O'zbekistonda huquq faoli prezidentlikka nomzodini olg'a surmoqda


O'zbekistonda prezident saylovlari kutilmoqda, biroq na hukumat, na jamoatchilik mavzuga til tekkizadi.

Yil boshidan beri ikki kishi o'z nomzodini e'lon qilgan. Ulardan biri, O`zbekiston Huquq Himoyachilari Alyansi a'zosi Abdulla Tojiboy o'g'li, shijoat g'alaba olib keladi deya ishonch bildirmoqda.

O`zbekiston qonunchiligida belgilanishicha prezident saylovlari shu yilning dekabr oyida o`tishi kerak. Biroq O`zbekistonda hozirgacha saylovlar o`tishi yoki o`tmasligi haqida biron rasmiy ma’lumot yo’q va mavjud partiyalarning bu boradagi harakatalari kuzatilmayapti.

O`zbekiston muxolifati esa bir muncha avval prezidenlik saylovlarida ishtirok etishini bildirgan va hozirda chet-elda yashayotgan partiya yetakchilari nomzodini ko`rsatgan edi.

Mamlakatda yashayotgan va saylovlarda qantashish istagini bidirgan nomzodlar esa sanoqli. Bundan bir muncha avval huquq himoyachisi Jahongir Shosalimov o`z nomzodini e’lon qilgan bo`lsa, yaqinda yana bir huquq faoli 57 yoshli Abdulla Tojiboy o’g’li ham o’z nomini olg’a sura boshladi.

Har ikki nomzod ham O`zbekiston Huquq Himoyachilari Alyansi tomonidan ko`rsatilgan. Alyans yaqinda tashkil qilingan uyushma bo`lib, respublika bo`ylab 100 dan ortiq a`zoga ega.

Abdulla Tojiboy o`g`li konstitutsion huquqlaridan foydalanayotganini aytadi. Maqsad, deydi u, inson huquqlari va demokratiyani ustuvor bilgan hukumat bunyod etish.

Abdulla Tojiboy o`g`li Toshkent shahrida tu`gilgan. Toshkent Oziq- ovqat texnikumini tugatgan va mahalliy oziq-ovqat mahsulotlaridan oqsil moddasini olish bo`yicha tadqiqot ishi qilgan. Huquq himoyachisi sifatida 2003 yildan boshlab faoliyat yuritib keladi. Uch farzandi va olti nafar nevarasi bor.

Nomzodning aytishicha uning dasturi asosan ichki bozorni himoyalash, aholini ish bilan ta’minlash, milliy pul qiymatini mustahkamlash va ta’lim sohasini isloh qilishdan iborat.

“So`nggi yillarda amalga oshirilgan ta’lim siyosati, ayniqsa latin alifbosidagi adabiyotlar bois, samara bermadi”, - deydi u.

Siyosiy tahlilchilar fikricha O`zbekistondek avtoritar jamiyatda prezidentlikka nomzod sifatida ko’rsatilishning o’z katta gap. Biroq saylov, nima bo’lganda ham, kampaniyasiz, targ’ibot ishlarisiz o’tmaydi. Nomzodga mablag’ qayerdan keladi?

Abdulla Tojiboy o`g’li, mablag` topish qiyin masala, deydi. Lekin mamlakatdagi puldor odamlar nomzod shijoatidan lol qolmoqda.

“Ular O`zbekistonda mutlaq o`zgarishlar bo’lishini kutmoqda. Shuning uchun pulimiz bo`lmasa ham albatta hurmatlashsa kerak deb o`ylaymiz va albatta, g`alaba qozonamiz”, - deydi Abdulla Tojiboy o`g`li.

O`zbekiston qonunchiligiga ko`ra prezident saylovoldi kampaniyasi saylovdan uch oy oldin boshlanishi kerak. Saylov dekabrda kutilayotgan bo`lsa, Markaziy saylov qo`mitasi saylov kampaniyasini sentyabr oyida e`lon qilishi lozim.

Bungacha hukumat tomonidan yoki amaldagi mavjud partiyalar tomonidan prezidentlik uchun kimlar kurashishi aniqlanadi.

O`zbekiston prezidenti Islom Karimov mamlakatni 17 yildan buyon boshqaradi va qonunchilikka binoan belgilangan ikki muddatni ham o`tab bo`lgan.

Ism-sharifini bildirishni istamagan sharhlovchilar nazarida prezident Islom Karimovning nomzodi yana qo`yilishi shubhasiz, faqat buning qanday amalga oshirilishi kutilmoqda xolos.

XS
SM
MD
LG