Jahon afyunining 90 foizi Afg'oniston hissasiga to'g'ri keladi

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat departamentining jahon miqyosida narkotiklarni nazorat qilish bo’yicha strategiyasi bitilgan hisobotga ko’ra, Afg’oniston 2006 yilda ham jahon bo’ylab eng ko’p afyun ishlab chiqargan davlat bo’ldi.

Jahon afyunining 90 foizidan ortig’i Afg’onistonga to’g’ri keladi. Afg’oniston geroin bo’yicha ham yetakchi o’rinda.

AQSh Davlat kotibining xalqaro miqyosda narkotiklarga qarshi kurash va huquq-tartibot organlari bilan aloqalariga javob beruvchi muovini Ann Pattersonning aytishicha, Afg’onistonda qoradori ishlab chiqarish sur’ati o’tgan yili 59 foizga ko’paygan.

“Tashvishlanarlisi shuki, qoradori savdosi bilan Tolibon shug’ullanmoqda. Undan tushayotgan daromad jangarilar va ularning AQSh va NATO kuchlariga qarshi harakatlarini moliyalashga sarflanmoqda”.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining yangi hisobotida bu yili ham afyunni yetishtirish sur’ati o’sishi ta’kidlangan. BMTning narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasining ijrochi direktori Antonio Mariya Kostaning aytishicha, Afg’oniston janubida narkotiklar bilan shug’ullanuvchi guruhlarning terrorizmni moliyalashi va terrorchilarning narkobaronlarni qo’llab-quvvatlashi xavotirga sabab holdir.

Shuning uchun janubda isyonchilar bilan birga qoradorichilarga ham qarshi kurashni kuchaytirish kerak, deydi BMT vakili.

BMT hisobotiga ko’ra, mamlakat markazi va shimolida aholiga oddiy dehqonchilikka o’tishga sharoit yaratilayotgani bois afyun yetishtirish keskin pasayishi kutilmoqda.

Sog’liqni saqlash, ta’lim, yo’llarni ta’mirlash, elektr quvvati bilan ta’minlash va irrigatsiya bilan bog’liq tashqi yordamni olgan qishloqlarning olti foizigina afyun yetishtirish bilan shug’ullanadi, deyiladi hisobotda.

So’nggi ikki yil ichida Qo’shma Shtatlar Afg’onistondagi dehqon va fermerlarni chorvachilik va qishloq xo’jaligiga jalb qilish maqsadida 300 million dollardan ziyod mablag’ sarfladi. Prezident Bushning Kongressdan Afg’onistonga yordam uchun so’rayotgan 10 milliard dollardan oshiq pulning bir qismi narkotiklarga qarshi dasturlarga ham ajratiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG