Oq uyning Iroqdagi siyosatiga munosabat turlicha


Iroq urushining to’rt yilligi oldidan Vashingtonda urush bo’yicha munozaralar tobora qizib bormoqda. Kongressning ikkala palatasida ko’pchilikni tashkil qilgan demokratlar Bush ma’muriyatining Iroqdagi siyosatini keskin tanqid qilishda davom etmoqda. Asosiy tanqidchilardan biri Jorj Bushning 2004 yilgi saylovlardagi raqibi senator Jon Kerri. Uning aytishicha, Iroqdagi zo’ravonliklarga harbiy yo’l bilan yechim topib bo’lmaydi.

"Askarlarimizning yana to’rt nafari halok bo’lgani haqida xabar topgach, urushda qatnashgan inson sifatida o’zimga-o’zim savol beraman: nimalar qilyapmiz? Yigitlarimiz u yerda nimalar qilyapti?"

Jon Kerri tilga olgan to’rt askar kecha Bag’doddagi portlashda o’lgan.

Oq uy yanvar oyida Iroqdagi zo’ravonliklarga barham berish maqsadida qo’shimcha 21.5 ming qo’shinni safarbar qilishini ma’lum qilgan edi. Bir necha kun burun esa Bush ma’muriyati Iroqqa yana 4,700 askar yuborilishini aytgan.

Davlat xavfsizlik maslahatchisi Stiven Xedlining aytishicha, iroqliklar o’z xavfsizligiga o’zi javob bera olgan taqdirdagina mamlakatni tark etish mumkin.

"Qo’shinlarimiz undan oldin chiqib ketsa va Iroq hukumati vaziyatni o’z nazorati ostiga ololmasa, Iroq terrorchilar makoniga aylanadi va ular qo’shni davlatlar va hattoki bizning xavfsizligimizga rahna soladilar," deydi prezident Bush maslahatchisi.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts Iroqda qo’shinlar sonini ko’paytirish qanday natija berishini bilmay turib, amaldagi siyosatni tanqid qilmaslikka chaqirdi.

"Iroqdagi qo’mondonimiz general Petreyusning aytishicha, biz buni yozga borib bilishimiz mumkin. Iroq hukumati o’z majburiyatlarining uddasidan hozircha chiqmoqda."

Demokrat-kongressmen Jon Murta bunga kinoya bilan javob berdi.

"Bizga har safar olg’a siljish bor, deyishganda aslida aksi bo’lib chiqadi. Masalan, neft va elektr quvvat ishlab chiqarish sur’ati haligacha urushdan oldingi ko’rsatkichlardan past. Zo’ravonliklar ham susaygani yo’q."

Kongressmen Murta Vakillar Palatasida askarlarni Iroqdan 2008 yil sentyabrigacha olib chiqishni ko’zda tutgan qonun loyihasi tarafdorlaridan. O’tgan kunlar ichida Vashingtonda minglab odamlar Iroqdagi urushga qarshi namoyish qildi. Namoyishlar AQShning boshqa shaharlarida ham kuzatilmoqda.

XS
SM
MD
LG