AQSh-O'zbekiston aloqalari narkotiklarga qarshi kurashda ham sust


AQSh Davlat departamenti xalqaro miqyosda narkotiklarga qarshi kurash strategiyasi bitilgan hisobotni chop etdi. Unda qator davlatlar, jumladan O’zbekistonning ham narkotiklar va narkotrafikka qarshi harakatlari va mamlakatda bu boradagi vaziyat aks etgan.

AQSh Davlat kotibining xalqaro miqyosda narkotiklarga qarshi kurash va huquq-tartibot organlari bilan aloqalariga javob beruvchi muovini Ann Pattersonning aytishicha, Afg’onistonda Tolibon harakati kuchaygach afyun yetishtirish su’rati ham ko’tarilgan.

Natijada Afg’onistondan kelayotgan giyohvand moddalarning Rossiya va Yevropaga olib o’tilishida tranzit nuqtalaridan biri rolini bajaruvchi O’zbekistonda chegarada va mamlakat ichida qo’lga tushirilayotgan narkotiklar hajmi ham oshgan.

O’tgan yilning birinchi yarmida, deyiladi AQSh Davlat departamenti hisobotida, O’zbekiston huquq-tartibot organlari bir tonnadan sal oshiqroq giyohvand moddalarni musodara qilgan. Ularning yarmi afyun, 30 foizi geroin, yana 13 foizi esa nasha.

Hisobotga ko’ra, O’zbekistonda uch idora narkotiklarga qarshi kurash bilan shug’ullanadi – Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va Davlat Bojxona qo’mitasi. Narkotiklarga qarshi kurash bo’yicha milliy markaz ana shu uch idora siyosati va harakatlarini muvofiqlashtirish maqsadida tashkil etilgan.

Biroq, deyiladi AQSh hisobotida, nomlari tilga olingan idoralar o’rtasida hamkorlikdan ko’ra, raqobat kuchliroq, bu esa o’z navbatida qoradoriga qarshi kurash samaradorligiga putur yetkazmoqda.

AQSh Davlat kotibi muovini Ann Pattersonning aytishicha, Markaziy Osiyo davlatlari Afg’onistonga yaqin bo’lgani sabab Qo’shma Shtatlar odatda mintaqa davlatlari bilan bu borada yaxshi hamkorlik qiladi.

Biroq hisobotda aytilishicha, AQSh-O’zbekiston aloqalarida sovuqlik paydo bo’lgandan beri O’zbekiston AQSh va Yevropa Ittifoqi yordami va dasturlarini rad etib keladi. O’tgan yili O’zbekiston vakillari AQSh Mudofaa vazirligi uyushtirgan bir dasturda ishtirok etgan xolos. Bu esa o’z navbatida narkotiklarga qarshi kurashuvchi O’zbekiston idoralarining tayyorgarligi va texnik salohiyatiga salbiy ta’sir ko’rsatmoqda.

Bundan tashqari, deyiladi hisobotda, davlat tizimida korrupsiya kuchliligi bois ayrim hukumat vakillarining narkotraffikka aloqasi bo’lishi ehtimoldan xoli emas. O’zbekiston haligacha BMTning korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga imzo chekmagan.

XS
SM
MD
LG