, balki mustaqil jurnalistlarni jamiyatdan cheklashni ham nazarda tutadi.

So`nggi paytda O`zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasi, jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi, matbuotni qo`llab-quvvatlash jamg`armasi kabi tashkilotlar tomonidan jurnalistlar uchun bir qancha tanlovlar e`lon qilindi.

Biroq mavjud fikrga ko’ra, bu tanlovlar tanqidiy fikr bildiruvchi jurnalistlar uchun emas, balki amaldagi hukumat maqtovi bilan mashg`ul jurnalistlarni saralash uchun o’tkazilmoqda.

Mustaqil jurnalistlardan biri erkin yozish imkoniyati bo`lmagan O`zbekistonda jiurnalistik tanlov haqida gapirish kulguli, deb hisoblaydi.

“Xohlagan mavzuni menga buyurishsin, xohlagan matbuotga olib boraman, chiqarishmaydi. Jurnalsitik huquqlardan foydalanish mumkin bo`lmas ekan, tanlov haqida gapirish kulguli. Senzura avvaligidan yanada kuchaygan, menda yozish imkoniyatlari yo’q ekan, qanday qilib tanlovda qatnashaman? Bu mukofot hukumatga xushomad qilayotgan jurnalistlargagina beriladimi?”, - deydi u.

O`zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasi “Oltin qalam” xalqaro mukofotining ikkinchi bosqichini e`lon qilgan bo`lsa, matbuotni qo`lllab-quvvatlash jamg`armasi eng yaxshi internet axborot sayti uchun tanlov e`lon qildi.

O`zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasining raisi Sherzod G`ulomov nazarida tanlovlar milliy jurnalistikani rivojlantirish bilan bo`gliq.

Mustaqil jurnalistlar fikriga ko`ra, tanlovlar hukumatga xushomad qilishni istamagan jurnalistlarni jamiyatdan siqib chiqarishni ham nazarda tutadi.

Ayni paytda O`zbekiston hayotida kechayotgan voqealarga tanqidiy munosabat imkoniyati faqat internet sahifalaridagina qolgan, biroq bu imkoniyatlar ham tobora kamayib bormoqda.

Yaqinda ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar huquqlari buzilishiga oid monitoringning yanvar oyi natijalari e`lon qilindi.

Unda aytilishicha, “Zerkalo XX1” gazetasida ishlayotgan tajribalari jurnalistlardan biri aynan internet axborot vositalari bilan hamkorligi uchun ishdan bo`shatilgan.

Mahalliy gazetalarda xalqaro mustaqil axborot vositalarini O`zbekistondagi vaziyatni izdan chiqarish yo’lidagi harakatlarda ayblash keng miqyosda davom etmoqda.

Milliy matbuot xalqaro tashkilotlar bilan yuzaki aloqalarni saqlab qolgan. Yaqinda Germaniyaning Konrad Adenauer jamg`armasi milliy matbuot markazida shunday ramziy uchrashuvlardan birini o`tkazgan.

Mustaqil jurnalistlar ta’biricha, hozirda bu uchrashuvlar ramziy ma’noda, aynan shunday uchrashuv o`tkazilganini aytish uchungina otkaziladi, dunyo jurnalistikasi, matbuot erkinligi yuzasidan tajriba o`rganish maqsadida emas.

Mahaliiy kuzatuvchi, O`zbekiston demokratik kongressining faollaridan biri Shuhrat Ahmedov fikricha, buning sabablari ayon. O`zbekitondagi siyosiy tuzum uchun erkin matbuot katta xavf kasb etadi.

“Agar matbuot erkin bo`lsa, iqtisodiy jihatdan davlatni korruptsiya botqog`iga botganini ko`rsatar edi, siyosiy jihatdan eham shunday. Mana prezidentlik saylovlari yaqinlashayapti, erkin matbuot bo`lsa, saylovning faqat spektakldan iboratligini ochib berardi. O`zbekistonda qancha jurnalistlar qamalib chiqdi, ular tepadan berilgan buyruq asosida qamalib chiqdi”, - deydi Ahmedov.

So`z erkinligi bo`yicha dunyo bo`ylab e`lon qilnayotgan hisobotlarda ham O`zbekiston erkin matbuot cheklangan asosiy davlatlardan biri sifatida qayd etib kelinadi.

XS
SM
MD
LG