AQShda chet ellik talabalar faoliyati doimiy kuzatuv ostida


Toshkentdagi universitetda o’qib yurgan paytlarimizda yil bo’yi darslarga onda-sonda kiradigan ba’zi talabalar sessiya yaqinlashgach, tez-tez ko’rinish beradigan bo’lib qolishar edi.

Qizig’i shundaki, to’rt yilni universitet korridorlari va oshxonasida o’tkazgan ana shu talabalar qolganlar bilan bir qatorda bakalavrlik diplomini qo’ltiqlab, bilim dargohini tark etdilar.

Amerika Qo’shma Shtatlaridagi universitet va kollejlarda bu borada qanday tartib mavjud?

Amerikada chet ellik talabalar va almashinuv dasturi qatnashchilari haqida ma’lumotlarni o’z ichiga olgan yagona tizim mavjud. U Student and Exchange Visitor Information System (SEVIS) deb ataladi.

Har bir universitet o’z dargohidagi chet ellik talabalar haqida batafsil axborotni mana shu tizimga yuboradi.

Universitet talabaning darsga qatnashish-qatnashmayotgani haqida ham tizim rasmiylarini boxabar qilishi lozim. Bu ma’lumot o’z navbatida Muxojirlik va Boj Boshqarmasiga jo’natiladi. Chet ellik talaba AQSh universitetini tamomlagach, bu informatsiya ham tizimga kiritiladi.

AQShda 2005 yilda huquq-tartibot rasmiylari darslarga qatnashmasdan, o’qishdan haydalgan 600 nafar chet ellik talabani hibsga olgan.

SEVIS tizimi ma’lumotiga muvofiq, ayni damda Amerikada 770 mingdan ziyod xorijlik talaba va almashinuv dasturi ishtirokchisi bor.

2004 yildan e’tiboran, Qo’shma shtatlarga kelgan har bir xorijlik talaba va almashinuv dasturi qatnashchisi SEVIS tizimi uchun 100 dollar haq to’lay boshladi.

SEVIS tizimini yaratishdan maqsad nima edi?

1993 yilda Nyu-Yorkda Jahon Savdo Markazi birinchi bor portlatilganida AQShga talaba vizasi bilan kelganlar ayblangan edi. Ularning Amerikaga o’qiyman deb kelib, keyinchalik terrorchilarga qo’shilib ketgani aniqlangan.

2001 yilning 11 sentyabr voqealaridan keyin esa bu tizimiga ahamiyat yanada kuchaydi.

SEVIS haqidagi ma’lumotlar quyidagi manzilda bayon etilgan:

www.ice.gov

Savol, fikr va mulohazalaringizni har doimgiday elekron pochtamizga yo’llashingiz mumkin: uzbek@voanews.com.

XS
SM
MD
LG