Rasmiy Bishkek muxolifatdan mamlakatni uyaltirmaslikni so'ramoqda


Qirg’izistonda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining navbatdagi sammitiga qizg’in tayyorgarlik ko’rilmoqda. Bishkekda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Hukumat muxolifatdan mehmonlar nazdida obro’sizlanmaslik uchun namoyishlar o’tkazmaslikni so’ramoqda.

Xitoy, Rossiya, Qirg’iziston, Qozog’iston, O’zbekiston va Tojikiston kabi davlatlar mintaqa xavfsizligini ta’minlash maqsadida tuzgan bu tashkilotga 2007 yilda Qirg’iziston raislik qilmoqda.

Hindiston, Eron, Mo’g’uliston, Pokiston va Afg’oniston kabi davlatlar vakillari Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitida kuzatuvchi maqomida qatnashadilar.

Tashkilot kotibiyati Pekin shahrida, tashkilot antiterroristik tarmog’ining ijroiya qo’mitasi Toshkentda joylashgan. Sammit doirasida tashkilotga a’zo davlat rahbarlarining 7-uchrashuvi shu yilning 16 avgust kuni Bishkek shahrida o’tishi rejalashtirilgan.

Prezident Qurmanbek Bakievning ishonishicha, sammitning Bishkekda o’tishi – Qirg’iziston uchun tarixiy imkoniyatdir. Bakievga ko’ra, sammitda mintaqa xavfsizligi muammolari bilan bir qatorda, savdo-iqtisodiy hamda madaniy aloqalar ham muhokama qilinadi.

Sammit ishtirokchilarini munosib kutib olish uchun Bishkekdagi “Manas” xalqaro aeroportida, aeroportdan Bishkek shahriga qadar uzalgan asosiy avtomobil’ yo’li, poytaxtdagi qator ma’muriy va boshqa binolarda ta’mirlash ishlari boshlangan.

Shuningdek, Shanhay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari uchun mehmonxonalar, sammit o’tadigan bino qurilishi ketayotir. Umumiy xarajatlarga qariyb 7 million AQSh dollari miqdorida aqcha sarflanishi rejalashtirilgan. Xullas, “pul ketsa ketsin, obro’ ketmasin” qabilida sharqona maqolga amal qilinmoqda.

Sammitni tayyorlash bo’yicha tashkiliy qo’mita boshlig’i Miqtibek Abdildaevning aytishicha, asosiy masala – sammit ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlashdir.

Qirg’iziston maxsus xizmatlariga ko’ra, Shanhay Hamkorlik Tashkiloti sammitining Bishkekda o’tishiga yo’l qo’ymaslik maqsadida terroristik guruhlar tomonidan amaliyotlar o’tkazilishi mumkin.

Ayni paytda qirg’iz rasmiylari prezident iste’fosini talab qilayotgan muxolifat a’zolarini ham Shanhay Hamkorlik Tashkiloti sammiti o’tadigan muddat davomida namoyishlarni to’xtatishga, vaziyatni beqarorlashtirmaslikka chaqirgan.

Rasmiylarga ko’ra, mamlakatdagi beqaror siyosiy vaziyat xavfsizlik nuqtai nazaridan sammit ishtirokchilarini qo’rqitishi va ular nazdida Qirg’izistonni obro’sizlantirishi mumkin.

XS
SM
MD
LG