O'zbekiston viloyatlarida boshpanasiz daydi kishilar ko'paymoqda


Norasmiy ma’lumotlarga ko’ra, O’zbekistonda bomjlar, ya’ni uy-joysiz kishilar soni ko’paymoqda. Ishsiz va boshpanasiz daydilar o’zlarining bu holga tushish sabablari turlicha ekanini aytishadi.

Ayrim kuzatuvchilar fikricha, mamlakatdagi ba’zi rasmiylarning qalbaki hujjatlar tayyorlab, qamalgan yoki qarovsiz, yakka-yolg’izlar uylarini o’zlashtirishlari oqibatida ham so’nggi paytlarda boshpanasiz daydilar ortib borayotgan ekan.

“Qog’ozlar, shisha yu turli ichimliklardan bo’shagan idishlarni yig’ib yuraman. Ularni topshirib, shular hisobiga yashayman. O’ng kelgan joyda, podyezddami, ko’chalardami, yotib yuraman”, - deydi Toshkentning markaziy mavzelaridan birida axlat qutilarini titayotgan ayol.

Ko’chalarda, uylar yerto’lasi-yu turli tashlandiq joylarda yashab yuruvchi, sadaqa so’rab yoxud makalatura va shisha yig’ib kun ko’ruvchi ko’p sonli odamlar to’dasi bugun O’zbekiston uchun oddiy voqelikka aylangan. Bu uy-joysiz daydi ayol o’zining va unga o’xshashlarning bu holga tushish sabablari haqida gapirarkan, hayoti og’irligidan zorlanadi.

Bomjlar deb ataluvchi bu toifadagi uysizlar guruhiga na hokimiyat, na-da aholining e’tibori yetarlicha emas. Ayniqsa viloyatlarda bunday holatning ko’payayotgani kuzatilgan. Toshkent ko’chalarining birida o’zini xorazmlik deb tanishtirgan ishsiz va uy-joysiz kishi davlat tomonidan har qanday yordam kutishdan umidini uzganini aytadi:

Uysiz: Man o’zim detdomda katta bo’lganman. 50 yoshdan beri bitta o’zim yashayapman. Hech kim menga yordam bermagan. Agar chuqurga tushsangiz-chi, birov qo’l bermaydi. Davlat tomonidan hech nima yo’q. Spespriyomnikka tiqadi, spespriyomnikda hammasi bit-mit, hammasi o’sha yerda.

Muxbir: Siz necha yildan beri mana shunday hayot kechirasiz?

Uysiz: 80-yildan beri.

Muxbir: Nima uchun?

Uysiz: Nima uchun bo’lardi, men bir marta qamoqda o’tirib chiqqanman. Chiqqandan keyin, ishga kiraman deb upravleniyega kirsam, sen oldin propiskaga kirgin, keyin ishga olamiz, dedi. Pasportniy stolga borsam, sen oldin ishga kirgin, keyin seni propiska qilamiz, deyishdi. Zamknutiy krug bo’lgan. Men xorazmlikman o’zim, odamlarda pul yo’q, oylik to’lamayapti, nima qiladi, keyin ko’chaga chiqib yuraveradi. Ko’chadan butilkani topshiradi, qog’ozini olib borib topshiradi, pulini topadi. Bomjlarning har xil millati bor: koreys ham bor, o’zbek ham bor, uyg’ur ham bor, Rossiyadan kelgan ruslar ham bor.

Muxbir: Mana shu, sizlarning hayotlaringiz yaxshi bo’lib ketadi, deb o’ylaysizmi?

Uysiz: Yo’q, yaxshi bo’lmaydi. Meni hayotimda 15 tasi o’lib ketgan. Bittasi yaqinda ana u yerda chuqurga tushib o’lib ketdi. Bittasi anavi yerda, garajning orqasida o’lib ketgan. Ko’pisi o’lib ketgan. Bir-ikkitasini mashina bosib ketgan. Bittasini “jiguli” urgan, orqasidan avtobus bosib ketgan. Ko’pisi o’lgan.

Muxbir: Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, O’zbekistonda ba’zi rasmiylarning qalbaki hujjatlar tayyorlab, odamlar uylarini o’zlashtirib olish holati so’nggi paytlarda ko’paygan. Bu hol ham ko’chalarda yashab yuruvchi boshpanasizlarning ortib borishiga sabab bo’lmoqda.

