AQSh diplomati Vashington-Toshkent aloqalarini tiklashga chaqirmoqda


AQShning Markaziy Osiyo bo’yicha Bosh diplomati muovini Evan Feygenbaum joriy hafta O`zbekistonga safar qilib, rasmiylar bilan muloqot qilgan. Uning aytishicha, tomonlar hamkorlikka tayyor.

Janob Feygenbaum O’zbekistonda uch kun mobaynida Tashqi ishlar, Mudofaa va boshqa vazirliklarda bo’lgan, shuningdek, mamlakatdagi nohukumat tashkilotlar vakillari bilan uchrashgan.

Evan Feygenbaumning matbuot anjumanida bildirishicha, AQSh va O`zbekiston munosabatlaridagi 20 oyga cho’zilgan sovuqlikdan so`ng hamkorlikni qayta tiklash fursati yetgan. Uchrashuvlarda O’zbekiston rasmiylari ham hamkorlikni tiklash niyatini bildirgan.

“O`zbekiston hukumati vakillarining bunday fikrlaridan xursand bo’ldim, lekin avval ta’kidlab o’tilganidek, bu jarayonda ma’lum qiyinchiliklar bor, ya’ni deklarativ bayonotlarni konkretlashtirish, ularni amalda tatbiq etish bo`yicha, - deydi AQShning Markaziy Osiyo bo’yicha bosh diplomati muovini.

Evan Feygenbaum bundan avval mintaqaning boshqa davalatlariga ham safar qilgan. Mintaqa mamlakatlari, deydi u, iqtisodiy taraqqiyotga integratsiya orqali tezroq erishishi mumkin.

Integratsiyani targ’ib qilish doirasida, AQSh mintaqa chegaralarini ishonchli ravishda himoyalash bilan birga, chegaralarni savdo aloqalariga ochish lozimligini ta’kidlaydi. Markaziy Osiyo davlatlarining Jahon Savdo Tashkilotiga kirishiga yordam ko`rsatadi.

Matbuot anjumanida, mintaqadagi geosiyosiy vaziyatdan kelib chiqqan holda ushbu loyiha borasida izoh berib o`tildi.

Evan Feygenbaumning aytishicha, mintaqaga qiziqish bildirayotgan kuchli davlatlar orasida ham o`zaro aloqalar mavjud, maqsad - mintaqaning jahon bozorlariga integratsiyalashuviga ko’maklashish. Bu jarayonda hamkorlarni tanlash imkoniyati mintaqa davlatlarining o`zida. AQSh mintaqani monopollashtirish harakatiga qarshi.

“Hamkorlikdagi tanlov imkoniyati qanchalik ko`p bo`lsa, bu shunchalik mustaqil va demokratik tarzda kechadi. Biz o`zgarishlarning barcha sohalarda bo`lishi tarafdorimiz”, - deydi AQSh rasmiysi.

Feyenbaum nazarida AQSh va O`zbekiston o`rtasidagi iqtisodiy aloqalar hajmi O`zbekistonning boshqa davlatlar bilan bo`layotgan aloqalariga nisbatan kamroq bo`lsa-da, kelajakda katta imkoniyatlarga ega bo`lishi mumkin.

Ayni paytda Amerika biznes kompaniyalari O`zbekistonda qattiq bosimga uchramoqda. AQSh sarmoyalari esa asosan xususiy mulklardan iborat. Shu bilan birga boshqa davlatlarda AQSh sarmoyasining tez suratlarda kirib borayotganini kuzatish mumkin, deydi u.

Matbuot anjumanida AQSh Departamenti tomonidan O`zbekistonda e’tiqod erkinligi buzilayotganligi haqidagi hisobot va yaqinda Toshkent islom madaniyati poytaxti sifatida e`lon qilinishi yuzasidan munosabat so`raldi.

AQSh Departamentining xulosalari, deydi Feybenbaum, aniq bir yo`nalishdagi holatlarga asoslangan va departamentning tashvishiga sabab bo`lmoqda. Unga ko`ra AQSh O`zbekiston bilan bu borada muloqotni davom ettirishga tayyor.

AQSh rasmiysiga ko`ra Vashington-Toshkent aloqalari o`tgan vaqt mobaynida turli sohalarda muloqot yuritish bilan ko`zga tashlangan. Hamkorlikni davom ettirish uchun muammolarni konkretlashtirish zarur, aynan shuning uchun u O`zbekistonda.

O`zbekistondagi siyosiy vaziyat yuzasidan bildirilgan munosabatga ko`ra, demokratiya tashqaridan nusxa ko`chirilgan holda olib kirilmaydi. Har bir mamlakat o`ziga xos an`analariga ko`ra quriladi.

AQSh O`zbekistonda ochiq jamiyat bo`lishini, iqtisod va savdo aloqalarini yuritish imkoniyatini, aholida chet elga chiqish va ta’lim olish imkoniyatlari bo’lishini, shuningdek xalqqa siyosiy jarayonlarda faol qatnashishga yo’l ochilishini ko`rishni istaydi.

Kuzatuvchilar fikricha AQSh rasmiysining O`zbekistonga tashrifi mamlakatda inson huquqlari va demokratik islohotlarga oid vaziyat eng og’irlashgan bir paytga to’g’ri kelmoqda.

XS
SM
MD
LG