Hokimiyatdan norozi afg’onlar Tolibonga hayrixohlik bildirmoqda

  • Amerika Ovozi

Afg’onistonda Tolibon harakatining jonlanishi AQSh, NATO va Afg’oniston hukumatini xavotirga solmoqda.

Nyu-York Universiteti qoshidagi Xalqaro hamkorlik markazi direktori Barnett Rubinning aytishicha, Tolibon jonlanishida ikkita omil asosiy rol o’ynaydi, ya’ni Afg’oniston janubi va sharqida buning uchun muhitning qulayligi va Tolibonning Pokiston chegarasidagi resurslardan foydalana olishi.

”Afg’oniston hukumatini kuchaytirishga yetarlicha e’tibor qaratilmagani va mamlakat janubida qabilaviy siyosatni yuritayotgan kuchlarni hokimiyat tepasiga keltirilishi ana shunday muhitni keltirib chiqargan. Tolibon ana shu kuchlarga tayanmoqda. Ular isyonchilar uchun baza vazifasini bajarmasada, hukumatga qarshi kuchli muxolifatni shakllamoqda”.

Aksariyat mutaxassislar Tolibon yangi a’zolarini Pokistonda yollayotganidan shubhalanmasada, ularning fikricha, Afg’oniston ichida ham harakatga nisbatan hayrixohlik bor.

Kaliforniyadagi Harbiy-dengiz akademiyasining Zamonaviy mojarolarni o’rganish markazi vakili Tomas Jonsonning aytishicha, qayerda afg’onlar hukumatning qayta qurish siyosatidan norozi bo’lsa, o’sha yerda Tolibon kuchaymoqda.

”Qandahor viloyatining uch tumanida Tolibonning pinhona hukumatlari bor. Ular shariatga asoslanib ish ko’radigan sudlarni qayta ochdilar. Bu yerlarda harakatga hayrixoh odamlar ko’p. Qayta qurish ishlari aynan shu hududlarda amalga oshirilmagan”.

Ayrim hududlarda mahalliy aholining Tolibonga hayrixohligi o’sayotganini yaqinda o’tkazilgan so’rovdan ham bilish mumkin. Tolibonni kuchaytirayotgan yana bir omil – giyohvand moddalar savdosi.

Hilmand viloyati afyun yetishtirish bo’yicha yetakchi o’rinda turadi. Ayrim mutaxassislar fikricha, toliblar o’z harakatlarini moliyalash uchun mahalliy narkobaronlar bilan til topishgan. Biroq, deydi Nyu-York Universiteti eksperti Barnett Rubin, narkotiklar savdosidan birgina Tolibon foyda ko’rayotgani yo’q.

”Pulning aksariyati Tolibonga emas, hukumatdagi poraxo’r rasmiylar cho’ntagiga tushmoqda. Afg’onistonda pul faqat ikki manba orqali keladi – tashqi yordam yoki narkotiklar”.

Korrupsiya va resurslarning yetishmasligi mamlakat taraqqiyoti yo’lidagi eng katta to’siqlardir, deydi kuzatuvchilar. Taraqqiyot sur’ati esa Tolibon harakatining kuchiga ta’sir qiluvchi asosiy omildir.

AQSh rasmiylari nazarida Pokiston-Afg’oniston chegarasi uzoq yillardan buyon terror o’chog’i.

AQSh kelasi besh yil uchun Pokistonga 750 million dollar miqdorida mablag’ ajratmoqchi. Maqsad, Afg’oniston bilan chegaradagi vaziyatni barqarorlashtirish va qabilalar yashaydigan hududlarni rivojlantirish va rasmiy Islomobod strategiyasini quvvatlash.

AQShning mintaqa bo’yicha bosh diplomati Richard Baucherning aytishicha Pokiston-Afg’onistonda chegarasida iqtisodiyotni rivojlantirish, ta’lim sohasini tiklash va aholi hayotini yaxshilash kerak. Ayniqsa, mamlakatning qabilalar yashaydigan hududida.

Mana bir necha yildirki, Pokistonning tog’li Vaziriston viloyati al-Qoida jangarilari va Tolibonga boshpana bo’lib qolgan. AQShda Pokiston hukumatidan terrorga qarshi kurashni kuchaytirishni so’rab kelmoqda.

Pokistonning bu boradagi hamkorligi tahsinga sazovor, deydi AQSh Davlat kotibining Markaziy va Janubiy Osiyo bo’yicha yordamchisi Richard Baucher. Dunyo bo’ylab Pokiston al-Qoida jangarilarini eng ko’p hibsga olgan hukumat hisoblanadi, deydi AQSh diplomati.

Tolibonning jonlanishi hammaga birdek xavf tug’diradi. Pokiston rasmiy Kobul bilan hamkorlikda terrorchilarga qarshi kurashishi lozim, deydi Baucher.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG