Zbignev Bjezinskiy: AQSh tashqi siyosatini o'zgartirishi lozim


70-yillar oxirida prezident Jimmi Karterning xavfsizlik maslahatchisi bo’lgan Zbignev Bjezinskiyning aytishicha, AQShning so’nggi uch prezident davrida yo’l qo’yilgan xatolar AQShning jahondagi mavqesi va obro’siga katta putur yetkazgan.

Yaqinda chiqqan kitobida Bjezinskiy darz ketgan global mavqeni tiklash uchun nimalar qilinishi kerakligi haqida yozadi.

Kitob “Ikkinchi imkoniyat: Uch prezident va inqirozga uchragan Amerika qudrati” deb nomlanadi. Unda Zbignev Bjezinskiy so’nggi uch AQSh prezidenti davridagi tashqi siyosatni tahlil qiladi.

Bjezinskiy prezident Bushning otasi to’ng’ich Bushga u olib borgan siyosati uchun to’rt baho qo’yadi. To’ng’ich Bush, deydi u, Sovet Ittifoqi qulayotgan paytda o’zini to’g’ri tutgan va Quvaytning Saddam Hussayn tomonidan bosib olinishiga nisbatan xalqaro hamjamiyatni birday harakat qilishga unday olgan.

Biroq, deydi Bjezinskiy, to’ng’ich Bush AQShning jahondagi siyosiy mavqesidan Rossiyani haqiqiy demokratik jamiyatga aylantirishda yoki AQShning birinchi Iroq urushidagi g’alabasidan Isroil-Falastin tinchlik jarayonini jadallashtirishda foydalana olmagan.

Sobiq prezident Bill Klintonga esa Bjezinskiy uch baho beradi. Sobiq prezident Yaqin Sharqda tinchlik o’rnatish uchun ko’p ishlar qilgan va Bolqondagi mojaroni hal qilish uchun NATOni dadil harakat qilishga chorlagan, biroq xalqaro savdo masalasida globalizatsiya jarayonining salbiy iqtisodiy ta’sirini hisobga olmagan, deydi Bjezinskiy.

Eng past, “2” bahoni Bjezinskiy amaldagi prezident kenja Jorj Bushga beradi. Uning davrida, deydi Bjezinskiy, AQSh qudrati va ta’siri jahon bo’ylab keskin susaygan, bunga esa ikkinchi Iroq urushi va 2003 yilda boshlangan istiloning haligacha davom etishi sababdir.

AQShning Iroq va Yaqin Sharqdagi siyosati tanqidchilaridan hisoblangan Zbignev Bjezinskiy Bush ma’muriyatining terrordek mavhum g’oyaga qarshi global urush e’lon qilganini xato deydi.

"Terrorga qarshi kurashish kerak, albatta. Biroq shu bilan birga uni keltirib chiqarayotgan siyosiy omillar bilan ham shug’ullanish zarur. Buning uchun boshqa davlatlar bilan hamkorlik qilish kerak. Biz esa hozir terror haqida o’zimiz bong urmoqdamiz xolos va bu bilan o’zimizning jamiyatimizga qo’rquv urug’larini sochmoqdamiz."

Bjezinskiy nazarida prezident Bush “islomiy fashistlar” kabi iboralarni ishlatish bilan mo’tadil musulmonlar va musulmon hamkor-davlatlarni o’zidan uzoqlashtirmoqda.

O’zining yangi kitobida sobiq davlat xavfsizlik maslahatchisi AQShning jahondagi obro’sini ko’tarish uchun nimalar qilinishi kerakligi haqida ham yozadi.

"Tashqi siyosatni o’zgartirish kerak. Jahon sahnasida o’zimizni boshqacha tuta boshlashimiz kerak. Obro’mizga yetgan zararni tiklash uchun ko’p vaqt kerak bo’ladi," deydi Zbignev Bjezinskiy.

XS
SM
MD
LG