O'shda etnik nizolar yangilanayotgan bo'lishi mumkin


Qirg’iziston rahbari Qurbanbek Bakiyev O’zbekiston chegarasiga yaqin Botken viloyatida xalq bilan uchrashib, ikki mamlakat o’rtasidagi aloqalar haqida muloqot qilgan.

Janubiy Qirg’izistonda etnik nizolar hukm suradi. O’sh shahridagi ba’zi imoratlarning devorlarida rus tilida qo’pol va bachkana so’zlar yozib ketilgan. Yozuvlar shaharning tub aholisi bo’lmish o’zbeklarga qaratilgan.

O’tgan asr boshlarida rus mustamlakachilari mintaqaning mahalliy aholisiga nisbatan qo’llagan “sart” so’zi hozirda ayrim guruhlar tomonidan o’zbeklarni kamsitish ohangida ishlatiladi.

O’sh shahrining markaziy ko’chalaridan birida millatchilik ruhida yozilgan chaqiriqning paydo bo’lishi, bunga mahalliy hokimiyat va huquq-tartibot idoralari tomonidan e’tibor berilmayotgani aholining noroziligiga sabab bo’lgan.

O’sh shahar milliy markazi raisasi Arofat Olimjonovaning aytishicha, millatchilikning oldini olish zarur, aks holda, xalqlar do’stligiga putur yetishi mumkin.

“Shahar meriga, gubernatorga yozma ravishda milliy markaz nomidan qo’l qo’yib murojaat qilamiz. Qani, bunga qanaqa javob bo’ladi. Men o’ylaymanki, shu yerda ishlayotgan rahbarlar bu masalani vaqtida hal qilmasa, xalqlar orasiga nifoq tushishi mumkin. Bunga qarshi hammamiz kurashishimiz kerak. Yoshlar ichida bezorilar bo’ladi, kechasi o’shanaqa yozuvlarni yozib ketadi. Lekin shuni hech ko’rmaganmi”?- deydi Olimjonova.

O’tgan asrning 90-yillarida Qirg’iziston janubidagi O’sh va O’zgand shaharlarida o’zbeklar va qirg’izlar o’rtasida birodarkushlik yuz bergan. Tarixchilar bu qonli voqealar sababini tanazzulga uchragan Sovet Ittifoqi va mahalliy hokimiyat idoralarining noqobil siyosatidan izlaydilar.

Millatlararo munosabatlarni o’rganayotgan jurnalist Svetlana Gafarovaga ko’ra, keyingi yillarda Qirg’iziston janubida millatchilik kayfiyati yana kuchaya boshlagan.

“Maishiy millatchilik holatlari, afsuski, keyingi yillarda ko’p kuzatildi. Turli millatlar o’rtasida o’zaro muomala madaniyati yo’qoldi. Bugun etnik siyosat davlat miqyosida muvozanatga ega emas. Bu haqda yillar davomida gapirilyapti”, - deydi Gafarova.

Mutaxassislar nazarida Qirg’iziston janubida ijtimoiy muammolarning davlat tomonidan hal qilinmayotgani ham milliy nizo kelib chiqishiga sabab bo’lmoqda. Millatlararo ziddiyatlarni kuzatayotgan tahlilchi Maqsuda Aytieva ayni ijtimoiy muammolar milliy toqatsizlikni keltirib chiqarayotganini aytadi.

“Ijtimoiy masalalar paydo bo’lgan paytda ikir-chikirlar ham katta muammoga aylanadi. Hukumat millatidan qat’iy nazar oddiy fuqarolarning yashash darajasiga qancha kam e’tibor qaratsa, odamlarning turmush sharoiti qancha yomon bo’lsa, har qanday darajada nizo chiqish ehtimoli ham shuncha yuqori bo’ladi”.

O’sh shahar hokimiyatidan ma’lum qilishlaricha, ushbu mavzu xalqaro ommaviy axborot vositalarida yoritilgach, Alisher Navoiy va Aytieva ko’chalari chorrahasidagi bino devorida paydo bo’lgan millatchilik ruhidagi yozuv o’chirilgan.

XS
SM
MD
LG