O’zbekistonda bomjlar uchun biror bir dastur ishlab chiqilmagan. Ularning aksariyati ishsizlik tufayli ko’chaga chiqib ketishganini aytishadi. Mustaqillikdan so’ng, rusiyzabon aholining ko’pchiligi Rossiya va boshqa mamlakatlatga ko’chib ketgan.

Iqtisodiy nochorlik tufayli, ketish imkonini topmagan ba’zi kishilar esa uylarini sotishga va bomjlik hayotiga o’tishga majbur bo’lishgan. Bu uysiz va ishsiz ayolga ko’ra, daydilar orasida turli kasalliklarning mavjudligiga to’yib ovqatlanmaslik ham bois bo’lmoqda. “Biz ko’p holda oziq-ovqatimizni ham axlat qutilaridan topamiz”, deydi u.

Daydilar hamma davrlarda ham bo’lgan, deydi jurnalist Ilhom Sirojiddinov. Unga ko’ra, daydilar orasida o’zbek millatiga mansublari juda oz bo’lib, ularning asosiy qismi ishlashni istamaydigan irodasiz kishilar.

“Bularning turi ham ko’p-da, demak bittasi nogiron, ishlolmaydi, bittasi piyonista, yana bittasi kasb qilib olgan, ya’ni ishlashni xohlamaydi. Endi orasida bo’lib turadi, iqtisodiy qiyinchilik deydimi, boshqa deydimi. Qiynalganlar bor. Qiynalganlar alohida, ular yuribdi, boshqa yerdan ilojini qilib, tirikchiligini qilyapti. Endi buni o’tish davri qiyinchiligimi, boshqa deyishadimi, men unchalik ishonmayman. Ish topolmayotganlar bor, bo’lishi mumkin. Yoki ish topilsa ham maoshi qoniqtirmayotgan bo’lishi mumkin. Ozbeklarda oriyat kuchli, ish topolmaganlar mardikor bozoriga chiqishyapti. O’sha yerda, misol uchun kimnidir xizmatini qilishadi-da, ana o’sha orqali tirikchilik qilishadi. Inson har qanday vaziyatdan ham chiqib ketadi-da, agar u aqlli, hushli, irodasi bo’ladigan bo’lsa, unaqa daydib yurmaydi. Asosan shu daydilar lo’li – kasb qilib olgan, yoki ichuvchilar”, - deb hisoblaydi jurnalist Ilhom Sirojiddinov.

Aholining esa uysiz daydilarga munosabati turlicha. Aksariyat kishilar bu daydilarning o’z uylari atrofida, yo’lak va uy yerto’lalarida bo’lishidan xavfsirashadi. Ular daydilarning o’g’rilik qilishidan, turli kasalliklar tarqatishi mumkinligidan xavotirda.

Ba’zi mahallalarda esa, uysizlar mahalliy aholining turli uy-yumushlariga yordam berib ham yurishadi. Bu daydilar xizmati uchun katta haq talab qilmasligi, qorni to’yishi evaziga kishilarning har qanday yumushini bajarishi ba’zilarga qo’l ham keladi.

“Bizlarning mahallada ham bular kimning ishi bo’lsa, o’shalarga yordam berib, qarashib, qo’lidan kelgancha halol ishlab, topgan pulini u-bu narsa olib o’zlariga, ishlatayotgan odamlar kiyim-kechaklar berib bularga, yordam berib turishadi”, - deydi o’zini Anvar deb tanishtirgan mahallada yashovchi kishi.

1992 yili Respublika Jinoyat kodeksidan sadaqa so’raganligi yoki daydib yurgani uchun javobgarlik olib tashlangach, bomjlar javobgarlikka tortilmaydigan bo’lgan. Biroq ular jamoat tartibini buzganlikda ayblanib, militsiya bo’linmalariga tushib turadi.

Kuzatuvchilarga ko’ra, ko’chalarda daydib yurgan uysizlar erta o’lib ketishadi. Bunga ularning og’ir hayoti, ochlik, turli xil kasalliklarga uchrashi sabab bo’lishi mumkin.

XS
SM
MD
LG