Qirg'izistonda muxolifat prezident iste'fosini talab qilmoqda


Qirg’izistonda muxolifat prezident Kurmanbek Bakiyevning iste’foga chiqishini talab qilmoqda. Bishkekda ommaviy namoyishlar davom etmoqda.

Qirg’iziston poytaxti Bishkek shahrida muxolifat g’alabaga ishonch bilan prezidentga qarshi muddatsiz namoyishlarni oltinchi kun davom ettirmoqda.

Ammo prezident Bakiyev iste’foga ketishga shoshilayotgani yo’q. Prezident o’tgan hafta xorijiy ommaviy axborot vositalariga bergan interv’yusida konstitutsiyaviy islohotlar qadam ba qadam amalga oshayotganini ta’kidlagan.

Shanba va yakshanba kunlari muxolifat va prezident tarafdorlari o’rtasida to’qnashuvlar kuzatilgan. Namoyishchilarga bir guruh sportchi yoshlar hujum qilgani aytiladi. Natijada bir necha fuqaro va mahalliy jurnalistlardan biriga tan jarohati yetkazilgan.

Ma’lumotlarga ko’ra, sportchlardan ayrimlari muxolifat a’zolari tomonidan qo’lga olinib, militsiya xodimlariga topshirilgan. Ichki Ishlar vaziri Bo’lo’t No’g’o’yboyev bu hodisa bo’yicha jinoyat ishi ochilganini ma’lum qilgan.

Muxolifat a’zolaridan biri Melis Eshimqanov namoyish ishtirokchilarini huquqbuzarliklarga yo’l qo’ymaslikka, ig’volarga uchmaslikka chaqirgan.

“Biz oq yo’ldan, to’g’ri yo’ldan boryapmiz. Bakiyevni qonuniy yo’l bilan, konstitutsiya yo’li bilan, silliqlik va odamgarchilik yo’li bilan yaqinda iste’foga chiqaramiz”, – degan Melis Eshimqanov.

Shuningdek, muxolifat safida 5 apreldan 11 aprelga qadar ochlik e’lon qilgan norinlik Beknazar Aqunovning noxos o’limi ko’plab savollarni paydo qilgan.

Ichki Ishlar vazirligiga ko’ra, Beknazar Aqunov ochlik amaliyotidan keyin Norin shahar meriyasiga borib, mast holda janjal chiqargan va u shahar militsiyasi tomonidan bezoriligi uchun qamab qo’yilgan. 15 aprel kuni kechqurun u tergov hibsxonasidan osilgan holda topilgan.

Muxolifat hukumatdan Beknazar Aqunovning o’limi yuzasidan maxsus tekshiruv o’tkazishni talab qilgan. Namoyishchilar oldida so’zga chiqqan bishkeklik fuqaro Denis Verholantsev muxolifatdan ortga chekinmaslikni so’ragan:

“Nima uchun xalq ko’chaga chiqadi? Chunki biz ko’chaga chiqsak, hukumat ishlay boshlaydi. Shuning uchun, kelinglar, talabimiz amalga oshishi uchun oxirigacha turaylik”, – degan u.

Shuningdek, Qirg’iziston Milliy Xavfsizlik Xizmatining sobiq raisi Qaliq Imanqulov ham muxolifatning Birlashgan Front safiga qo’shilganini ma’lum qilgan. Uning aytishicha, o’zining muxolifat safiga o’tishiga kuyoviga qarashli avtomobilning hukumatparast kuchlar tomonidan yoqib yuborilgani sabab bo’lgan.

Birlashgan Front yetakchisi Feliks Qulov jurnalistlar bilan uchrashuvda muxolifatga qarshi fitnalar kutilayotganini, ba’zi muxolifatchilar qamoqqa olinishi mumkinligini aytgan.

Feliks Qulovga ko’ra, tahdid kuchaygan taqdirda, muxolifat ham Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasiga a’zo davlatlar va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotidan Qirg’izistonga siyosiy kuzatuvchilar yuborilishini talab qiladi.

“Bugun bizning yurtimiz tiz cho’kkan emas. Bugun bizga butun dunyo qarab turibdi va hamma bizga havas qilyapti. Chunki biz to’g’ri yo’lda ketyapmiz. Yashasin Qirg’iziston”, – deya murojaat qilgan Feliks Qulov o’z tarafdorlariga.

XS
SM
MD
LG