Qirg'izistonda yangi bosh vazir qasamyod keltirdi


Qirg’iziston parlamenti yangi bosh vazir nomzodini tasdiqladi. Hukumat rahbari Almazbek Atambayev qasamyod keltirar ekan, prezident Qurmanbek Bakiyevga qarshi kayfiyat kuchayib borayotgan mamlakatni birlashtirishga va’da bergan.

Prezidenti Qurmanbek Bakiyev hukumatning besh a’zosini iste’foga chiqarib, muxolifat bilan bo’sh qolgan vazirliklarga nomzodlarni muhokama qilmoqda.

Bu bilan Bakiyev prezidentga qarshi mo’ljallangan namoyishlarning oldini olmoqchi. Isabekov o’rniga bosh vazirlikka muxolifatdagi "Islohotlar uchun!" harakati vakili Almaz Atambayevni tayinlagan. Parlament uning nomzodini tasdiqlashi lozim.

Endilikda sobiq Bosh vazir Azim Isabekovning aytishicha, Qirg’iziston rahbari Bosh vazirning birinchi o’rinbosari, mahkamasi boshlig’i hamda iqtisodiyot, favqulodda holatlar va sog’liqni saqlash vazirlarini ham ishdan bo’shatgan. Prezident muxolifat bilan koalitsiya tuzmoqchi, deydi Isabekov.

Bishkekdagi tahlilchi Kumar Bekbalatov ayni damda koalitsion hukumat tuzish mumkinligini shubha ostiga qo’ymoqda.

"Koalitsion hukumat bo’lishi uchun saylovlar bo’lishi kerak – parlament saylovlari, hukumat bo’yicha kelisha olmayotgan turli siyosiy partiyalar bo’lishi kerak. Hozir bir muxolifat hukumatda bo’sh qolgan joylarni egallagani bilan, ertaga boshqa muxolifat guruhi prezident Bakiyev iste’fosi kabi masalalarni ko’tarmaydi, deb kim kafolat berishi mumkin?"

Gap shundaki, qirg’iz muxolifatining besh namoyondasi “Yagona Qirg’iziston uchun!” deb nomlangan yangi muxolif partiya tuzish maqsadida “Islohotlar uchun!” muxolif harakati safidan chiqqan edi.

“Yagona Qirg’iziston uchun!” vakillari Bakiyevning tezkor iste’fosiga qarshi, biroq prezident saylovlarini muddatidan oldin o’tkazish g’oyasini ma’qullaydi. Sobiq Bosh vazir Feliks Qulov boshchiligidagi muxolifatning yana bir guruhi esa aprel oyi boshida norozilik namoyishlarini uyushtirmoqchi.

Muxolifat a’zolari prezident Qurmanbek Bakiyevni “mart inqilobi”ning maqsad va vazifalariga xiyonat qilganlikda ayblamoqda.

2005 yilda o’tgan prezident saylovlarida Qurmanbek Bakiyev bilan tandem asosida bosh vazir etib tayinlangan Feliks Qulov 2006 yil so’nggida iste’foga chiqqach, “Qirg’izistonning munosib kelajagi uchun!” shiori ostida muxolifat safiga qo’shilgan.

Ayni paytda Feliks Qulov boshchiligidagi Birlashgan muxolifat prezident Qurmanbek Bakiyevning iste’foga ketishini to’xtovsiz ravishda keskinlik bilan talab qilmoqda va 5 apreldan e’tiboran ochlik e’lon qilish va mamlakat bo’ylab namoyishlar uyushtirishni rejalashtirmoqda.

Prezident vakolatlarini cheklash va parlament imtiyozlarini kuchaytirish tarafdori bo’lgan “Islohotlar uchun!” harakati a’zolari esa, koalitsion hukumat tuzish orqali muammolarni hal qilish mumkinligini ma’lum qilgan.

Ayni paytda “Islohotlar uchun!” harakati safida juda oz odam qolgan: ayrimlari Birlashgan muxolifatga qo’shilgan bo’lsa, qolganlar “Yagona Qirg’iziston uchun!” shiori bilan yangi harakat tashkil qilgan.

Prezident Qurmanbek Bakiyevga xayrixoh kuchlar “Qirg’iziston Xalq harakati”, “Siyosiy barqarorlik va birdamlik uchun!” kabi guruhlarga birlashish orqali muxolifatga qarshi faoliyat boshlagan.

Bakiyevning o’zi esa muxolifat bilan muloqotga tayyor ekanini bildirib, ikki yil avval bergan va’dalarini qisman bajara boshlagan.

Prezident Qirg’iziston Davlat teleradiokorporatsiyasini jamoat telekanaliga aylantirish to’g’risidagi farmonga qo’l qo’ygan. Bakiyev konstitutsiyani qaytadan isloh qilishga ham rozi ekanini ma’lum qilgan.

Qirg’iziston aholisiga ko’ra, iqtisodiy vaziyat 2005 yilning mart oyida hokimiyatni tark etgan sobiq prezident Askar Akayev davridagidan ham yomonlashgan.

Tahlilchilar Qirg’izistonda korrupsiya, urug’-aymoqchilik, millatchilik va boshboshdoqlikka asoslangan tizim tubdan o’zgarmaguncha siyosiy va iqtisodiy inqiroz davom etishini bashorat qiladilar.

Hukumat va muxolifat o’rtasidagi kurash mamlakatni ikkiga – janub va shimolga bo’lib yuborishi mumkinligi to’g’risida ham xavotirlar mavjud.

XS
SM
MD
LG