Rossiya noroziligini AQShga ochiq bayon etdi

  • Amerika Ovozi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin yaqinda Germaniyaning Myunxen shahrida o’tgan anjumanda AQSh tashqi siyosatini kuchli tanqid ostiga olgan.

G’arb mutaxassislarining aytishicha, Putin nutqidagi g’oyalar yangi emas, biroq Rossiya rahbari ularni ilk bor katta bir nutqida ifoda etdi.

Vladimir Putin nazarida AQSh o’zini xalqaro sahnada hukmron davlat qilib ko’rsatmoqchi. AQSh siyosati, deydi u, bir necha davlatni ommaviy qirg’in qurollarini qo’lga kiritishga undagan.

Putin, shuningdek, NATO tashkilotining kengayishi va AQShning Yevropa sharqida raketaga qarshi mudofaa tizimi o’rnatish rejasini tanqid ostiga olgan. Bu bejiz emas, deydi Garvard Universiteti olimi Marshal Goldman.

“Putinning maqsadi - Rossiya qudrati tiklanganini ko’rsatishdir. U demoqchiki, Rossiya AQShni tanqid qila oladi, puli ham bor, tabiiy boyliklari sabab nufuzi ham bor. Putin nutqida prezident Bushni o’z do’sti va yaxshi inson deb ta’riflagan. Bush ham Putin bilan hamkorlik qila olishini bildirgan”.

Ikki rahbar o’rtasidagi do’stlik, deydi tahlilchi Stiven Koen, Moskva-Vashington munosabatlarida muhim omil.

Tahlilchilar nazarida ikki rahbar o’rtasida munosabat iliq, biroq AQSh-Rossiya aloqalari yomonlashib boryapti. Robert Legvold fikricha, bunga AQShning Yevropa sharqida raketaga qarshi mudofaa tizimini o’rnatish rejasi sabab bo’lgan.

“Rossiya NATO tashkilotining Polsha va Chexiyada o’rnashib olishiga qarshi. Rasmiy Moskva nazarida AQSh Yevropada mudofaa tizimini o’rnatib, Rossiyaga qarshi harakat qilmoqda”.

Ekspertlar fikricha, AQSh-Rossiya o’rtasida boshqa munozarali masalalar ham bor. AQShni Rossiyaning atom qurollari arsenali va ularning terrorchilar qo’liga tushib qolish ehtimoli tashvishlantiradi. Ikki davlat shuningdek Eron yadro dasturi bo’yicha turlicha fikrda.

“Munosabatlar sovuqlashishiga qaramasdan, deydi professor Goldman, AQSh-Rossiya orasida Sovuq urush davridagi kabi mafkuraviy kurash ketayotgani yo’q”.

Tahlilchi Stiven Koen esa boshqacha fikrda:

“AQSh siyosati, xususan Iroqdagi urush demokratiya targ’iboti ostida olib borildi. Bu mafkuraviy omil. Rossiya esa AQShni boshqa jamiyatlar hayot tarzi va manfaatini oyoq osti qilayotganlikda ayblaydi”.

Ham Rossiya, ham AQSh prezidentining vakolat muddati tugash arafasida. Ikki davlat o’rtasidagi munosabatlar yaqin orada yaxshilanishi amrimahol, deydi kuzatuvchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG