Yevropa Markaziy Osiyoda yaqin besh yillikda nimalarni ko'zlamoqda?


Qozog’istonda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari rasmiylarining navbatdagi uchrashuvi bo’lib o`tgan. Kun tartibidagi asosiy masala – Yevropa Ittifoqining mintaqaga nisbatan strategiyasi.

Yevropa Ittifoqi uchligi va Markaziy Osiyo deb nomlangan mazkur konferensiyada Yevropa Ittifoqining mintaqa bo`yicha maxsus vakili, Germaniya, Portigaliya tashqi siyosat bo`yicha rasmiylari va Markaziy Osiyo respubliklarining tashqi ishlar vazirlari qatnashgan.

Qozog`iston Tashqi ishlar vazirligining mazkur ushrashuv borasida bergan ma`lumotiga ko`ra, ucharushda Yevropa Ittifoqining 2007-2013 yillarda mintaqaga nisbatan strategiyasi va bu siyosatdan mintaqa davlatlarining manfaati muhokama qilingan.

Yevropa Ittifoqining mintaqaga nisbatan umumiy strategiyasi nimani nazarda tutadi?

Siyosatshunos Farhod Tolipov fikricha, Yevropa Ittifoqi tashkil topishiga AQSh turtki bo’lib xizmat qilgan.

“Bu AQSh tomonidan taklif qilingan Marshal rejasi edi. Unga ko`ra, Yevropaga ko`rsatilayotgan yordam har bir davlatga alohida emas, umumiy yordam sifatida berilar edi. Mana endi birlashgan, aniq bir kuch bo`lgan Yevropaning o`zi boshqa mintaqalarga shunday yordam ko`rsatmoqchi. Marshal rejasi singari, ya’ni Markaziy Osiyo strategiyasini biz bilan muhokama qilgan holda ishlab chiqishi mumkin deb o`ylayman”, - deydi Tolipov.

Ekspert Toshp`olat Yoldoshev nazarida Yevropa Ittifoqining O`zbekistondagi siyosati mintaqani Rossiya va Xitoy ta’siriga tushib qolishdan xalos etadi.

“Yevropa Ittifoqi bu yerda, asosan, bozor iqtisodi islohotlari o`tkazilishini, demokratik islohotlar bo`lishini va shu orqali savdo aloqalarini rivojlantirishni, siyosiy aloqalar qurishni istaydi”, - deydi ekspert.

Ta'kidlab o`tamiz,Yevropa Ittifoqining mintaqa davlatlari bilan umumiy strategiyasidan tashqari, O`zbekiston va Yevropa Ittifoqi o`rtasidagi munosabatlar alohida tarzda muhokama qilib kelinadi.

Bu borada O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Yevropa Ittifoqi o’rtasida bir qator uchrashuvlar o`tib, Ittifoq doirasidagi bir nechta rasmiy delegatsiyalar O`zbekistonda bo`lib ketdi.

Rasmiy delegatsiyalarning O`zbekistonda bo`lishi, mamlakatdagi inson huquqlariga oid vaziyatga qanchalik ahamiyat qaratayotganligi haqida turli qarashlar bor.

Ayrim kuzatuvchilar ta’biricha, Yevropa Ittifoqi bu borada O`zbekistonga nisbatan yumshoq siyosat yuritish tarafdori.

Ekspert Toshpo`lat Yo`ldosjev fikriga ko`ra, Yevropa Ittifoqining mintaqaga nisbatan siyosatida O`zbekiston o`rni tobora sustlashib bormoqda.

“Ayniqsa, Yevropa Ittifoqi parlamenti vakillarining so`nggi tashrifidan keyin O`zbekistonga bo`lgan ishonch yo’qolib borayapti deyish mumkin. Men tasodifan ular bilan uchrashib qoldim. Aslida ular bilan uchrashishga yo`l qo`ymaslik maqsad qilingan ekan. Shuni tushundimki, O`zbekiston hukumati pragmatik nuqtai nazardan bu delegatsiya bilan ishalsh yo`lini bilolmadi va foydalana olmadi. Yevropa Ittifoqi o`z e’tiborini, asosan, Qozog`istonga, Qirg`izistonga, Tojikistonga yo`naltiradi degan fikr menda paydo bo`ldi ”, - deydi Yo`ldoshev.

Siysatshunos Farhod Tolipovning ao’zlariga qaraganda, Yevropa Ittifoqining mintaqaga nisbatan umumiy strategiyasida O`zbekiston bilan bo`layotgan aloqalar muhum orin tutadi, biroq Yevropa Ittifoqi O`zbekistonga nisbatan pozitsiyasini o`zgartiradi, tanqidlardan voz kechadi degani emas.

“O`zaro manfaatlar bor ekan O`zbekiston ham siljishlar, harakatlar qilishi kerak. Lekin Yevropa Ittifoqining mintaqaga nisbatan strategiyasi O`zbekistonni chetlagan holda ham amalga oshishi mumkinmi degan savolni qo`yadigan bo`lsak, agar ikki tomon kelishgan taqdirda, aytish mumkinki, bu strategiya to`la amalga oshmaydi, chunki mintaqaning yarim aholisi O`zbekistonda yashaydi ”, - deydi Tolipov.

Ta’kidlab o`tamiz, Yevropa Ittifoqining Andijon fojealaridan so`ng O`zbekistonga nisbatan joriy etgan sanksiyalari hamon amalda.

Kuzatuvchilar ta’biricha, O`zbekistonda hozirgi vaziyat bu sanksiyalarni bekor qilish uchun hech qanday asos bermaydi. Mamlakatda inson huquqlari, so`z erkinligi borasidagi vaziyat yanada o`girlashmoqda.

Yevropa Ittifoqi O`zbekistonga nisbatan sanksiyalarini saqlab qolish yoki bekor qilish haqidagi qarorini yaqin vaqtlarda yana muhokamaga qo`yishi kerak.

XS
SM
MD
LG