Kongress: Bush ma'muriyati Afg'onistonda ishni eplay olmayapti


Afg’onistonda AQSh qo’shinlari Al-Qoidaga qo’lbola bomba yasashda yordam berib kelgan bir mutaxassisni qo’lga olgan.

Biroq Tolibon Afg’oniston tinchligiga rahna solishda davom etmoqda. AQSh Kongressi nazarida Bush ma’muriyati bu mamlakatda ishni eplay olmayapti.

Afg’onistonning Hilmand viloyatida NATO kuchlari qonli janglar olib bormoqda. Tolibon yana hujumga o’tgan. Ularga qarshi Axilles operatsiyasi boshlangan.

Qandahorda esa bir kishi o’zini Kanada askarlari yonida portlatgan. Besh kishi qattiq jarohat olgan. AQSh harbiylari nazarida Tolibon va Al-Qoida qayta jonlanib, bahorgi hujumlarga tayyorlanayotgan bo’lishi mumkin. Vaziyat ancha tang.

AQSh Kongressi Afg’onistondagi ahvoldan tashvishda. "Kim nima bilan band"? – deya so’raydi senator Jo Bayden (Joseph Biden).

"O’tgan bir yil Tolibon ag’darilganidan beri eng qonli davr bo’ldi",- deydi Bayden.

Demokrat senator Rass Feyngold (Russ Feingold) AQShning mintaqa bo’yicha bosh diplomati Richard Baucherni (Richard Boucher) savolga tutdi.

"AQShning amaldagi siyosati umuman foyda bermayapti, shunday emasmi"?

"Biz ishlayapmiz. Vaziyatni yaxshilashga urinyapmiz. Biz, nazarimda, bu yil kuchliroq zarba berishga tayyormiz",- deydi Baucher.

Baucherning aytishicha, Afg’oniston xavfsizligi NATO qo’lida. Tashkilot harbiylar sonini 23 mingga yetkazgan.

AQSh ham Afg’onistonda shuncha qo’shinga ega. Xalqaro koalitsiya rasmiylari fikricha, o’tgan yili Tolibon ancha zarba yegan. Ko’plab hujumlarini amalga oshira olmagan.

"O’tgan yili, qancha urinmasin, Tolibon maqsadiga yeta olmadi. Lekin biz ham Afg’onistonni butunlay tinchita olmadik",- deydi Baucher.

Bush rahbariyati Kongressdan Afg’onistonda yangi yo’llar qurish va mamlakatni qayta tiklash uchun ikki milliard dollar so’ramoqda.

Rasmiy Kobul qoradori sanoatini yo’q qilish harakatida. AQSh ramiylarining aytishicha, jahonda afyunning 90 foizidan ko’pi Afg’onistondan chiqadi. NATO ko’knori dalalarini buzmoqda, biroq bu bilan muammo yechilayotgani yo’q.

"Afg’onistonda qishloq xo’jaligini shakllantirish kerak. Ularga yangi urug’ kerak. Mahalliy xalq yangi yo’llar, suv va chiroqqa muhtoj",- deydi Baucher.

O’lkaga bahor kelgan. Tolibon va Al-Qoida inidan chiqadi, jangari hujumlari ko’payadi degan xavotir hukmron. Asosan mamlakat sharqida. AQSh harbiylari bu yilgi sinovlarga tayyor, deya ishontirmoqda Richard Baucher.

"Dushman qishbo’yi bomba yasagan va yangicha hujum usullari ustida bosh qotirgan bo’lishi tayin. Qiyin kunlar, qonli hujumlar bo’ladi. Lekin biz javobga shaymiz",- deydi Baucher.

Kongressda ko’pchilikni tashkil etuvchi demokratlar diplomatlar so’ziga ishonqiramay qaraydi. Biroq Afg’onistonda Tolibon va Al-Qoidadan qutulish uzoqqa cho’zilishini aniq biladilar. Mamlakat iqtisodiy ravnaq topmaguncha xalq aziyat chekaveradi, deyishadi ular.

XS
SM
MD
LG