Breaking News

BMT toshqindan zarar ko'rgan Afg'onistonga yordam yetkazmoqda


BMT Oziq-ovqat dasturi Afg’onistonda toshqinlardan zarar ko’rganlarga favqulodda yordamni tezlashtirmoqda. Hozirgacha 60 ming kishiga yetarli oziq-ovqat yetkazilgan.

Mart o’rtalarida yomg’irlar boshlanganidan beri, Afg’onistonda suv toshqinlarida o’nlab kishi halok bo’lgan, minglab afg’onlar uy-joysiz qolgan. Afg’onistonning 34 viloyatidan 13 tasida favqulodda holat e’lon qilingan.

Jahon Oziq-ovqat dasturi xodimi Saymon Pluess aholi uy-joyidan ayrilgani, ekinzorlar yuvib ketilganini aytadi. “Afg’onistonning janub va shimolini poytaxt Kobulga bog’laydigan yo’llar yaroqsiz ahvolga kelgan.”

BMT hisobiga ko’ra, toshqin natijasida 500 uy vayron bo’lgan, 900 oila boshqa joylarga ko’chirilgan. Ayniqsa tog’li olis hududlarda ahvol tang.

“Olis viloyatlardagi aholiga yordam yetkazish qiyin, ularga nafaqat oziq-ovqat, balki boshpana, dori-darmon, palatkalar kerak,” - deydi Oziq-ovqat dasturi xodimi Saymon Pluess.

Jahon Oziq-Ovqat dasturi, jangarilar va hukumat kuchlari orasida janglar davom etayotgan xususan Hilmand viloyatida qiyinchiliklar bilan yuzlashmoqda. Yordam ortilgan mashinalar yo’llarda hujumga uchrashi aytiladi.

XS
SM
MD
LG