AQShda MBA sohasida bilimini charxlayotgan o'zbekistonliklar


Jahonning eng nufuzli va ko’p maosh to’lanadigan kasblari ro’yxatida biznes va moliya hamisha eng yuqori satrlarni egallab kelgan. Bugun ham aksariyat talaba yoshlar MBA, ya’ni biznes boshqaruvi bo’yicha magistr diplomini qo’lga kiritishni orzu qiladi.

Amerikada bu ixtisoslik bo’yicha har yili minglab mutaxassis yetishadi, ularning ko’pi chet elliklar, jumladan o’zbekistonliklar.

Yashar Ahmedov ismli tinglovchimiz bizga shunday savol bilan murojaat qilmoqda.

Institutni tamomlagach, AQShda MBA, ya’ni biznes boshqaruvi yo’nalishi bo’yicha o’qish niyatidaman. Qo’shma Shtatlarda bu ixtisoslik bo’yicha grant, moliyaviy yordam, olish mumkinmi?

Albatta. Nyu-Yorkdagi Kolumbiya Universitetida (University of Columbia) xalqaro moliya va biznes yo’nalishida magistrlik darajasi uchun tahsil olayotgan o’zbekistonlik talaba Farhod Murodov bunga yaqqol misol bo’la oladi.

Farhod Murodov: "Yiliga 50 ming AQSh dollari to’lab, universitetda o’qishga hammaning ham qurbi yetmaydi, albatta. Men o’qishimni scholarship, grant va bank krediti yordamida qoplayapman. Ammo, umuman olganda, universitetga hujjat topshirayotgan talabaning oldida turgan asosiy vazifa - pul to’lash emas, balki unga kira olish. Kolumbiya Universitetining ustivor siyosati ham shundan iborat – talaba o’z oldiga moliyaviy savollarni qo’ymasligi darkor. Chunki talabaning fuqaroligi, dini, millati, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar, universitet unga moliyaviy yordam beradi”.

Amerika Ovozi: Xo’sh, deylik, markaziy osiyolik talaba AQShda MBA ixtisosligi bo’yicha ta’lim olmoqchi. Dastlab ishni nimadan boshlash lozim?

Farhod Murodov: “O’zimning tajribamdan kelib chiqib, shuni aytishim mumkinki, hujjatlarni tayyorlashga bir yarim yil vaqtim ketgan. Birinchi yetti oy davomida, deylik, Garvard, Yel, Kolumbiya yoki Prinston universitetlarida mavjud dasturlar, o’qituvchi-professorlar, o’qitish uslubi va farqlarni o’rganishga harakat qildim. Keyingi to’qqiz oy mobaynida esa har kuni kamida uch-to’rt soat tayyorgarlik ko’rdim”.

Xalqaro moliya va biznes sohasida Kolumbiya Universitetida magistrlik unvoni uchun o’qiyotgan yana bir o’zbekistonlik talabaning bu boradagi tajribasi shunday:

O'zbekistonlik talaba: “Men Garvard, Kolumbiya va Nyu-York Universitetiga topshirdim. Shulardan Kolumbiya Universiteti meni qabul qildi. Albatta, hujjatlarni internet orqali ham jo’natish mumkin. Men barcha qog’ozlarni bevosita pochta orqali yo’llaganman”.

Bugungi kunda O’zbekistonda AQSh ta’lim dasturlari yo’q hisob. Bunday vaziyatda o’zbekistonlik talabalarning qo’lidagi eng samarali vosita – internet. AQShdagi har bir universitet internetda o’z veb sahifasiga ega.

Ba’zida yoshlar Qo’shma Shtatlarga u yoki bu sabab, masalan, sayohat, xizmat safari bilan yoki mehmon bo’lib keladi. Ana shunday imkoniyatdan unumli foydalanib, AQShdagi universitetlarda muntazam o’tkaziladigan ochiq eshiklar kuni, yig’ilish va tadbirlarda qatnashgan ma’qul.

Farhod Murodov: “Men o’qishga kirishimdan oldin Jorjiya shtatining Atlanta shahrida bo’lgan edim. Ana o’sha paytda universitetlar bilan bo’glanib, e-mail yo’llab, qabul komissiyasi a’zolari va professorlar bilan tanishdim. AQShdagi har bir shaharda universitetlarning vakolatxonalari mavjud. Odam istagan payt kelib, universitet bitiruvchilari yoki talabalari bilan muloqot qilishi mumkin”.

Qo’shma Shtatlarda biznes yo’nalishida o’qishni xohlagan talaba qator sinovlardan o’tishi va turli talablarga javob berishi kerak.

O'zbekistonlik talaba: “Universitet qabul hay’ati abiturientning ish tajribasiga qaraydi. Masalan, bakalavr diplomiga ega kishi biznes sohasida kamida uch-to’rt yillik ish tajribasiga ega bo’lishi lozim. Bu juda muhim omil. TOEFL, GRE va GMAT kabi kirish imtihonlaridan olgan baholarga ham qaraladi.

Internet sahifamiz - amerikaovozi.comdan foydali manbalar va qo’llanmalarni topishingiz mumkin.

Savollarni uzbek@voanews.com ga yo’llayvering.

XS
SM
MD
LG