Breaking News

Amerika oliygohlarida poraxo'rlikka o'rin yo'q


Ko’pchilik amerikaliklar fikricha Qo’shma Shtatlarning eng qudratli quroli nishonga bexato uradigan raketalar, harbiy qiruvchi samolyotlar yohud ko’pming kishilik armiya emas.

Amerikaning faxri va g’ururi bu uning universitetlaridir. Bilimli, intiluvchan va mehnatkash talaba o’z kuchi bilan, hech kimning yordamisiz, pora bermasdan AQSh universitetiga kira oladi.

Markaziy Osiyo oliy o’quv yurtlarida fidoiy, halol va vijdonli professor-o’qituvchilar yo’q desak, xato bo’lar edi. Talabalarni zir yugurtirib, xat-savod o’rgatuvchi muallimlar bor.

Ammo ba’zida poraxo’rlik holatlari ham bo’lib turishini e’tirof etmasdan iloj yo’q. Mutaxassislar nazarida poraxo’rlik Markaziy Osiyo ta’lim tizimini yemirib bormoqda.

Amerikada o’qishni istagan yoshlar okean ortida ham pora va tanish-bilish bilan o’qishga kirish mumkinmi deya o’ylanayotgan bo’lsalar:

“O’z tajribamdan kelib chiqib, yo’q deb javob berishim mumkin. Aniqrog’i, bizning universitetda bunday holatlar kuzatilmaydi”,- deydi Vashingtondagi Amerika Universiteti (American University) qabul komissiyasi direktori Ayrin Moyer. “Albatta, Amerika Qo’shma Shtatlaridagi har bir universitet darsxonalari uchun javob bera olmayman. O’zim tabala bo’lib yurgan paytlarimda, har holda, kurdoshlarimning professorga pora bergani yoki o’qituvchining pora olganini eslay olmayman”.

Amerika Universitetida ham professorlar bu borada o’ta xolis va qati’yatli, deydi Ayrin Moyer.

Jorj Vashington Universitetida (George Washington University) dars berayotgan turkmanistonlik olima Najiya Badikova fikricha:

“Buning mutlaqo iloji yo’q. Amerikadagi universitetlar talabani maktab yoki kollejidagi avvalgi baholariga qarab qabul qiladi. Agar talabaning ko’rsatkichlari past bo’lsa, uni hech bir universitet hatto pora evaziga ham o’z safiga qo’shmaydi. Ammo ba’zi istisnolar ham yo’q emas. Masalan, qandaydir sabablar bilan talabaning bahosi past, biroq u universitetda o’qishni juda istaydi. U holda talaba puxta, ravon, asosli va g’oyat mazmunli esse yozib, uni bilgan odamlardan tavsiyanomalar olib, universitet qabul hay’atiga murojaat qiladi. Bu kabi holatlarda universitet sizni sinov sharti bilan qabul qiladi. Sinov muddatidan muvaffaqiyatli o’tsangiz, o’qishni davom ettirasiz. Talaba jonini jabborga berib o’qishi kerak”.

Amerikada o’qish uchun moliyaviy yordam qayerdan keladi?

“Universitetimiz magistraturaga hujjat topshirayotgan chet ellik talabalarga stipendiya beradi”,- deydi Amerika Universiteti xodimi Ayrin Moyer.

Biroq bu yordam odatda o’qishni to’liq qoplamaydi. Shuning uchun xorijlik talaba, deylik, darslik, o’quv qurollari, ijara haqi va yegulik uchun o’zi mablag’ topishi kerak bo’ladi. Maxsus stipendiyalar uchun ariza topshirayotgan talabalar o’ta ko’p, raqobat juda yuqori.

Moliyaviy yordam olishni istagan talaba hujjatlarni deadline, ya’ni so’nggi sanadan ancha avval topshirgani ma’qul.

Amerika Universitetida bir yillik o’qish bahosi, yashash, oziq-ovqat va boshqa xarajatlar bilan birga hisoblaganda, taxminan 43 ming dollar atrofida.

Qo'shimcha ma'lumotlar bilan Ilm-Fan sahifasida tanishing.

XS
SM
MD
LG