Toshkentda AQSh-O'zbekiston aloqalari muhokamada


AQShning Markaziy Osiyo bo’yicha bosh diplomati muovini Evan Feygenbaumning O`zbekistonga xizmat safari davom etar ekan, tashrifning Vashington-Toshkent aloqalariga ta’siri haqida turlicha qarashlar bildirilmoqda.

Bundan avval AQSh tomonidan uyushtirilgan rasmiy safarlarda AQShning O`zbekiston bilan muloqotga tayyor ekanligi bildirilgan edi.

O`zbekiston AQShni uning ichki ishlariga aralashishda va rangli inqiloblar tashkil qilishda ayblab keladi.

Kuzatuvchilar nazarida ikki davlat o’rtasidagi muammo O`zbekistondagi demokratik islohotlar va inson huquqlari vaziyati bilan bog’liq. Rasmiy Vashington avval bu holatlarga unchalik ahamiyat qaratmagan bo`lsa, Andijon fojeasidan keyin bunga ko`z yumish mumkin bo`lmay qolgan.

Bugun hamkorlikni qayta tiklash haqida mulohazalar bildirilayotgan ekan, bunga har ikki davlatni qanday sabablar majbur qilishi mumkin?

Siyosatshunos Farhod Tolipov fikricha agar O`zbekiston sanoati rivojlangan davlat bo`lishni, G`arb texnologiyalari va sarmoyalari kelishini istasa, AQSh bilan aloqalarni tiklashi kerak.

“Bundan tashqari aynan milliy xavfsizlik, umuman mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash uchun AQShning o`rni beqiyos. Afg`onistondagi vaziyat bois biz buni kuzatib kelayapmiz, shularni hisobga olsak, AQSh biz uchun oddiy hamkor davlat emas, strategik sherikdir”, - deydi siyosatshunos.

Tolipov nazarida O’zbekiston AQSh uchun mintaqdagi strategik o`rni bilan muhim.

“AQSh akademik doiralarida ishlab chiqilgan strategiyaga ko`ra, biror mintaqada bitta mamlakat tanlanadi va shu orqali butun mintaqaga ta’sir o`tkaziladi. Bu o`rinda O`zbekiston bilan shunday aloqa qurilgan edi. Bundan tashqari AQShning Afg`onistondagi, Yaqin Sharqdagi siyosati uchun ham O`zbekiston muhim”, - deydi Tolipov.

AQSh-O’zbekiston munosabatlaridagi asosiy talab - O`zbekiston demokratik islohotlar o’tkazishi va inson huquqlarini ta`minlashi lozim.

Mahalliy ekspertlardan biri Toshpo`lat Yo’ldoshev tashrif sabablarini O`zbekistonda inson huquqlariga oid vaziyatning keskin yomonlashganida ko`radi.

Uning aytishicha, munosabatlarda biror o`zgarish bo`lishini kutmasa ham bo`ladi. Davlat rahbarlari bilan huquq himoyachilari va jurnalistlarning tazyiqqa olinayotganligi masalasi muhokama qilinadi.

“Siyosat” axborot tahlil markazining eksperti Sharofiddin To`laganov nazarida AQSh bu mavzularga ikkiyoqlama standartlar darajasida yondashmoqda. Inson huquqlari, deydi u, AQShning o`zida ham buziladi biroq bunga ahamiyat qaratilmaydi.

Farhod Tolipovning aytishicha, hamkorlik ikki o`rtadagi tanqidlardan qat’iy nazar tiklanishi lozim, chunki bu masala AQSh uchun prinsipial masala bo`lib qolaveradi. Kuzatuvchilarga ko`ra AQSh va O`zbekiston aloqalarida biror o`zgarish bo`lishi haqida gapirishga hozircha erta.

XS
SM
MD
LG