Vaziristonda pashtun va o'zbeklar o'rtasida qonli mojarolar


To'qnashuvlarga ichki kelishmovchilik sababmi?

Afg’on-Pokiston chegarasida o’zbek jangarilari va mahalliy qabilalar o’rtasida shiddatli to’qnashuvlar kuzatilmoqda.

Qabilaviy mintaqa bo’lmish Vaziristonda Tolibon tarafdorlari deya tanilgan qabilalar chet elliklardan to’yganini va ularni quvib chiqarishga bel bog’laganini aytmoqda.

Vaziristonni qabilalardan boshqa hech kim, hatto Pokiston hukumatining o’zi ham nazorat qilmaydi. Vaziriston chet ellik jangarilar uchun panoh ekanini rasmiy Islomobod 2001 yilda tan ola boshlagan.

O’shanda Al-Qoida guruhi qatorida O’zbekiston Islomiy Harakati a’zolari ham shu yerga joylashmoqda degan xabarlar tarqalgan edi.

Pokistonlik tahlilchilarning aytishicha, harakat yetakchilaridan Tohir Yo’ldosh - Farruh Qori nomi ostida Vaziriston masjidlarida yaxshi tanilgan.

"Vaziriston hamisha mojaroli, qaynoq nuqta bo’lib kelgan",- deydi Amerika Ovozi Urdu xizmati jurnalisti Fayz Rahmon.

"Mintaqa islom bayrog’i ostida kurashayotgan kishilarni o’z bag’riga olgan. Ularga uy-joy va non bergan. Pokiston qo’shinlari ularga qarshi kurashib kelardi. Bugungi kunda vaziyat ancha o’zgargan. O’radan yillar o’tib, jangari siyosati ham yangilangan va o’zbeklar mintaqa egalari pashtunlar bilan kelisha olmay qolgan".

Pokistonlik jurnalist, “Tolibon” va “Jihod” kitoblari muallifi Ahmad Rashid deydiki:

"O’zbekiston Islomiy Harakati anchadan beri Vaziristonda qo’nim topgan. Biroq hozirga kelib, Vaziristondagi toliblar Pokiston hukumati bilan tinchlik shartnomasi imzolangan",- deydi Ahmad Rashid. "Bitim Tolibonga Pokiston hududida yoki undan turib Afg’onistonga va AQSh harbiylariga hujum qilishni man etadi. Lekin bunga ko’pchilik shubha bilan qaraydi".

Ahmad Rashid kabi tahlilchilar nazarida Vaziristonda qabilalarning hukumat bilan til biriktirgani Al-Qoida bilan aloqadorlikda gumon qilingan chet ellik, jumladan o’zbek, chechen va arab jangarilariga yoqmayotgan bo’lishi mumkin. Mayda-chuyda ichki nizolar ham endilikda katta to’qnashuvlarga sabab bo’lmoqda; jangarilar ichki hokimiyat uchun kurashmoqda deydi mintaqani yoritayotgan manbalar.

Ayrim tahlilchilar nazarida mojaro bo'rttirilib ko'rsatilmoqda

Hozirgacha Vaziristonda 200 ga yaqin kishi o’lgani, ko’pchiligi o’zbeklar ekani ma’lum.

"Raqamlar bo’rttirilgan, Pokiston hukumati katta sonlar ko’rsatib, AQSh va Afg’oniston kabi uni tanqid qilayotgan tomonlarga, “Mana biz terroristlarni yo’q qilyapmiz” demoqchi",- deydi pokistonlik siyosatdon Said Farrux Hasnat.

"Xalqaro matbuotga qarab, voy, bu Pokistonda o’zbeklar faqat terrorchilar ekan deb o’ylaydi kishi. Jangarilar bor, Vaziristonga joylashib olgan, terror tashkilotlari bilan aloqadorlikda gumon qilinadi. Lekin bunda Pokistondagi jamiki o’zbeklarni nazarda tuta olmaysiz".

Said Farrux Hasnatning aytishicha, pokistonliklar o’zlarini tarixan o’zbeklarga, turkiy xalqlarga yaqin tutadi.

