AQSh oliygohida qatliom, suiqasdchi 32 kishi va o'zini o'ldirgan


Amerika kecha mamlakat oliygohida yuz bergan qatliomda hayoti uzilgan kishilarga motam tutmoqda, shuningdek uning sababini aniqlashga urinmoqda.

Virjiniya (Virginia) shtatining Bleksburg (Blacksburg) shahrida joylashgan Virjiniya texnologiya universitetida (Virginia Tech College) qurollangan bir kishi 32 kishi otib o’ldirgan, keyin esa o’z hayotiga nuqta qo’ygan.

Qurolli shaxs 23 yoshli janubiy koreyalik talaba - Cho Syung Xui bo’lgan. U avval o’zi turgan yotoqxonada ikki kishini otib o’ldirgan, so’ng qo’shni yotoqxonaga o’tib, yana 30 kishining hayotiga qasd qilgan. 15 kishi yaralangan. Jinoyat sabablari haligacha noma’lum.

AQSh ilm maskanlaridan tarixda bu qadar dahshatli otishma kuzatilmagan.

AQSh konstitutsiyasiga binoan fuqarolar qurolga egalik qilish huquqiga ega. Ayrim shtatlar buni taqiqlaydi, lekin Virjiniya fuqarolari qurol sotib olishi, yonida olib yurishi mumkin.

AQShda qurolga egalik qilish bo’yicha ikkiga bo’lingan.

Ayrimlar o’zini-o’zi himoya qilish imkoniyati hammaga berilishi kerak desa, boshqalar fikricha esa ushbu qonun mas’uliyatsiz odamlarga ham qurolni osonlikcha qo’lga kiritishga imkoniyat beradi va oxir-oqibatda kechagidek fojialarga sabab bo’ladi.

Prezident Jorj Bush rafiqasi Lora bilan oliygohga tashrif buyurib, hamdardlik bildirdi.

AQSh tarixida universitet va maktablarda otishmalar ko’p marta kuzatilgan. Biroq 16 aprel kungisi eng fojialisidir.

1966 yili Texas universitetida bir talaba 16 kishini, 1999 yilda esa Koloradodagi maktabda ikki o’quvchi 13 kishini va 2006 yil esa Pensilvaniyadagi maktabda bir kishi besh nafar qizni otib o’ldirgan.

Kechagi hodisa AQShda qurolga egalik qilish bo’yicha munozaralarni davom ettirishi mumkin.

Oq Uy so’zlovchisi Dana Perinoning aytishicha, prezident Bush qurolga egalik qilish fuqarolarning konstitutsion huquqi ekanini tan oladi va bu boradagi qonunga o’zgartirishlar kiritmaydi.

"Huquqni suiste’mol qilgan odamlar qonun oldida javob beradi”,- deydi Oq Uy vakili.

XS
SM
MD
LG