8 martda namoyishga otlangan huquq faollari ta'qibga uchragan


8 mart xotin-qizlar birdamligi kuni munosbati bilan respublika bo’yicha rejalangan oq rangli namoyish amalga oshmagan. Toshkentda militsiya ta’qibidan qutulgan birgina huquq himoyachisi namoyish rejalangan joyga yetib bora olgan - Yelena Urlayeva .

Unga ham huquq-tartibot xodimlari qattiq to`sqinlik ko`rsatishgan. Jurnalistlar va xalqaro tashkilot vakillarining aralashuvidan so`nggina huquq himoyachisi qo`yib yuborilgan.

Tashkilotchilarning aytishicha, namoyishda 100 yaqin odam qatnashishi va xotin-qizlar birdamligi tinch yo`l bilan nishonlanishi kerak edi.

Urlayevaning so’zlariga qaraganda namoyish qatnashchilari oq kiyim kiyib kelishlari, bayram munosabati bilan o`z birdamliklarini bildirishlari kutilgan edi. Ta`qiblar 7 mart kuni boshlangan.

“Namoyishga qatnashish uchun men uydan tong yorishmasdan chiqdim. Kelgach, chorrahada menga yana tayziqlar ko`rsatildi. Bulardan qat’iy nazar, biz dunyoga o`z fuqarolik huquqlarimizdan foydalana olishimizni, ayollar birdamligini ko`rsatishimiz kerak. Bugungi ahvol O’zbekiston hukumatining yanada qattiqlashganini, har qanday fuqarolik tashabbuslari ayovsiz bo`g`ilishini ko`rsatmoqda”, - deydi Urlayeva.

Namoyishda ayni paytda qamoqda bo`lgan ayollar Mo’tabar Tojiboyeva, Umida Niyozova va Gulbahor Torayevalarning taqdiri haqida ham eslatish rejalangan edi.

Human Rights Watch inson huquqlari tashkilotining Toshkentdagi vakili Andrea Bergning aytishicha, tinch namoyishga nisbatan bo`lgan bunday munosabatning o`zi ham O`zbekistonda inson huquqlariga nisbatan o`zgarishlar bo`layapti degan qarashlrni yoqqa chiqaradi.

“O`zbekistonda inson huquqlari bilan shu`gullanuvchi faol ayollar ko`p. Hozirda ularning uch nafari qamoqda o`tiribdi va bu hol tashkilotimizni qattiq tashvishga solmoqda. O`zbekistonda huquq himoyachilarini hibsga olish davom etmoqda. Keyinchailik bu jarayon qolgan mahalliy va xalqaro tashkilotlarni yopish harakatlari bilan davom etadi. Shu bois O`zbekistonda biror o`zgarish bo`layotganini ko`rmayapman”, - deydi Andrea Berg.

O`zbekiston Huquq Himoyachilari Alyansi a`zosi Abdulla Tojiboy o`g’li namoyish munosabati bilan uy qamog’ida o`tiribdi.

“Eshitishimga qaraganda namoyish joyi turli o`g’ir mashinalar va traktorlar, shuningdek huquq-tartibot xodimlari tomonidan o`rab olingan. Bu bitta odamning namoyishga yetib bora olgani uchun. Agar 100-200 odam namiyoshda qatnashadigan bo`lsa, hukumat odamlarni otishga ham ruxsat bergan bo`lishi mumkin edi… ”, - deydi Abdulla Tojiboy o`g`li.

XS
SM
MD
LG