Breaking News

O'zbekistonda matbuotning tizgini mahkam bog'langan


"Nemis To'lqini" radiosining O’zbekistondagi muxbiri Nataliya Bushuyeva soliq to’lamaganlik aybi bilan jinoiy javobgorlikka to’rtilmoqda.

Bushuyeva kabi jurnalistlarning O’zbekistonda Tashqi ishlar vazirligi qoshida ro’yxatdan o’tishi va chet el axborot vositasi muxbiri sifatida ishlashi oson emas.

Muxbirlarning aytishicha, ular doimiy tazyiq va tahdid ostida faoliyat yuritadi. Ularga nafaqat qonun-tartibot organlari balki jamoatchilik ham ko’p hollarda chet el agenti va sotqin sifatida qaraydi.

Jurnalistlarni himoya qiluvchi qo'mita, Nyu-Yorkda asoslangan tashkilot, Bushuyevaga nisbatan sud ishi ochilganini tanqid ostida olib, ayblovlarni bekor qilishni talab qilmoqda.

Bushuyeva, qo'mita bildirishicha, O'zbekistonda chet el matbuotiga ishlayotgan jurnalistlarni ro'yxatdan o'tishini talab qiluvchi qonunga asosan sudga tortilayotgan birinchi jurnalist. Qonun 2006 yilda qabul qilingan.

O’zbekistonda senzura 2002 yilda prezident farmoniga binoan, bekor qilingan. Biroq ichki senzura davom etmoqda. Jurnalistlar va ularning muharrirlari voqea va yangiliklarni yoritishda ehtiyotkorlik chorasi sifatida o’zlarini o’zlari cheklaydilar.

Senzurasiz o’tgan keyingi yillar O’zbekiston ommaviy axborot vositalariga nima olib keldi? O’zbek matbuoti erkin bo’ldimi?

Ayrim kuzatuvchilar fikriga ko’ra, ba’zi gazetalarda ijobiy o’zgarishlar ko’zga tashlansa-da, hali o’zbek jurnalistikasiga dadillik va tajriba yetimayotgandek ko’rinadi.

“Bugungi matbuotdan ko’nglim to’lmaydi. Chunki hukumatning o’zidan tashabbuslar chiqayapti. Shu narsani yaxshilaylik, kengaytiraylik degan mazmunda. Lekin tashabbus oxirigacha hayotga tadbiq qilinayotgani yo'q. Ikkinchi tomondan, jurnalistlar tomondan intilish bo’lmayapti. Har kungi ro’znomalarni ochib qaraydigan bo’lsak, erkinlikni ko’rmayapmiz. Lekin baribir umid qilamiz, sekin-sekin erkin bo’lsa kerak”.

“Senzura olib tashlangan. Erkin bo’lish kerak, davlat tomonidan bunga yo’l ochib berilgan, faqat jurnalistlarning o’ziga bog’liq. Gazetalarda ham, televideniyeda ham, radioda ham. Asosli tanqid bo’lsa, odamlarni mulohaza qilishga, fikrlashga chorlaydigan materiallar kerak-da. Hozir shu narsalar sal kamroq. Siyqa narsalar ko’proq-da”.

Matbuotda aholining erkin fikri ochiq namoyon bo’lsagina, bu matbuot erkin hisoblanadi. Erkin matbuot odamlar dunyoqarashini shakllantirishda vosita bo’lishi kerak, deb hisoblaydi yana bir tinglovchimiz.

“Endi matbuot erkin bo’lgani bilan, baribir boshqaruvchilari bor. Erkin deb aytolmayman. Mutlaq erkin deb aytish mumkin emas hozirgi sharoitda. Hozir men bir narsa desam, shuni chiqarish mumkin emas. Uni tahririyat ko’radi, secretariat ko’radi chiqishdan oldin. Jurnalistlarning aybi bu yerda yo’q. Hamma jurnalist ham yozib kelgan temasini shundoq chiqaravermaydi, haqqi ham yo’q. Nazorat bor hukumat tomonidan”.

Ismini bildirishni istamagan mustaqil journalist nazarida senzurasiz o’tgan keyingi yillar o’zbek jurnalistlariga bir senzor o’rniga, sonsiz senzorlarni tuhfa qilgan. O’zbekistonda senzurani yo’q qilish haqidagi shiorlar ko’tarilsa-da, amalda hech qachon senzura yo’q qilinmaydi, deb hisoblaydi u.

