Breaking News

O'zbekiston faollari nazarida Iroq jahon hamjamiyati uchun sinov


AQShning Iroqqa bostirib kirganiga to`rt yil to’lar ekan, O`zbekiston siyosatshunoslari va huquq himoyachilari masalaga yaqindan nazar tashlamoqda. Ular Iroqdagi urushga qarshi dunyo bo’ylab qilinayotgan namoyishlarni qo`llab-quvvatlamoqda.

O`zbekiston huquq himoyachilari alyansi qoshidagi “Xalq diplomatiyasi ” klubi tomonidan tashkil etilgan muhokamada asosan AQSh qo`shinlarining Iroqqa bostirib kirishidan ko`zlangan maqsad amalga oshmayotgani bildirildi.

Muhokama tashkilotchilaridan biri ekspert Toshpo`lat Yo`ldoshev fikricha AQSh ma’muriyati Iroqdagi siyosatida bir qator xatolarga yo`l qo`ygan.

“Iroqdagi urush nafaqat AQSh uchun balki uning ittifoqchilari uchun ham fojea bilan yakunlanmoqda. Hozirgacha AQSh qoshinlaridan 3200 kishi, Iroqdagi tinch aholidan, ayim ma’lumotlarga ko’ra, 70 ming kishi qurbon bo`lgan. AQSh ma’muriyati Yevropa Ittifoqi bilan maslahatlashgan holda siyosat yuritganda bu darajadagi xatoliklar bo`lmas edi. Bu holatlarga nuqta qo`yish vaqti yetdi ”, - deydi Yo`ldoshev.

Huquq himoyachisi Ibrohim al- Hoshim nazarida Iroqdagi bugungi vaziyatning ildizi sobiq diktatorlik tuzumi bilan bo`gliq.

“Agar AQSh Iroqqa kirmaganida, u yerdagi diktatura hozirgacha davom etgan bo’lardi. Keyin biz qiynalayapmiz, nega yordam ko`rsatmaysizlar deyishgan bo’lardi. Hozir Iroqdagi vaziyat o`gir. Albatta AQSh turli xatolarga yo`l qo`ygan. Biroq bu urush”, - deydi al-Hoshim.

Kuzatuvchi Komron Aliyev mulohazalriga ko`ra AQSh avvaliga aynan demokratiyaning asosiy himoyachisi sifatida faoliyat ko`rsatgan bo`lsa-da, keyingi siyosat buni oqlamagan.

“Iroqda demokaratiya qaror topishi va vaqtinchalik muvaqqat hukumat Iroqdagi barcha mazhab vakillari uchun erkin yashash imkoniyatini yaratib berishi lozim edi. Lekin AQSh demokratiyaning asosiy himoyachisi va Iroq esa neftga boy mamlakat bo`lishiga qaramasdan, u yerdagi vaziyat keskin… AQSh qo`shinlari va muvaqqat hukumatga qarshi kurash yanada keskinlashmoqda”, - deydi Aliyev.

Huquq himoyachisi Abdulla Tojiboy o`g’lining aytishicha Iroqdagi vaziyat bugun turli tomonlar uchun sinov maydoni.

“Hozir Iroq turli qurollar, taktikalar va g`oyalar sinovi uchun maydoni bo`lib qolgan. Turli tuman qurollar ishlatilayapti, sinovdan o`tkazilmoqda. Ularning hammasi odamzodni qirishga mo`ljallangan”, - deydi huquq himoyachisi.

Munozarada qatnashgan ayrim kuzatuvchilar nazarida hozir AQSh qo`shinlarini Iroqdan olib chiqish mamlakatda fuqaro urushini avj oldiradi.

XS
SM
MD
LG