Breaking News

Qirg'izistonda anarxiyami, demokratiyami?


2005 yil mart oyidagi Lola inqilobi ketidan Qirg’izistonda siyosiy beqarorlik hukm surmoqda. Namoyishlar ortidan namoyishlar, hukumat, parlament va prezident iste’fosini talab qilgan chaqiriqlar so’nggi ikki yil ichida odatiy holga aylangan. Ayrimlar buni tabiiy demokratik hol desa, boshqalar Qirg’iziston anarxiyaga cho'kkan va bu hol davlat yaxlitligiga xavf solmoqda, demoqda.

Britaniyaning BBC teleradiokorporatsiyasida ishlagan, endilikda esa mustaqil jurnalist, yaqinda Bishkekda bo’lib qaytgan Shohida To’laganovaning aytishicha, Qirg’izistondagi jarayonlarni demokratik deb atashga to’liq asos bor.

“Demokratiya chaqaloqqa o’xshaydi. O’z rivojlanish bosqichlari bor. Qirg’izistondagi voqealar normal demokratik jarayondir.”

Shohida To’laganova fikricha Qirg’izistondagi voqealar negizida davlat rahbarlarining azaldan demokratiyaga moyilligi yotibdi. O’zbekistonda esa, deydi mustaqil jurnalist, bu moyillik kuzatilmagan.

“Qirg’iziston jamiyatida plyuralizm doim bo’lgan. Davlat boshqaruvi bir odamning qo’lida saqlanmagan. Muxolifat prezident hokimiyatini cheklay olgan. O’zbekistonda esa hokimiyat 2-3 odamning qo’lida. Bu esa O’zbekistonda Qirg’izistonda bo’lgani qonsiz inqilob bo’lmaydi, degani.

Qirg’izistonning AQShdagi elchisi Zamira Siddiqova nazarida o’zgarishlar uchun inqilobning o’zigina kifoya emas – siyosiy barqarorlikni ta’minlovchi siyosiy islohotlar ham o’tkazilishi kerak.

“Hokimiyat tepasida shakllangan kuchlar muvozanatsizligini tartibga keltirish uchun inqilobdan so’ng konstitutsion islohotlarni amalga oshirish kerak edi. Biroq bu mashaqqatli jarayon. Chunki inqilob kunlarida bir safda turgan, biroq keyinchalik o’z yo’lidan ketgan har bir siyosiy guruh davlat boshqaruvi va siyosiy muvozanat bo’yicha o’ziga xos qarashlarga ega.”

“Demokratiya va fuqarolik jamiyati uchun koalitsiya” deb nomlangan nohukumat tashkilot prezidenti, qirg’izistonlik siyosiy faol Edil Baysalov ham respublikada anarxiya emas, demokratik jarayonlar kuzatilayotganini va bu hol har bir boshlang’ich demokratik jamiyat uchun tabiiyligini ta’kidlaydi. Eng muhimi, deydi u, yirik davlatlar vaziyatga to’g’ri baho berishlari va mamlakat ichki ishlariga aralashmasliklari kerak.

“Mamlakatimizdagi jarayonlar demokratiyaning muhim sinovidir va biz undan o’zimiz o’tishimiz, saboqlarini o’zimiz o’rganishimiz zarur. Bu yo’lda xatolarga yo’l qo’yilishi ehtimoldan xoli emas. Chet-eldagi hamkorlarimiz oldida turgan asosiy vazifa – respublikadagi jarayonlarning barcha ishtirokchilarini zo’ravonlikka berilmaslikka chaqirish.”

Mutaxassislar fikricha, Qirg’izistonda hokimiyat tepasida Qurmanbek Bakiyevning qolishi yoki hokimiyatga yangi rahbarning kelishi muhim ahamiyat kasb etmaydi, chunki respublika boshqaruvi bir shaxs qo’lidan chiqqan va islohotlarni boshdan kechirayotgan tizim ixtiyoriga o’tmoqda.

XS
SM
MD
LG