“Bitta gazetaga bordim, bir jurnalist bilan suhbatlashdim. Hozir bosh muharrir ko’rsa, bosh muharrirdan keyin muassis ko’radi, muassiz ham tekshirgan materialiga shubhalansa, Agentlikka jo’natadi. Agentlik ham shubhalansa, hattoki Prezident mahkamasiga borgan hollar bo’lgan”, deydi u.

“Biz demokratiya tomon bir qadam olg’a qo’ydik. Biroq demokratiya deganda, hamma narsa haqida yozaverish mumkin, deya tushunilmasligi kerak. O’zbekiston jurnalistlari tanqid qilgan masalaga sharqona yumshoqlik bilan yondashmoqda”, deb hisoblaydi olim Hamdam Sodiqov.

“Xalqimiz boshidan kechirayotgan ko’pgina kechmishlar, qiyinchiliklar, muammolar chindan ham matbuotda hali o’zining yetarli ifodasini topolmayapti. Sababi nimada? O’sha alanglash, “mana, bola-chaqam katta bo’lib qolyapti, mani ishdan haydab yuborishsa nima qilaman”, degan tabiiy qo’rquvlar ham bor".

Odamlar har xil gaplarni gapirishi mumkin, deydi olim, ammo hamma narsaniyam matbuotda chiqarish mumkin emas.

"Chunki matbuot – bu oyna. Keyin bu matbuotga qarab turib, ko’p narsani fikrlash mumkin. Odamlarning ongiga bu yomon ta’sir qilishi mumkin. Axir hamma yoqni zulmat qoplasa, odamlar nur qidiradi. Demak, shu matbuotimiz zulmat ichra nurni ham ko’ra olishi kerak”, deydi olim.

O’zini Irrigatsiya instituti xizmatchisi deb tanishtirgan mana bu tinglovchimiz matbuotning bugungi ahvoliga nazar tashlar ekan, ommaviy axborot vositalari jamiyatdagi muammolarni ko’rsata olmayotgani, uning qandaydir bosim ostida ekanidan dalolatdir, deb hisoblaydi.

“Faqat maqtaydigan tomonlarni ko’rsatadi bizning matbuot. Salbiy tomonlarini, muammolarga taqaladigan tomonlari ko’rsatilmaydi yoki umuman matbuotda chiqmaydi. Salbiy tomonlarini ko’rsatadi, faqat ob-havoga bog’liq narsalarni. Lekin haqiqiy ahvol ko’rsatilmaydi. Masalan, jamiyatda bo’layotgan muammolar to’g’risida gapirilmaydi. Bular, bilmayman, bir tizginda turadimi? Yoki bularni qandaydir bir doiralar idora qiladimi?”.

Ayni paytda ommaviy axborot vositalari xalqning iqtisodiy-ijtimoiy muammolarini yoritmayotgani boisini ayrim o’zbekistonliklar turlicha izohlashadi.

“Iqtisodiy muammolarga e’tibor berishmayotgani, bu o’sha jurnalistlarimizdagi andisha, qo’rqoqlik bo’lsa kerak-da. Bo’lmasa, eng kam ish haqi falon pul qilib qo’ygan-da. O’shani qo’ygan odamni o’zi bozorga chiqarmikan, bozor qilarmikan, degan savolni qo’ysa, “shunaqa oylik bilan tirikchilik qilish mumkinmi?” deb so’rasa-chi o’sha odamdan. Balki shularni ham yozish kerakdir, lekin andisha qilib yozishmayapti shekillida, qo’rqibmi. Keyin javobgarlikka tortib, meni sudga berib yuradimi, deb qo’rqsa kerak”.

“Erkinlik emas hozir. Gap faqat, amalda yo’q. Ko’p masalalar qolib ketayapti-da hozir, ishsizlik, shunga o’xshash muammolar”.

“Qanchalik erkin deb o’ylasak-o’ylamasak, O’zbekiston matbuoti umuman qoniqtirmaydi. Xalq siqilayapti lekin. Nimaga gapirdi, “nonni oshirmayman, unni oshirmayman” deb? Hozir non ham yuz foiz oshib ketdi. O’zbekiston matbuoti erkin yozilmaydi”.

“Sabablari juda ko’p, lekin asosiysi baribir o’sha – mamlakatimizdagi demokratizatsiya, erkinlashtirish jarayonlarining sekin borayotganida, deb o’ylayman”, deyishadi ayrim o’zbekistonliklar.

XS
SM
MD
LG