Pokistonda o'zbek jangarilar va qabilalar o'rtasida to'qnashuvlar


Pokiston-Afg’oniston chegarasida o’zbek jangarilari va mahalliy qabilalar o’rtasigi janglar davom etar ekan, o’lganlar soni 135 kishiga yetgan. Ulardan 80 nafari o’zbek ekani aytilmoqda.

Pokiston rasmiysi general Vohid Arshad fikricha, mahalliy qabilalar hukumat bilan kelishuv doirasida hududni jangarilardan tozalash rejasini amalga oshirmoqda.

Biroq boshqa xabarlarga ko’ra, viloyatdagi to’qnashuvlar aslida jangari guruhlar o’rtasida hokimiyat uchun kurashdir. Jumladan, yaqinda o’zbek jangarisi arab qo’mondonini o’ldirgani tufayli hududda ziddiyat avj olgan.

Mutaxassislar nazarida Pokiston prezidenti Parvez Musharraf mamlakatidagi tolibon va Al-Qoida a’zolariga qarshi yetarlicha kurashmayapti. AQSh, deydi ular, Pokistonga nisbatan siyosatini o’zgartirishi kerak.

Pokistondagi siyosiy beqarorlik hamda qabilaviy guruhlar va o’zbek jangarilari o’rtasidagi janglar AQSh Kongressini xavotirga solmoqda.

Tahlilchi Husayn Haqqoniy AQSh-Pokiston munosabatlarini tartibsiz deb baholaydi. Uning fikriga ko’ra AQShning Pokistonga berayotgan yordami xalq hayotini yaxshilamayapti.

Vashingtonlik mutaxassis Liza Kurtis nazarida esa rasmiy Islomobod barcha terrorchi guruhlarga nisbatan qattiqqo’l bo’lishi kerak.

“Aks holda Pokistonning ham g’arbiy, ham sharqiy chegaralari beqaror bo’lib qolaveradi, xalqaro hamjamiyat Pokistonni yakkalaydi.”

Ba’zilar ta’biricha Pokistonga yordam aniq shartlar asosida berilishi lozim.

“Yordam olish uchun, Pokiston terrorizmga qarshi kurashda jonbozlik ko’rsatishi, demokratiyaga qaytishi darkor,” - deydi demokrat kongressmen Gari Akerman.

Tahlilchi Liza Kurtis ham shu fikrda. “Bosh sudya Iftixor Chaudrining ishdan olinishi ketidan boshlangan namoyishlar demokratiya ko’zgusi deb qaralishi kerak.”

AQSh 2001 yildan beri Pokistonga 10 milliard dollar yordam bergan. Kelasi besh yil uchun 750 million dollarga teng yordam ko’rsatish ham ayni paytda muhokama ostida.

Amerika Ovozi Pokistondagi jarayonlar haqida Ravalpindi shahrida yashovchi o'zbek jurnalist O'g'uz Bilol bilan suhbatlashdi.

XS
SM
MD
LG