Huquq faollari Yevropa Ittifoqidan haqiqatni aniqlashni kutmoqda


Andijon voqealarini o`rganayotgan Yevropa Ittifoqi komissiyasining O`zbekistonga safari yakunlangan. Tashrif tafsilotlari ma’lum emas. Ayrim manbalarga ko’ra komissiya vakillari Andijon fojealarida ayblanib sudlangan mahbuslar bilan muloqot qilgan.

Komissiya O`zbekistonga ikkinchi bor safar qilgan. O`zbekistonda ikki kun bo`lib, 4 aprel kunini yakunlagan. Komissiya asosan O`zbekiston rasmiylari bilan uchrashgan. Birinchi tashrif mustaqil kuzatuvchilar tomonidan turli tanqidlarga sabab bo`lgan edi.

Jumladan, komissiyaning Andijon fojealari tafsilotlarini aniqlash uchun nohukumat tashkilot vakillari bilan uchrashmagani, shuningdek Andijonda borganiga qaramasdan fojea guvohlari bilan suhbatlashmagani, kuzatuvchilar nazarida bir yoqlama xulosaga kelishga sabab bo’ladi.

Yevropa Ittifoqining Toshkentdagi vakolatxonasi delegatsiya tashrifi tafsilotlari haqida ma’lumot bermaydi. Germaniyaning O`zbekistondagi elchixonasiga ko`ra ham ularda tashrif haqida ma`lumot tarqatish vakolati yo’q.

Yevropa Ittifoqining jamoatchilikka Andijon fojealari haqida qaysi manbalarga ko`ra va qanday xulosalar berishi O`zbekiston bilan bo`layotgan keyingi aloqalar rivoji uchun o`ta muhumligi uqtiriladi.

Huquq himoyachilari bildirayotgan e’tirozlarga ko`ra komissiya vakillari Andijon fojealari haqida bevosita axborot beruvchi manbalarni chetlab o`tmoqda.

Komissiya vakillari bilan uchrashishga muvaffaq yagona mustaqil mutaxassis Toshpo`lat Yo`ldoshevning aytishicha, Andijon voqealari o`rganilmas ekan, G’arb jamoatchiligi qanoatlanmaydi va aloqalarni yaxshilashga yo`l ochilmaydi.

Bundan tashqari hozirda qiynoqlar masalasi ham Yevropa Ittifoqi va O`zbekiston o`rtasida yechilishi lozim bo`lgan masalalar qatoriga ko`tarilayapti.

Toshpo`lat Yo’ldoshev Yevropa Ittifoqining O`zbekistonga nisbatan amaldagi sanksiyalarini may oyida qayta ko`rilishi munosabati bilan Germaniya tomonidan maslahatchi sifatida taklif qilingan.

Uning fikricha munosabatlar rivoji O`zbekiston harakatiga bog’liq. “Yevropa Ittifoqi O`zbekistondan tashabbus kutmoqda. Ittifoqning imkoniyatlari cheklangan”, - deydi u.

Huquq himoyachisi Surat Ikromov nazarida hukumat qamoqda o’tirganlar bilan uchashishga ruxsat bergan taqdirda ham, ayblar majburan tan oldirilishi nuqtai-nazaridan, uchrashuvdan xolis xulosa qilish qiyin.

Surat Ikromov deydiki, Yevropa Ittifoqi komissiyasi Andijon fojealari paytida nima sababdan namoyishchilarni tarqatishni boshqa usullari qo`llanilmagani, namoyishchilarni ogohlantirishsiz o`qqa tutishga kim buyruq bergani, shuningdek hozirgacha Andijon fojealari bo`yicha qamalgan 400 ortiq kishi ustidan sudlar nega yopiq tarzda o`tkazilgani, ular qayerda saqlanayotgani, nega aybnomalar qarindoshlariga berilamayotgani kabi savollarga javob topishi kerak.

“Shu savollarga javob topishning o`zi Andijonda nima bo`lganini aniqlashtirishga kifoya bo`ladi”, - deydi Surat Ikromov.

Yevropa Ittifoqi va O`zbekiston munosabatlari may oyida yana muhokamaga qo`yiladi.

Muloqotlar boshlash uchun asosiy shartlardan biri - Andijon fojealari yuzasidan Yevropa Ittifoqi ekspertlari tashrifi amalga oshirilgan.

Biroq yana bir muhim shart - inson huquqlarini ta’minlash bo`yicha muloqot yuritish, huquq himoyachilariga ko`ra, nafaqat amalga oshmagan, balki O`zbekistondagi vaziyat yanada keskinlashgan.

XS
SM
MD
LG