"Mening ota-bobolarim Buxoro sarhadidan kelgan turkiylar bo’lgan",- deydi Said Farrux Hasnat.

"Pokistonda minglab o’zbeklar bor. Ular tinchliksevar, halol odamlar. Ular hech kimning tinchligiga rahna solmayapti".

Vaziristonni chet elliklardan "tozalash" AQSh va Pokiston uchun ayni muddao

"Pokiston va AQSh hukumatining tili bir. Terrorga qarshi kurash shiori ostida har kimni terrorchi deb atash mumkin. Vaziyatga izchilroq qarash kerak. Oqni oq, qorani qora deng”, - deya fikr bildiradi siyosiy fanlar doktori Said Farrux Hasnat.

Olim fikricha Vaziriston masalasi O’zbekiston-Pokiston o’rtasida qaysidir darajada muhokamada, “biroq bu hozirgi a’lo darajadagi munosabatlarga ta’sir o’tkazmaydi”, - deydi pokistonlik olim.

Jurnalist Fayz Rahmon ta’biricha ham xavfsizlik O’zbekiston-Pokiston o’rtasidagi asosiy masala. "Yaqinda Toshkentda kechgan muzokaralarda ham aynan shu narsa muhokama qilingan",- deydi u.

O’zbekiston Vaziristondagi vaziyat haqida biror munosabat bildirmagan.

Mutaxassislar nazarida Vaziristondan Markaziy Osiyoga olib boruvchi maxfiy, qadim yo’llar bor. O’zbek jangarilari bu yo’llarni yaxshi biladi va hozirda Vaziristondan qochayotganlar ham vatanga yo’nalayotgan bo’lishi mumkin.

"O’zbekiston va Qirg’izistondan chiqqan jangarilar azaldan bu yo’llardan qatnaydi. Ular haqida hech kim bilmaydi. Afg’oniston-Tojikiston orqalimi, Eron-Turkmaniston orqalimi, buni bilmaymiz. Haqiqat shuki, bu yo’llar bor va ular jangarilarga juda qo’l keladi",- deydi lohurlik jurnalist Ahmad Rashid.

Pokiston-Afg’oniston chegarasida turkiylar uzoq asrlardan beri yashab keladi, biroq o’zbekistonliklar asosan afg’on-Sovet urushi davridan, 1980-yillardan joylasha boshlagan.

Bugungi kunda ularni o’zbekistonlik emas, vaziristonlik deyishadi. Ularning ikkinchi avlodlari voyaga yetib, oila tebratmoqda; ularni ham jangari deysiz, ham qabilaviy tuzumda yashovchi oddiy avom, deydi biz bilan muloqot qilgan pokistonlik ziyolilar. Vaziristondagi o’zbeklar orasida afg’on o’zbeklari ham katta sonni tashkil etadi.

Xullas, deydi tahlilchilar, Vaziristondan o’zbeklar quvib chiqarilmoqda deganda faqat o’zbekistonliklarni nazarda tutish noto’g’ri.

Ham Markaziy Osiyo, ham Janubiy Osiyoga muhim tomoni shuki, o’lka notinch. Jangarilar bilan aloqasi yo’q omma jabr ko’rmoqda. Mintaqa bilan tanish mutaxassislar nazarida Pokiston-Afg’oniston chegarasi Tolibon qo’lida va Al-Qoida yetakchilari, jumladan Osama bin Laden va uning safdoshlari shu hududda yashiringan.

Ayrim manbalarga ko'ra arab jangarilar bir-birini birodar degan tomonlarni, o’z manfaati uchun, bir-biriga qarshi qayrayotgan bo’lishi mumkin. Qolaversa Pokiston hukumati chetdan turib, ajnabiylarni quvib chiqarish harakatini yoqlamoqda, quvvatlamoqda, deya xulosa qiladi tahlilchilar.

AQSh Vaziristondagi ahvolni idora etish Pokistonning ishi deydi va Vashington Afg’oniston bilan chegaradosh mintaqada ajnabiy jangarilarga qarshi mahalliy aholining bosh ko’tarayotganini olqishlamoqda.

XS
SM
MD
LG