Qirg'izistonda davlat tillarini ko'paytirish taklifi rad etildi


Qirg’iziston parlamentida “Davlat tili to’g’risida”gi qonunga tuzatishlar kiritish bo’yicha o’zbek millatiga mansub deputat Qodirjon Botirovning taklifi qabul qilinmagan.

Qodirjon Botirovning aytishicha, tuzatishlar Qirg’izistonda yashayotgan har bir millat vakiliga davlat idoralariga o’z ona tilida og’zaki va yozma ravishda murojaat qilish imkonini beradi.

“Ahvol shunday-ki, Qirg’izistonda yashayotgan titul – qirg’iz xalqidan boshqalarga yetarli darajada e’tibor berilmayapti. Tuzatishlar bo’yicha qonun loyihasini ovozga qo’ydik. 29 ovoz olindi, 9 ta ovoz yetmay qoldi”, - deydi deputat.

Qonun loyihasi bilan tanishib chiqqan jamiyatshunos Ulug’bek Abdusalomovga ko’ra, asosiy maqsad – bir tilni yoki millatni boshqalardan ustun qo’yish emas, balki Qirg’izistonda yashayotgan barcha millatlarning haq-huquqlarini ta’minlashdir.

Statistik ma’lumotlarga ko’ra, Qirg’izistonda qariyb bir million o’zbek yashaydi. Bu aholining salkam 20 foizi demakdir.

2005 yilning 24 martida yuz bergan Lola inqilobidan keyin Qirg’izistonda millatlar-aro munosabatlarda taranglik sezila boshlagan. Mamlakatdagi o’zbek milliy-madaniy markazlari faollariga ko’ra, milliy munosabatlarning taranglashishiga markaziy hokimiyat yuritayotgan siyosat ham yetarlicha hissa qo’shmoqda.

Jamiyatshunos Ulug’bek Abdusalomovning aytishicha, davlat tili to’g’risidagi qonunga tuzatishlar kiritishga bu safar erishilmagan bo’lsa, keyingi safar erishiladi.

XS
SM
MD
LG