Breaking News

O'zbek ayolining qiyofasi nurab bormoqda


O`zbekistonda so’nggi paytda aynan ayollar o`rtasida siyosatga faol munosabat, jumladan, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatga nisbatan norozilik kayfiyati kuzatilmoqda.

Ta’kidlanishicha, faol ayollarga nisbatan hukumat muruvvatli bo`lishi mumkinligi haqidagi avvalgi umidlar bugunga kelib puchga chiqqan.

So`nggi paytda ta`qibga uchragan va hibsga olingan faollar, asosan, ayollar ekani kuzatuvchilar nazarida mamlakatdagi siyosiy tuzum qiz-juvonlarni ham ayamayotganidan guvohlik bermoqda.

Faolligi uchun qamalgan Mo’tabar Tojiboyeva, Umida Niyozova va Gulbahor To`rayevalar shular jumlasidan ekani qayd etiladi.

Muxolifatdagi “Erk” partiyasi vakili Dilorom Isoqova fikriga ko`ra, avvallari hukumat faol ayollarga nisbatan bir qadar kechirimli bo`lishi mumkinligi haqidagi umidlar bugunga kelib puchga chiqmoqda.

“Negadir ko`pchilikda erkaklarga ko`rsatilayotgan shafqatsizliklar ayollarga ko`rsatilmaydi degan umid bor edi. Pullarimizni tortib olishmaydi deb o`ylashdi. Siyosatda ham shu. Avvallari partiya bu yerda faoliyat yuritayotgan paytda piketlar yoki mitinglar bo`ladimi ayollarga nisbatan erkaklarni ko`proq kaltaklashardi", - deydi Isoqova.

O`zbekiston prezidenti tomonidan ayollar haqida aytilgan va boshqa rasmiy vakillar tomonidan matbuotda bildirilgan ma`lumotlarga ko`ra, ayollar huquqi, ularning ijtimoiy muhofazasi hukumat siyosatining asosiy diqqat markazida turibdi.

Jumladan, ularning ishbilarmonlik faoliyati bilan shu`gullanishiga imtiyozli imkoniyatlar yaratilayapti, ijtimoiy jihatdan muhofazalangan.

Toshkentdagi “Mohlaroyim” o`quv markazi rahbari Gulchehra Hamidovaning aytishicha, hozir ayollarning tadbirkorlik bilan shu`gulanishlari uchun imtiyozlar berilgan.

“Bugungi kunda ayollarimizni uyda farzand tarbiyasidan ajralmagan holda kasanachilikni rivojlatirishga e`tibor qaratilmoqda, fermer xo`jaliklari uchun imkoniyatlar yaratilmoqda”, - deydi u.

Kuzatuvchilar ta’biricha, o`zbek ayollarining bugungi achinarli qismati erkaklar turmush tashvishlaridan chekingan bir paytda tirikchilikni o`z yelkalariga olishlarida, shu maqsadda turli mamlakatlarga chiqib ketishayotgani yoki avval tarixda kuzatilmagan holat - o`zbek ayollarining mardikorlikka chiqishida kuzatiladi.

Muxolifatadagi “Erk” partiyasining vakili Dilorom Isoqova odatda millat qiyofasini shu millatning ayoliga qarab belgilash mumkin deydi.

“Ko`plab biznes bilan shug’ullanayotgan ayollarning o`zlari tan olishlaricha, ular katta baxtni - oilada bo’lish baxtini yo`qotishgan. Bu ayollar ikki haftada bir kelib, moliyaviy ahvolini yaxshilar, biroq bugungi kunda qancha ayollarimiz tashqariga mardikorchilikka chiqib ketganining hisobi yo’q. Ularning ahvoli o`ta achinarli. Bayram arafasida chiroyli so`zlar gapirilayapti, bu bo`sh, yolg`on so`zlar oqimi nimaga kerak. Bugun Rossiyada, Qozog`istonda qulchilik qilib yurgan ayollarning ahvoli millatning ahvoli. Ular agar mardikor deyilsa, millat mardikor, qul deyilsa demak qul. Chunki millatning ertasini ana shu ayollar yaratadi”, - deydi Isoqova.

So`nggi paytda O`zbekistonda kuzatilgan ko`pchilik norozilik chiqishlarida, asosan, ayollar ishtiroki kuzatiladi. O`zbekiston huquq himoyachilari alyansi tomonidan tarqatilgan ma’lumotlarga ko`ra, yaqindagina Andijonda ayollarning norozilik chiqish kuzatilgan.

Bozorda savdo qilayotgan tijoratchi ayollar tomonidan tashkil etilgan norozilikka qo`shimcha patta pullarini joriy etilishi sabab bo`lgan.

Alyans a`zosi huquq himoyachisi Sayyora Otaxonovaga ko`ra, bugun ayollarni ham iqtisodiy jihatdan faollashuvlari majburiy ravishda erkaklarning ishsizligi oqibatida sodir bo`lmoqda.

“Hozir erkaklarga nisbatan ayolarga og`ir, avvallari ish bor edi, ayollar erkakka topib kelgan narsani oshirib, bolalari bilan baham ko`rardi, bugun o`zi topadi va o`zi pishirishadi”, - deydi u.

Kuzatuvchilarga ko`ra, ayollarning bola tarbiyasi bilan emas, tirikchilik bilan bandligi ayni kunlardagi qiyinchiliklarni yengish uchun muhum. Biroq bu qiyinchiliklar an’anaviy tarzda gavdalanadigan o`zbek ayoli obrazining tobora nurab borishiga xizmat qilmoqda.

XS
SM
MD
LG