Breaking News

AQSh-Pokiston munosabatlari og'ir kunlarni boshdan kechirmoqda


AQSh Pokistonni terrorga qarshi urushdagi muhim ittifoqchi deb hisoblaydi. Biroq so’nggi bir yil ichida Afg’onistondagi jangarilarning Pokistonning g’arbiy va janubiy hududlaridagi bazalardan turib harakat qilayotgani ayon bo’ldi.

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo’yicha muovini Richard Baucher Pokistonning terrorga qarshi urushdagi roliga yuqori baho beradi.

"Pokiston faol kurash olib bormoqda va biz bilan hamkorligi salmoqli. Hech qaysi davlat al-Qoida a’zolarini Pokiston kabi ko’p qo’lga tushirmagan va hech qaysi davlat bu urushda Pokiston kabi ko’p odam yo’qotmagan."

Yaqinda Pokistonga qilgan tashrifi chog’ida Richard Baucher prezident Musharrafni Pokiston-Afg’oniston chegara hududlariga o’rnashib olgan al-Qoida va Tolibon jangarilariga qarshi kurashni kuchaytirishga chaqirdi. Qo’shma Shtatlar Pokistonning chegara hududlari iqtisodiyotini yaxshilash uchun besh yil ichida 750 million dollar ajratishni ko’zlamoqda. Ushbu reja Pokiston hukumatining jangarilarga qarshi kurashidan qoniqmayotgan Kongress tasdig’idan hali o’tgani yo’q.

Vashingtondagi Tashqi aloqalar kengashining Janubiy Osiyo masalalari bo’yicha mutaxassisi Daniel Markining aytishicha, Kongress Pokistonga moliyaviy yordamni terrorga qarshi urushidagi muvaffaqiyatlariga qarab bermoqchi.

Afg’onistonda zo’ravonliklarning kuchayayotgani tashvishlanarli hol. Zo’ravonliklar orqasida turgan jangarilar chegaraning u tarafida, Pokistonda boshpana topgan. Shuning uchun o’tgan kuzdan buyon AQSh va NATOning Pokiston hukumatiga bosimi kuchaygan."

Ayrim mutaxassislar fikricha, Pokiston hukumati al-Qoidaga qarshi qattiq kurashayotgan bo’lsa, Tolibonga nisbatan bosimi ancha sust. Afg’onistondagi mojaroning o’chog’i Pokistondadir deyishadi ular.

Xavfsizlik masalalari bilan shug’ullanuvchi Vashingtondagi tahliliy maskan hisoblangan REND korporatsiyasining xalqaro xavfsizlik va mudofaa siyosati markazi direktori Jeyms Dobbins bir paytlar prezident Bushning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili bo’lgan.

Uning aytishicha, Afg’onistonda harakatlanayotgan jangarilar Pokistonda yollanadi, maxsus tayyorgarlikdan o’tadi va moliyalanadi. Qo’shma Shtatlar, NATO, Afg’oniston va BMT rasmiylarining norasmiy ma’lumotiga ko’ra Pokiston razvedkasi Tolibonga yordam ko’rsatib kelgan.

Islomobod buni rad etib kelmoqda.

Ayrim tahlilchilar nazarida Pokistonning AQSh bilan terrorga qarshi kurashdagi hamkorligi rasmiy Islomobodga qimmatga tushmoqda. Hukumat va muxolifat o’rtasida taranglik kuchaymoqda.

Vashingtondagi yana bir tahliliy markaz hisoblangan Kato Institutida Janubiy Osiyo bo’yicha mutaxassis Stenli Kober Pokistonning Islomobod va Karachi kabi yirik shaharlarida qonunsizlik kuchayayotganidan xavotirda. Jinoyatchilik sur’ati oshmoqda, armiya va politsiya tizimida tartib yo’qolmoqda, bu davlat apparatining zaiflashayotganidan dalolatdir, deydi u. Stenli Kober nazarida agar chegaradagi qabilaviy hududlar va Afg’onistonda vaziyat yaxshilansa, tizim o’z holiga qaytishi mumkin. Aks holda, tahlilchilar fikricha, Kongress AQSh hukumatini Pokistonga nisbatan siyosatini o’zgartirishga undashi mumkin.

XS
SM
MD
LG