AQSh inson huquqlari bobida tanqid ostida


AQSh rasmiylari inson huquqlari buzilayotgani haqidagi tanqidlarga ko’z yummaymiz, deb so’z bermoqda. AQSh Davlat departmanenti 190 davlatda huquq ahvolini yorituvchi yillik tahlilnomasini chop etgan.

Inson huquqlariga kelganda, Kubadagi Guantanamo qamoqxonasida terrorchilikda gumon qilingan shaxslarni sudsiz ushlab turgani va ularni qo’pol so’roq qilish usullari bois, AQShning o’zi tanqid ostida.

“AQSh huquq bobida izchil siyosat yuritmayotgani sir emas,” - deydi Human Rights Watch tashkiloti rahbari Kennet Rot. “Terrorga qarshi kurash bahonasida inson huquqlari buzilayotgani Bush ma’muriyatiga ishonchni pasaytirgan.”

AQSh o’zida ham muammolar borligini tan oladi.

“Inson huquqlari tahlilnomasini chop etib, AQSh o’zini benuqson demoqchi emas. Ammo mamlakatning demokratik tizimi javobgarlikni nazarda tutadi,” - deydi AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays.

O’zbekiston hukumati, deyiladi hujjatda, 2006 yili 200 ga yaqin mahalliy va xalqaro nohukumat tashkilotlarni yopgan. Mustaqil jurnalistlar va huquq himoyachilari muntazam ta’qib ostida. Aholini majburiy mehnatga jalb qilish davom etmoqda.

AQSh hisobotida Shimoliy Koreya, Birma, Eron, Zimbabve, Belarus va Kubadagi inson huquqlari ahvoli tanqid ostiga olingan.

Bir necha davlatda, jumladan Ukraina va Qirg’izistonda huquq ahvoli ozmuncha yaxshilangani qayd etiladi. Iroq va Afg’onistonga nisbatan tanqidiy fikrlar bildirilgan. Rossiya va Xitoyda inson huquqlari ahvoli yomonlashgani aytiladi.

XS
SM
MD
LG