Huquq faollari qamoqdagi mahbuslar taqdiridan xavotirda


O'tgan yili O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Bryusselga safar qilib, ikki tomonlama aloqalarni jonlantirishga chaqirgan edi. Buning evaziga rasmiy Toshkent Andijon voqealari va inson huquqlari bo'yicha Yevropa Ittifoqi muloqot guruhining tashkil etilishiga rozilik bergan.

Andijon voqealari bo'yicha muloqot guruhi 2006 yil oxirida O’zbekistonga safar qilib, ba'zi rasmiylar bilan uchrashgan, biroq O’zbekistonda inson huquqlarini muhokama qilishga doir guruhning O’zbekistonga kiritilishi mavhumligicha qolmoqda.

Huquq himoyachilari fikriga ko`ra, qamoqdagi mahbuslar, jumladan, ular orasidagi huquq himoyachilari yordamga muhtoj.

Qizil Xoch jamiyatining Toshkentdagi vakolatxonasi vakili birmuncha avval radioga bergan intervyusida qamoqxonalarga kirishi uchun O`zbekiston hukumati bilan muzokaralar yuritilayotgani va 2007 yilning boshlaridan bu masala ijobiy hal etilishi mumkinligi haqida ma’lum qilgan edi.

Biroq oradan uch oydan ko`p vaqt o`tishiga qaramasdan rasmiy Toshkent tomonidan bu masala ijobiy hal etilmagan. Qizil Xoch jamiyati esa hamon masalaning ijobiy hal etilishidan umidvor.

Huquq himoyachilari fikriga ko`ra, bugungi kunda Qizil Xoch jamiyati vakillarining O`zbekiston qamoqxonalaridagi sharoit bilan tanishishi o`ta muhim, chunki qamoqxonalardagi vaziyat haqida hech qanday ma`lumot yo’q, qamoqqa tashlangan huquq himoyachilari, siyosiy mahbuslar soni esa tobora ko`payib bormoqda.

O`zbekiston huquq himoyachilari alyansi vakili Abdulla Tojiboy o`g`li siyosiy mahbuslarning ko`pligi bois ham hukumat Qizil Xoch jamiyatiga ruxsat bermaydi, deb hisoblaydi.

“Huquq himoyachilariga nisbatan qamoqxonalarda ham tayziqlar davom etmoqda, shuning uchun ham ruxsat berilmaydi. Qizil Xoch jamiyati qamoqxonalarning umumiy ahvolini, ularning xalqaro darajalarga qanchalik mosligini o`rganadi. Alyans bu masalani doimo ko`tarib keladi, biroq Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov va’dasini bajarmayapti”, - deydi Abdulla Tojiboy o`gli.

Ta`kidlarga ko`ra, siyosiy mahbuslar bilan ushrashuvlar taqiqlangan bir paytda mahbusning ahvolidan xabar olishning yagona yo`li ana shu xalqaro jamiyat bo`lib qoladi.

Huquq himoyachisi Adham Shoyimardonov fikricha, Qizil Xoch jamiyatining qamoqxonaga kirishi taqiqlangandan keyin u yerdagi ahvol qandayligi haqida xolis ma`lumot olish yanada og`irlashgan.

Qizil Xoch jamiyatining Markaziy Osiyo bo`yicha axborot va huquq dasturi boshlig`i Per Dyukhve esa Qizil Xoch jamiyatining qamoqxonalarga tashrifi natijalari ommalashtirilmasligi, muammolar bo`yicha faqat hukumat vakillari bilan muzokara qilinishi mumkinligini ta’kidlab o`tgan.

Ma`lumotlarga ko`ra, Qizil Xoch jamiyatining qamoqxonalarga kirishi mumkinligi haqidagi ma’lumotdan so`ng bir qancha siyosiy mahbuslarning qarindoshlari jamiyatga yordam so`rab murojaat qilishgan, asosan, tibbiy ko`rik va dori-darmonlardan iborat bunday yordam ko`rsatish imkoniyati jamiyatda hamon mavjud emas.

Huquq himoyachilari Qizil Xoch jamiyatining qamoqxonalarga kiritilishiga ruxsat berilishi talabi yuzasidan bir necha bor O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi oldida piket ham o`tkazdi.

Shunday piketlardan birida huquq himoyachisi Akrom Muhiddinov bezorilikda ayblanib, hibsga olingan va o`n kunlik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

U jazoni Toshkentdagi “Panelniy” nomi bilan tanilgan hibsxonada o`tab chiqdi. Uning hibsxonadan keyingi xulosalariga ko`ra, u erdagi sharoit o`ta tashvishli.

“Olti metrga olti metr xona, hojat uchun shu yerning o`zida bochka qo`yilgan, sassiq, sovuq, men u erda kasal bo`lib qoldim. Men ularga mahbuslarga kir sovun, to’shak berilishi lozimligini aytdim, berishmadi, shundoq sement, sement ustiga faner yopishtirishgan, shuning ustida tunashga to`gri keladi. Ikkita ingichka quvur o`tgan, isitmaydi”, - deb hikoya qiladi u.

Akrom Muhiddinovning aytishicha, bu yerda ham militsiya xodimlarining mahbuslarga nisbatan kuch ishlatishini kuzatish mumkin, umuman, bu hibsxona prokuratura yoki Qizil Xoch jamiyati tomonidan tekshirilishi lozim.

“Ko`plarining yuzlari ko`karib ketgan, aytishlariga qaraganda, ROVDda ushlab urishgan, ularda bir maz bor ekan, urganda ko`karganini ketkizadigan, shu mazdan berishadi, surkab yurish uchun”.

XS
SM
MD
LG