Breaking News

BMT O'zbekistondagi inson huquqlari ahvolini tekshirmoqchi emas


BMT Eron va O’zbekistonda inson huquqlari bilan bog’liq vaziyatni tekshirishni to’xtatmoqda. BMT Inson huquqlari kengashi buni tavsiya qilgan. Kengashga dunyoning 47 davlati a’zo.

Agentlik rahbari Luis Alfonzo del Alba Eron va O’zbekistonda huquq ahvoli nima uchun kengash diqqat markazidan olinayotgani sabablarimni tushuntirmagan.

Qaror tergovni nazorat qilayotgan besh davlatdan uchtasi - Ozarbayjon, Bangladesh va Zimbabve tomonidan olg’a surilgan.

Qolgan ikki a’zo - Argentina va Fransiya bunga qarshilik bildirmoqda. Eron va O’zbekistonda inson huquqlari poymol etilayotgani hozircha tekshirilmasin deyayotgan davlatlarning birortasi, mutaxassislar va diplomatlar nazarida, huquq bobida ijobiy tarixga ega emas.

Inson huquqlari tashkilotlari BMT qarorini qoralamoqda. Ular fikricha inson huquqlarini pisand qilmaydigan davlatlar ahvol boshqa mamlakatlarda ham shunday ekanidan tashvishda emas.

AQSh BMT Inson Huquqlari Kengashi qaroridan xafsalasi pir bo'lganini bildirmoqda. "Axir", - deydi AQSh Davlat departamenti so'zlovchisi Tom Keysi, "BMT Bosh Assambleyasi ikki oy oldin Eronda inson huquqlari dahshatli ahvolda degan qarorga kelgan va rasmiy Tehronni vaziyatni yaxshilashga chaqirgan edi".

"BMT Inson Huquqlari Kengashi ishonchli va adolatli tashkilot sifatida ish tutmayapti. Kengash o'z vazifasini bajarmayapti. AQSh kengash a'zolariga O'zbekiston va Eron bo'yicha qilgan qarori noto'g'ri ekanini bayon qilgan",- deydi AQSh diplomati.

Inson huquqlari bo'yicha Xalqaro Amnistiya tashkiloti xalqaro hamjamiyatni Markaziy Osiyoda huquq salbiy ahvolda ekaniga jiddiy e'tibor berishga undamoqda. Tashkilot chiqargan so'nggi tahlilga ko'ra, O'zbekiston inson huquqlarini buzishda oldidan ketmoqda.

Inson huquqlari bo'yicha Xelsinki Federatsiyas berayotgan ma'lumotlarga ko'ra esa yaqinda yangi hukumat qo'liga o'tgan Turkmaniston ham fundamental huquqlarni poymol etishda O'zbekistondan qolishmayapti. Muxolifat, matbuot va huquq himoyachilari doimiy nazorat ostida va hukumat chizgan chiziqdan chiqish og'ir jinoyat sanaladi, deyiladi Xelsinki Federatsiyasining yillik hisobotida.

O'zbekiston hukumati nazarida esa G'arb va inson huquqlari tashkilotlari mamlakatga qarshi axborot urushi olib bormoqda. Rasmiy Toshkent tashkilotlarni ko'r-ko'rona tanqidda, ichki masalalarga aralashayotganlikda va O'zbekiston tinchligini ko'ra olmayotganlikda ayblaydi.

XS
SM
MD
LG