AQSh: Ashgabat bilan hamkorlik, Toshkent bilan esa mavhumlik


Amerika rasmiylari nazarida Turkmanistonning Qurbonguli Berdimuhammedov boshchiligidagi hukumati Internet va ta'lim sohasini cheklovchi ayrim qonunlarni bekor qilib, jamiyatni erkinlashtirishga tayyor ekanini namoyish etmoqda.

Yaqingacha Turkmaniston Markaziy Osiyodagi eng ezilgan xalq deb kelinar edi.

AQShning mintaqa bo’yicha bosh diplomati Richard Baucher ta’biri bilan aytganda, hozir bu hol biroz bo'lsa-da o’zgargan.

Lekin Vashington Ashgabatni maqtashga shoshmayapti.

"Avval, ikki oradagi aloqalarni kengaytiraylik, Turkmanistonda ijtimoiy-siyosiy hayot sal bo’lsa-da ijobiylashganini ko’raylik",- deydi Richard Baucher.

O’zbekistondagi vaziyat, prezident Islom Karimovning muddati tugagani, bu yil kutilayotgan saylovlar ham Vashington siyosiy doiralarida tez-tez tilga olinadi. Baucher, norasmiy muloqotda, saylov bilan mamlakat o’zgarib qolmaydi deydi.

Bosh diplomat nazarida O’zbekiston bilan qancha muzokara qilinmasin, qancha va’dalar berilib, orada imzolangan hujjatlar eslatilmasin, hatto madaniy-o’quv almashinuv dasturlarini yuritish ham qiyin bo’lib qolgan.

"O’zbekiston fuqarolari uchun chet elga chiqish oson emas. Shunday ekan, O'zbekiston yoshlarini bu mamlakatga taklif qilish ham qiyin",- deydi Baucher.

AQShda asoslangan nohukumat tashkilotlarning O'zbekistondagi idoralari yopilgan va yopilmoqda.

Bu kabi siyosat hamkorlikni cheklaydi, deydi AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo’yicha muovini Richard Baucher.

Vashington Afg’oniston-Pokiston chegarasida, Tolibon qo’nim topgan joylarda xalqning radikal kuchlarga, ajnabiy jangarilarga qarshi bosh ko’tarayotganini olqishlamoqda.

Lekin Vaziristonda qo’lga olingan jangarilarga nima bo’lishini, O’zbekiston Islomiy Harakati qoldiqlari deb ta’riflanayotgan odamlar taqdirini Pokiston hukumati hal qiladi, deydi Amerika rasmiylari.

XS
SM
MD
LG