Amerika jamiyatida din muhim omil bo'lib qolmoqda


AQShda e’tiqod erkinligi qay ahvolda?

Tarixan Amerika Qo’shma Shtatlari dindor mamlakat hisoblanadi. Tahlilchilarga ko’ra, dunyoviy davlat bo’lishiga qaramasdan, AQShda dinga G’arbning boshqa qismlariga qaraganda ancha jiddiy qaraladi.

Biroq deydi, jamiatshunos Sintiya Vulver, bugunga kelib amerikaliklarning ko’pchiligi diniy urf va ta’limotlarga amal qilmay qo’ygan. Vaholanki, ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, aholining 70 foizi xudoga ishonadi.

“Amerikaliklar 50-yillardagi kabi dindor emas. Ko’pchiligi cherkovga faqat bayram, janoza va biror to’y munosabati bilan boradi xolos”, - deydi tadqiqotchi.

AQShda 300 dan ortiq diniy guruhlar va tashkilotlar faoliyat ko’rsatadi. Ulardan 96 foizi nasroniy cherkovlaridir.

O’zini nasroniy deb biladigan fuqarolar soni 70 foiz atrofida, deydi sotsiolog Kristian Smit. Mutaxassis nazarida so’nggi paytda o’zini hech bir dinga aloqador deb bilmaydiganlar ko’paymoqda.”

Konservativ qarashdagi yevangelchilar endilikda siyosiy kuch hisoblanadi. AQSh prezidenti Jorj Bush bu oqim a’zosi va evangelchilar asosan unga ovoz bergan.

“Bugungi kunda bu konservativ guruhning, yevangelchilarning soni oshgan”, - deydi tahlilchi Jon Grin. “Musulmonlar, hindular va buddistlar ham ko’paygan.”

AQShda islom eng tez tarqalayotgan din hisoblanadi, biroq ular sonini hozircha nasroniylar bilan qiyoslab bo’lmaydi. Norasmiy ma’lumotlarga ko’ra, musulmonlar to’rt million atrofida.

Din va siyosat: qaysi din hokimiyatda kimni ma'qul ko'radi?

Amerikada e’tiqod va hukumat alohida bo’lsa-da, siyosiy maydonda din muhim omil hisoblanadi. AQShda siyosiy yetakchilar o’z e’tiqodlari haqida baralla aytishga, undan o’z siyosiy maqsadlari yo’lida foydalanishga o’rgangan.

AQSh prezidenti xalq oldida qasamyod qilar ekan, bir qo’lini Injilga qo’yib, “Xudo o’zi madad bersin”,- deya iltijo qiladi.

Jamoatchi tashkilotlar va siyosiy guruhlar, biron bir mavzuni ilgari surar ekan, uni dinga bog’laydi, dindan isbot va tavsif izlaydi.

Biroq deydi, qomusshunos professor Vinsent Munoz, biror bir diniy guruhning siyosiy kampaniya va saylovlarga ta’sir o’tkazishi omma tomonidan iliq qarshilanmaydi.

“Amerika davlatchiligi tarixan xalq o’zini boshqaradi, din esa ruhiyatni oziqlantiradi degan aqidaga tayanib kelgan. Ayrim siyosatchilar din respublikachilarga hokimyatni qo’ldan bermaslik uchun qo’l kelyapti deyishi mumkin. Biroq din uchun hech qanday hukumatning keragi yo’q”, - deydi professor Munoz.

So’nggi yillarda Amerika din saylovlarda yengib bo’lmas faktor ekaniga guvoh bo’ldi. Siyosatdonlar nazarida Jorj Bushni dindor nasroniy guruhlar hokimiyatga olib keldi va ko’pchilikni taajjubga solgan holda, ikkinchi muddatga ham sayladi.

“Mana 30 yildirki, diniy qarash va e’tiqod AQSh saylov kampaniyalarida ochiqchasiga tilga olinib kelinmoqda. Abort va ayollar huquqi, gomoseksual insonlar va oila kabi masalalar haqida bahs ketganda, din bunga qanday qaraydi degan savollar o’rtaga tashlanadi. Qarabsizki, siyosiy qarorlar dinga, din esa xalq turmushiga bog’lanadi”, - deydi taxlilchi Jon Grin.

Amerika siyosatini tebratuvchi ikki kuch - Respublikachi va Demokratlar partiyasi o’z diniy tarafdorlari va dushmanlariga ega.

“Respublikachilar partiyasida asosiy jamoa – oq tanli nasroniylar bo’lib, ularning ko’pchiligi yevangelchi-protestantlar. Demokratlar tarkibi ancha aralash. Ular orasida, qora tanli protestantlarni, latin amerikalik katoliklarni, liberal nasroniylarni, yahudiy, musulmon va hindularni, hatto hech bir dinga e’tiqod qilmaydiganlarni ham ko’rasiz”, - deydi tahlilchi Jon Grin.

AQSh konstitutsiyasi oldida har bir fuqaro qaysi dinga e’tiqod qilishidan qat’iy nazar teng huquqlidir deyiladi. Yana bir muhim band – din va davlat bir-birining ishiga aralashmaydi. Bosh qonun himoyachilari deydiki, siyosiy lavozimlarga intilayotgan amerikaliklar nasroniymi, yahudiy yoki musulmon, qolaversa xudoga ishonmaydigan inson, xalq ishonchini oqlasa bas, maqsadiga yetishi mumkin.

Dunyoning boshqa mamlakatlari singari AQShda katta shaharlarda odamlar unchalik dindor emas. Lekin kichik shahar va qishloqlarda din va ibodat kundalik turmushning bir qismi. Amerikaning asosi o’sha – kichik shaharlarda kun kechirar ekan, hokimiyatni boy bermaslik harakatida yurgan siyosatchilar ham bu dindor aholi ko’nglini ovlaydi.

XS
SM
MD
LG