Ivanovodagi o'zbeklar ozodlikka chiqdi


20 oydan beri tergov izolyatorida saqlangan 12 nafar o’zbekistonlik ozodlikka chiqarildi. Ularga Rossiyani tark etish tavsiya etilgan. Ayni damda BMTning Qochqinlar bo’yicha Oliy Komissariati ularni uchinchi mamlakatga ko’chirish bilan shug’ullanmoqda. Ularning barchasi O’zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan Andijon voqealariga aloqadorlikda ayblanmoqda.

"Ivanovolik o'zbeklar" qochqin deb atalmoqda, biroq ular O’zbekistondan qochmagan. Mahalliy huquq himoyachilariga ko’ra, ular Rossiyaga boshqa o’zbekistonliklar kabi ishlash uchun kelgan. Biroq O’zbekiston Bosh prokuraturasi ularni Andijon voqealariga aloqadorlikda ayblagandan so’ng ular siyosiy qochqin maqomini, siyosiy boshpana olishga harakat qilishmoqda.

Huquq himoyachilariga ko’ra, 2005 yil may oyidagi Andijon voqealari paytida ular Rossiyada bo’lgan va voqealarda ishtirok etmagan, biroq O’zbekiston hukumati fikricha, ular isyonchilarni Rossiyadan turib moliyalagan va tartibsizliklarni rejalashtirishda ishtirok etgan. Tartibga ko’ra, ularni O’zbekistonga chiqarish talabini olgan Rossiya Bosh prokuraturasi ayblanuvchilarning ishi bo’yicha mustaqil tergov o’tkaza olmaydi. Ikki davlat o’rtasidagi shartnomaga ko’ra Rossiya ularni o’tgan yozda O’zbekistonga chiqarishga tayyor edi, biroq Rossiya Yevropaning inson huquqlarini himoyalash konvensiyasiga a’zo va shu sabab Yevropa sudi avgust oyida tutqunlikdagi o’zbeklarni O’zbekistonga chiqarmaslikni buyurgan edi.

“Ivanovolik o’zbeklar” so’nggi 20 oyni Ivanovo shahar tergov izyolyatorida o’tkazdi. Kecha sud ularni ortiq ushlab turish Rossiya qonunchiligiga xilof ekanini aytib ozodlikka chiqarilishini buyurdi. “Migratsiya va huquq” tashkilotining xodimi, huquqshunos Svetlana Martinovaning aytishicha, o’zbekistonliklar taqdirini endi BMTning Qochqinlar bo’yicha Oliy Komissariati hal qiladi.

"Bugun Federal Migratsiya Xizmati rasmiylari ularga Rossiyada qonuniy ravishda vaqtinchalik qolishga imkon beruvchi hujjatlarni topshirdi. Migratsiya xizmati ularning vaqtinchalik boshpana olish to’g’risidagi arizalarini ko’rib chiqmoqda. BMTning qochqinlar bo’yicha idorasi esa ularni uchinchi davlatga ko’chirish masalasi bilan shug’ullanmoqda."

“Ivanovolik o’zbeklar”ning ahvolini yaqindan kuzatgan va ularga huquqiy yordam bergan “Memorial” inson huquqlari tashkilotining vakili Svetlana Gannushkinaning aytishicha, ularning Rossiyada qolishi xavfli.

"Ular Rossiyani tark etib, bironta xavfsiz davlatga ko’chiriladi, degan umiddaman. Chunki Rossiya hududida O’zbekiston xavfsizlik xizmati xodimlari bemalol yurishibdi. Rossiyalik hamkasblari esa ularga yordam bermoqda. Umuman so’nggi paytda shunga amin bo’ldimki, odamlar aybdormi, yo’qmi, hukumatimiz Karimovga iltifot ko’rsatishga tayyordir."

Gannushkinaning ta’kidlashicha, ishlari ko’rilayotgan o’zbekistonliklarning Andijon voqealariga zarracha ham daxli yo’q.

"Ularning birortasi ham andijonlik emas. So’nggi bir necha yil ichida turli mamlakatlarda yashashgan. Yana biri esa qirg’izistonlik o’zbek bo’lishiga qaramay, O’zbekistonda hech qachon bo’lmagan. Andijon voqealari paytida ularning bittasigina O’zbekistonda edi. Pasportini almashtirayotgan bo’lgan."

Xabarlarga ko’ra, “ivanovolik o’zbeklar”ning ayrimlari paxta savdosi bilan shug’ullanuvchi firmaga asos solgan. O’zbekiston Bosh prokuraturasi ularning firmasi “Akromiya” guruhini va Andijon voqealarini moliyalagan degan ayblovlarni olg’a surgan.

O’tgan yili Ukraina Andijon voqealariga aloqadorlikda ayblangan 10 nafar o’zbekistonlikni xalqaro normalarga xilof holda deportatsiya qilgan edi. Kuzatuvchilarga ko’ra, Ukraina O’zbekistondan gaz olish uchun shunday qilgan, biroq Ukrainaning o’zi ularni jinoyatchi deb atagan.

Ivanovodagi SIZO ga aslida 14 o’zbek joylashtirilgan edi. Ularning birida Rossiya fuqaroligi bo’lganligi sabab u ancha oldin ozodlikka chiqarilgan va keyinchalik Norvegiyada boshpana olgan edi. Yana biri esa Qirg’iziston fuqarosi.

Yurist Svetlana Martinovaning aytishicha, ularning sog’lig’i ham, ruhiy ahvoli ham yaxshi emas.

"Ko’plari ozib ketgan. Ranglari o’chgan. Axir ular izolyatorda 1,5 yildan ortiq vaqt o’tkazgan. Oilalarini sog’inishgan."

"Ularning ahvoli og’ir bo’lgan. Ko’plari kasal bo’lib qolgan. Taqdirlarining mavhumligi va shuncha vaqt panjara ortida bo’lishlari ruhiy ahvollariga ham ta’sir ko’rsatgan," - deydi “Memorial” inson huquqlari tashkilotining vakili Svetlana Gannushkina.

“Ivanovolik o’zbeklarning” qaysi mamlakatga ko’chirilishi xavfsizlik sabablari bois oshkor etilmayapti, biroq rossiyalik huquqshunos Svetlana Martinova fikricha, ular Yevropadagi davlatga ko’chirilishi mumkin.

XS
SM
MD
LG