Breaking News

Chikago shahri - Olimpiada mezbonligiga nomzod


2016 yilgi yozgi Olimpiya o’yinlariga mezbonlik qilish uchun da’vogar-shaharlar soni oshar ekan, AQSh Chikago shahrini ko’rsatmoqda. Ichki musobaqada Chikago Olimpiya o’yinlariga ikki marotaba mezbonlik qilgan Los-Anjelesni ortda qoldirdi.

AQSh Olimpiya Qo’mitasi raisi Piter Ueberrot Chikagoni nomzod-shahar, deb e’lon qildi.

"Agar mumkin bo’lganda edi," dedi u, "har ikkala shaharni ham da’vogar sifatida ko’rsatsa bo’lardi, chunki Chikago ham, Los-Anjeles ham bu borada yuksak tayyorgarlikni namoyish etgan."

"Olimpiya harakatining nafaqat mamlakatimizga, balki butun dunyoga ham ta’siri katta," dedi Chikago meri Richard Deyli xursandchiligini yashirmay. "Bu borada ish olib borish hukumat yoki siyosat bilan shug’ullanishdan sezilarli farq qiladi. Olimpiya o’yinlari insoniylik fazilatini aks ettiradi."

Olimpiya o’yinlari Qo’shma Shtatlarda to’rt marotaba o’tkazilgan: 1932 va 1984 yillarda Los-Anjeles shahrida, 1904 yili Sent-Luis shahrida va 1996 yili Atlantada.

Bu safar esa Chikago shahri o’z omadini sinab ko’radi. Chikago Olimpiya mezboni sharafiga muyassar bo’lish uchun avvalombor sport infratuzilmasini takomillashtirishi, ya’ni Olimpiya shaharchasi hamda 80 ming o’rinlik va qiymati 366 million dollarlik bosh stadion qurishi kerak bo’ladi. Ana undan keyin esa boshqa davlatlardan nomzod-shaharlar Madrid, Praga, Rim, Rio-de-Janeyro va Tokiolardan ustunligini namoyish etishi kerak.

2016 yilgi yozgi Olimpiya o’yinlari mezboni 2009 yil oktyabrida ma’lum bo’ladi.

XS
SM
MD
LG